Tramp, Aliyev va Pashinyan Vashingtonda uchrashadi

Illyustrativ foto
Armaniston Vazirlar Mahkamasi Vashingtonda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, AQSH prezidenti Donald Tramp va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev oʻrtasida rejalashtirilgan uchrashuv haqidagi maʼlumotni tasdiqladi. Manbaga koʻra, Pashinyan 7-8-avgust kunlari AQSHda boʻladi.
Qayd etilishicha, Armaniston bosh vaziri Vashingtonda Tramp bilan Armaniston va AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga bagʻishlangan ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazadi. Bundan tashqari, u Tramp va Aliyev bilan Janubiy Kavkazda tinchlik, farovonlik va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan uch tomonlama uchrashuv oʻtkazadi.
“Washington Post” gazetasining yozishicha, Aliyev va Pashinyan Vashingtondagi muzokaralardan soʻng Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasida tinchlik kelishuvi imzolanishini eʼlon qilishlari mumkin.
Shu yilning 19-iyul kuni Ozarbayjon prezidenti Boku va Yerevan tinchlik shartnomasini imzolashga yaqin ekanini aytgandi.
“Tinchlik shartnomasi ikki masala hal qilinganidan soʻng darhol imzolanishi mumkin. Bular Armaniston Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Minsk guruhini tarqatib yuborish”, — degan edi Aliyev III Shusha global media forumida.
Shu yilning iyun oyida Aliyev Armaniston “harbiy jinoyatchi davlat” ekanini aytgandi. Uning soʻzlariga koʻra, Yerevan Ozarbayjonning fuqarolik infratuzilmasi va tinch aholisiga qarshi agressiv harakatlarni amalga oshirgan.
2025-yilning mart oyida Armaniston va Ozarbayjon tinchlik shartnomasini imzolash boʻyicha kelishuvga erishdi. 17 moddadan iborat hujjatda bir-birining chegaralari va hududiy yaxlitligi oʻzaro tan olinishi qayd etilgan. Ushbu kelishuvlar asosida tomonlar chegarani demarkatsiya qilish, diplomatik munosabatlarni tiklash jarayonini boshladilar, shuningdek, ushbu hududlarda uchinchi davlat qurolli kuchlarini joylashtirmaslik majburiyatini oldilar.
Bundan tashqari, tomonlar xalqaro tuzilmalar daʼvolarini qaytarib olishga va kelishuv tuzilgunga qadar yuzaga kelgan bahsli masalalarni koʻrib chiqishdan bosh tortishga kelishib olgan.
Oʻz navbatida, Tramp ham Boku va Yerevan tinchlik bitimini tuzishga yaqin ekanini aytdi.
“Armaniston, Ozarbayjon, biz u yerda moʻjiza yaratdik va u (tinchlik shartnomasi – tahr.) allaqachon maqsadga yaqin”, — dedi Oq uy rahbari.
Shu yilning 10-iyul kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxtida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muzokaralar ishtirokchilari muloqotni davom ettirish, shuningdek, Yerevan va Boku oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlash choralarini koʻrishga kelishib oldilar. Muloqot ikki tomonlama munosabatlarni normallashtirish bilan bogʻliq masalalarni hal etishning eng samarali formati ekani qayd etildi.
Armaniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ani Badalyan BAAdagi uchrashuvni muvaffaqiyatli deb atadi. U Pashinyan va Aliyev oʻrtasidagi bu suhbat tinchlik jarayonini yanada amalga oshirish uchun jiddiy asos boʻlishi mumkinligiga ishonch bildirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring