“Toza hudud” masʼullari nega javob bermaydi?

19:46 26 Noyabr 2025 Jamiyat
342 0

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda chiqindilarni toʻplash va tashish xizmatlari sifatini oshirish, shuningdek, bu sohada tadbirkorlikni faol jalb etish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Ammo Furqat tumani misolida koʻrinadiki, masʼullar beeʼtiborligi va fuqarolarning murojaatlariga bepisand munosabat oqibatida chiqindilarni samarali boshqarishda jiddiy muammolar hali ham bartaraf etilmayapti. “Toza hudud” korxonasi masʼullari nima uchun oʻz vazifasiga loqaydlik bilan qaramoqda? Haftalab, hatto oylab chiqindilar toʻplanib qolmoqda. Aholi salomatligi va atrof-muhitga taʼsiri haqida kim qaygʻuradi?

“Furqat marjoni – 2020” MCHJ xodimlari oʻzlarini faol koʻrsatyapti, ammo amaliy natija qoniqarli emas. Chiqindilarni olib chiqish jadvali haftada kamida ikki marta bajarilishi lozim boʻlsa-da, amalda bir oyda faqat bir marta texnika kelishi kuzatiladi. Bu esa mahallalarda chiqindilar yigʻilib, havo ifloslanishi va hasharotlar koʻpayishiga olib kelmoqda.

— Chiqindi tashish uchun har oyning oʻninchi sanasigacha toʻlov qilamiz. – deydi furqatlik isteʼmolchi Shohidaxon Boboyeva. – Biroq mashinalar har oyda bir marta keladi. Bu vaqtda chiqindilar yigʻilib ketadi, havo ifloslanadi, hasharotlar koʻpayadi.

Ayrim mahallalarda chiqindi tashish mashinalari belgilangan yoʻnalishlardan chetlab, hududlarning baʼzisi butunlay eʼtiborsiz qolmoqda. “Qushchi”, “Katta Yangi”, “Koʻkdoʻppi”, “Navbahor”, “Tomosha” kabi mahallalarda bir necha marta murojaat qilinganiga qaramay, natija deyarli yoʻq. Bu esa “Toza hudud” masʼuliyati va nazorat tizimi sust ekanligini ochiq koʻrsatadi. Mahalla vakillari va aholi muammoni belgilangan idoralarga qayta-qayta bildirmoqda. Masalan, “Qushchi” MFY raisi Iqboljon Usmonov joriy yilning oʻtgan davrida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining Fargʻona viloyati boshqarmasiga takror va takror murojaat qilgan. Maqsad – “Furqat marjoni - 2020” MCHJ masʼullarining chiqindilarni oʻz vaqtida olib ketmasligi, aholi salomatligi va atrof-muhitga jiddiy taʼsirning oldini olish edi. Ammo boshqarma rahbariyatidan kelgan javob xatlari deyarli bir xil: “Murojaatni oʻrganib chiqdik, chora koʻrildi” degan rasmiy munosabat bilan cheklanmoqda. Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: muammo obyekti boʻlgan tashkilotning oʻzi tekshiruvchi vazifasini bajarishi qanchalik toʻgʻri?

Furqat tumani masʼullari eʼlon qilganidek, aholi shikoyatlari boʻyicha tekshiruv ishlari boshlangan. Chiqindi tashish jadvallari qayta koʻrib chiqilmoqda. Ammo aholi fikri va haqiqiy amaliyot koʻrsatmoqdaki, bu saʼy-harakatlar hozircha natija bermayapti.

Prezidentimizning joriy yilda 14-oktyabrda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida mahallaning ozodaligi va aholi “mahalla yettiligi”ga alohida eʼtibor qaratilgan edi. Ammo ayrim mahalla, koʻcha va qurilishlar atrofida sanitar talablar hali ham bajarilmayapti. Bu esa ekologik xavfni oshirmoqda, fuqarolarning sogʻligi tahdid ostida qolmoqda.

“Toza hudud” DUK faoliyatidagi masʼuliyatsizlik va kamchiliklar ochiq va yaqqol koʻrinadi. Muammoning haqiqiy yechimi — masʼullarning shaxsiy javobgarligini qatʼiy oshirish, chiqindi tashish tartibini qayta koʻrib chiqish va aholi bilan ochiq, nazoratli muloqotni yoʻlga qoʻyishdir. Agar bu amalga oshirilmasa, hudud tozaligi va aholi roziligi faqat qogʻozda qolaveradi.

Durdona GʻAFFOROVA,

jurnalist,

Fargʻona viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?