Tojikiston — Qirgʻiziston chegarasida vaziyat murakkablashmoqda. Xalqaro tashkilotlar tomonlarni murosaga chaqirmoqda

02:11 17 Sentyabr 2022 Dunyo
2361 0

Arxiv surat

Joriy yilning 16-sentyabr kuni ertalab Qirgʻiziston va Tojikiston chegaradagi bir qancha hududlarda otishma boshlandi.

Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi Chegara xizmati maʼlumotlariga koʻra, taxminan soat 6:00da Tojikiston tomoni chegara otryadlari va qirgʻiz tomoni pozitsiyalarini oʻqqa tuta boshlagan. Keyinroq Tojikiston tomoni Leylek va Botken viloyatlaridagi chegara postlari va chegara qishloqlarini minomyotlardan oʻqqa tutgan. Ushbu hududda otishmalar 14-sentyabr kuni ham boʻlib oʻtgan edi va hozirgacha davom etmoqda.

Qirgʻiziston sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 87 kishi tan jarohati olgan. Vafot etganlar ham bor. Qirgʻiz-tojik chegarasidagi qurolli toʻqnashuv natijasida Botken va Leylek tumanlaridagi yetti qishloq, shuningdek, Oʻsh viloyatining Choʻn-Olay tumanidagi Jekendi qishlogʻi aholisi uylarini tashlab ketgan.

Qirgʻiziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi chegara xizmati Qirgʻiziston va Tojikiston maxsus xizmatlari rahbarlari Qamchibek Tashiyev va Saymoʻmin Yatimov soat 16.00 da oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishib olgani haqida rasmiy bayonot bergan edi.

Shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitida ishtirok etayotgan Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ham ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazib, oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishib olgandi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu kelishuvlardan keyin bir muddat sukunat hukm surgan. Qirgʻiziston tomoni oʻt ochishni butunlay toʻxtatgan, Tojikiston tomoni esa uning intensivligini pasaytirgan. Ammo Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi chegara xizmatining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, Tojikiston tomoni yana oʻq uzishni boshlagan.

Oʻz navbatida Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi (TMXDQ) chegara qoʻshinlari Qirgʻiziston Tojikistondagi fuqarolik obyektlariga dron va vertolyotlar bilan zarba berayotganini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvlarga erishilgandan bir yarim soatdan soʻng Qirgʻiziston Tojikistonning aholi punktlariga ogʻir qurollardan oʻq uzishni davom ettirgan.

Maʼlum qilinishicha, Tojikistonning Bobojon Gʻofurov tumanidagi Ovchi-Qalʼacha mahallasi, Isfara shahrining Vorux va Chorkuh jamoatlari Qirgʻiziston tomonidan oʻqqa tutilgan.

“Qirgʻiziston harbiy vertolyotlar va hujumchi dronlardan foydalangan holda Tojikistondagi turar-joy binolari va fuqarolik obyektlariga havodan hujum uyushtirayotgani xavotir uygʻotadi”, deyiladi TMXDQ bayonotida.

Shuningdek, Qirgʻiziston tomoni Qirgʻiziston Respublikasining Botken viloyati markazidan Tojikiston bilan chegaradosh viloyatlarga qoʻshimcha kuch va vositalarni oʻtkazayotgani xabar qilingan.

Turkiy davlatlar tashkiloti fuqarolik infratuzilmasiga ogʻir qurollardan foydalangan holda tajovuzni qoralaydi

Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) tinch aholiga, fuqarolik infratuzilmasiga, jumladan, maktablarga qarshi ogʻir qurollardan foydalangan holda tajovuzni qoralaydi. Bu haqda tashkilot saytida bayonot berildi.

“Turkiy davlatlar tashkiloti tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmasiga, shu jumladan maktablarga nisbatan ogʻir harbiy qurollardan foydalangan holda hujumni qoralaydi va hodisani hal qilishda vazminlik va mavjud tinch yoʻl bilan keskinlikni yumshatish doirasida tezkor choralar koʻrishga chaqiradi”, deyiladi murojaatda.

Yevropa Ittifoqi Qirgʻiziston va Tojikistonni kelishmovchiliklarni tinch yoʻl bilan hal qilishga chaqirdi

Yevropa Ittifoqi Qirgʻiziston va Tojikistonni har qanday kelishmovchilikni tinch yoʻl bilan va diplomatik yoʻl bilan hal qilishga chaqirdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi bayonotida aytiladi.

“Soʻnggi kunlarda Qirgʻiziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi chegaraning turli uchastkalarida chegarachilar oʻrtasida shiddatli toʻqnashuvlar sodir boʻldi. Umumiy chegara boʻylab bunday keskinlashuv mintaqaviy barqarorlikka zarar keltiradi. Yevropa Ittifoqi juma kuni erishilgan sulh bitimini olqishlaydi. Biz har ikki tomonni oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvining samarali amalga oshirilishini taʼminlashga va keskinlikni kamaytirish va mavjud kelishmovchiliklarga imkon qadar tezroq barqaror yechim topish uchun barcha saʼy-harakatlarni qilishga chaqiramiz. Biz har qanday kelishmovchilikni tinch, diplomatik yoʻl bilan hal qilishga chaqiramiz. Yevropa Ittifoqi oʻzining yordam taklifini, shuningdek, mintaqadagi barqarorlik va farovonlik uchun kuchli siyosiy yordamni davom ettirishini tasdiqlaydi”. deyiladi Yevropa Ittifoqi bayonotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер