Tramp Kanadaning oldiga ikki shart qoʻydi: “Oltin Gumbaz” yoki AQSH tarkibi

13:52 29 May 2025 Dunyo
327 0

AQSH prezidenti Donald Tramp Kanada “Oltin Gumbaz” raketalarga qarshi mudofaa tizimida ishtirok etmoqchi boʻlsa, 61 milliard dollar toʻlashi kerakligini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, agar Kanada AQSH tarkibiga qoʻshilishni tanlasa, mazkur tizimga bepul kirish imkoniga ega boʻladi.

Tramp bu haqda “Truth Social” tarmogʻidagi postida maʼlum qilib, Kanada “Oltin Gumbaz” tizimiga qoʻshilishni qatʼiy istashini va hozirda taklifni koʻrib chiqayotganini aytdi. Uning ushbu bayonoti Kanada parlamentida Britaniya qiroli Charlz III mamlakat suvereniteti haqida qilgan nutqidan soʻng yangradi.

Kanada bosh vaziri Mark Karni esa CBC telekanaliga bergan intervyusida mamlakat 1-iyulgacha “Qayta qurollanayotgan Yevropa” loyihasiga qoʻshilishga umid bildirib, AQSH qurollariga boʻlgan qaramlikni kamaytirishni maqsad qilganini aytdi.

Tramp “Oltin Gumbaz” loyihasi qiymatini taxminan 175 milliard dollar deb baholadi va uni 2029-yilgacha toʻliq amalga oshirishni rejalashtirganini maʼlum qildi. U dastlabki 25 milliard dollarni “Katta, goʻzal qonun loyihasi” orqali taʼminlashni koʻzlamoqda. Mazkur qonun Respublikachilar nazoratidagi Vakillar Palatasida qabul qilingan boʻlib, hozirda Senat muhokamasi kutilayotir.

Qonun harbiy va chegara xavfsizligi xarajatlarini oshiradi, ammo tibbiy yordam va oziq-ovqat kabi ijtimoiy dasturlarning mablagʻlarini qisqartiradi.

“Oltin Gumbaz” Isroilning “Temir Gumbaz” tizimiga asoslangan. Isroil maydoni AQSHning Nyu-Jersi shtatiga teng boʻlsa-da, AQSH boʻylab bunday tizimni qanday kengaytirish rejalashtirilgani hali aniq emas. Shuningdek, “Temir Gumbaz” qisqa masofali (1000 km gacha) raketalarni tutishga moʻljallangan, AQSH esa asosan uzoq masofali ballistik va gipertovushli raketalar tahdidiga duch keladi.

Tramp oʻtgan hafta birinchi marta kosmosga qurol joylashtirish boʻyicha batafsil rejalarini ochiqlagan edi. Bu reja Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreya tomonidan tanqid qilindi.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Mao Ning bu tashabbusni “kosmosni jang maydoniga aylantirish va xalqaro xavfsizlikka tahdid” deb baholadi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa “Global raketaga qarshi mudofaa tizimi strategik barqarorlik poydevorini yemiradi”, — deya bayonot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер