Toza va qulay atrof-muhit — inson huquqlarini ta’minlash kafolati

20:03 27 Fevral 2025 Jamiyat
326 0

2025-yilning 27-fevral kuni Toshkent shahrida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) institutining 30-yilligi munosabati bilan “Toza va qulay atrof-muhit — inson huquqlarini ta’minlash kafolati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Mazkur tadbir inson huquqlari va atrof-muhit o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni aks ettirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va fuqarolarning toza muhitda yashash huquqini mustahkamlashga qaratilgan. Shuningdek, tadbirda xorijiy davlatlarning Ombudsmanlari, milliy institutlar, vakolatli davlat organlari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida tajriba almashish va hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiya Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Konrad Adenauyer hamda Fridrix Ebert jamg‘armalari hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda 20 dan ortiq xorijiy davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Avstriya, Vengriya, Italiya, Marokash, Moldova, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Serbiya, Turkiya, Ummon, Finlyandiya, Qatar, Qirg‘iz, Qozog‘iston, Tailand Tojikiston, Turkmaniston Ombudsman institutlari hamda inson huquqlari himoyachilari, Xalqaro Ombudsman Instituti, Yevropa Ombudsman Instituti hamda Osiyo Ombudsmanlar Assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etishdi.

Shuningdek, tadbirda deputat va senatorlar, Bolalar ombudsmani, Biznes ombudsman, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda qator davlat tashkilotlari vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi komissiya a’zolari, fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, oliy ta’lim muassasalari hamda OAV vakillari qatnashishdi.

Xalqaro konferensiyani ochib bergan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlashda Ombudsman institutining o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalishdi.

Ta’kidlanishicha, 1995-yil 23-fevralida Ombudsman instituti MDH davlatlari orasidan O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib joriy etildi. O‘tgan davr mobaynida bevosita fuqarolar murojaatlari bilan ishlovchi Ombudsman faoliyatiga inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi zamonaviy va samarali mexanizmlari tadbiq qilindi. Vakilning murojaatlar bilan ishlash jarayoni to‘liq raqamlashtirildi va fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratildi. 2022-yildan Obudsmanning mintaqaviy vakillarining doimiy asosda ish boshladi va bu murojaatlarni joyida tezkorlik bilan xal etilishiga hizmat qilmoqda.

Qolaversa, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi. Ahamiyatlisi, Ombudsman fuqarolar murojaatlari asosida hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga hukumat e’tiborini qaratib kelmoqda.

Ma’lumki, bugungi kunda ekologik vaziyatning keskin o‘zgarishi, havo va suv resurslarining ifloslanishi, tuproqning eroziyaga uchrashi va cho‘llanish jarayonlarining kuchayishi insoniyatga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda. Bioxilma-xillik, yerosti boyliklar va o‘rmonlarning kamayib borishi tabiiy muvozanatni izdan chiqishiga sabab bo‘layotgan omillardandir. Bu esa nafaqat atrof-muhitga, balki insonlarning kundalik hayoti, sog‘lig‘i va mehnat sharoitlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi sir emas.

Xalqaro konferensiya o‘z ishini sessiyalarga bo‘lingan holda olib bordi. Hozirgi kunda ekologik vaziyatning keskin o‘zgarishi, havo va suv resurslarining ifloslanishi, tuproq eroziyasi va cho‘llanish jarayonlari insoniyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Konferensiyada mazkur muammolar va ularning inson huquqlariga ta’siri muhokama qilindi.

Tadbir doirasida Germaniyaning Fridrix Ebert jamg‘armasi bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi va tadbir yakunida Toshkent rezolyutsiyasi qabul qilindi.

“Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер