“Tovariщ” oʻzbekcha soʻzmi yoki ruscha? Yoxud oʻzga tillarni boyitgan oʻzbek soʻzlari

16:26 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
9171 0

Har bir til tarixiy taraqqiyot natijasida boyib boradi. Mazkur jarayon tilning oʻz ichki imkoniyatlari asosida va boshqa tillardan soʻz oʻzlashtirish orqali yuz beradi. Mamlakatlar va xalqlar oʻrtasida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-madaniy munosabatlarning kuchayishi, ayniqsa, bir-biriga qoʻshni xalqlarning oʻzaro aloqalari natijasida bir tildan boshqasiga yangi tushunchalarni ifoda qilgan soʻz-atamalar qabul qilinadi. Bugungi globallashuv zamonida bu jarayon yanada kuchaydi.

Turkiy til, jumladan, oʻzbek tilining gʻoyat boyligini, avvalo, Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur singari bobokalonlarimiz isbotlab ketgan. Rus va ukrain, forsiyzabon tillarga turkiy tillardan salmoqli soʻzlar oʻzlashgan. Yevropa tillari ham maʼlum miqdorda bundan bebahra qolmagan. Tilimizda shunday soʻzlar borki, koʻpchilik ularni boshqa tillardan oʻtgan deb oʻylaydi. Aslida oʻzimizniki boʻlgan bunday “jahongashta” soʻzlar sal oʻzgarib yana oʻzimizga qaytgan.

Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!

Turkiy tillardan rus tiliga oʻzlashgan soʻzlarning koʻpi bizga tanish. Masalan: “serga” (sirgʻa), “baxcha” (bogʻcha), “arыk” (ariq), “ochag” (oʻchoq), “karaul” (qorovul), “arbuz” (tarvuz), “bazar” (bozor), “plov” (palov), “kamыsh” (qamish), “karavan” (karvon), “arkan” (arqon), “tuman” (tuman), “ambar” (ombor), “kapkan” (qopqon), “saray” (saroy), “baklajan”, (baqlajon), “karakul” (qorakoʻl), “yesaul” (yasovul), “yeralash” (aralash), “berkut” (burgut) kabilarni aytish mumkin. Lekin rus tilidagi quyidagi soʻzlarning ham asli turkiy (oʻzbekcha) ekani hayratlanarli.

“Tovar” — tovar, mol-mulk, boylik, dunyo. Bu soʻz qadimgi turkiy tilda mavjud. Mahmud Koshgʻariy ham bu soʻzni oʻzining mashhur “Devonu lugʻatit turk” kitobiga kiritgan va yuqoridagi maʼnolarda qayd etgan. Hatto bu soʻz izohiga maqol ham uchraydi: “Tamugʻ qapugʻin achar tavar” (Tovar hatto jahannamdan ham eshik ochadi). Keyinchalik eski oʻzbek tilida soʻzning qoramol, yilqi maʼnolari ham ortgan. Rus tiliga koʻchgach, bu soʻzning maʼno koʻlami kengaygan: mol-mulk, boylik, dunyo maʼnolaridan tashqari pul, yilqi, harbiy oboz (ot-arava), mustahkamlangan qarorgoh kabilarni ham anglatgan.

“Tovariщ” — “tovar + esh”, yaʼni “tovar oʻrtoq”, tovar-mol vositasida birga ish qiladigan sherik. Bu soʻz oʻzbek tilida oʻrtoq, oshna, joʻra, ogʻayni, sherik kabi maʼnolarga ega.

“Ayva” — behi. Qadimda turkiy tilda avya boʻlgan. “Devonu lugʻatit turk”da shu shaklda keltirilgan. Tovushlar oʻrni almashgan, metateza hodisasi roʻy bergan. Xuddi: yogʻmir — yomgʻir, supra — surpa kabi.

“Kirpich” — gʻisht. Buni Koshgʻariy oʻz asarida koʻrsatgan: kerpich — kirpich, gʻisht. Bishigʻ kerpish — pishiq gʻisht. Xorazm shevalarida “karpich” deb hozir ham ishlatiladi. Adabiy tilimizdagi gʻisht — forsiycha. Navoiy hazratlari har ikkisini ham qoʻllagan:

Lab-balab ul may bila xumi sipehr,

Ogʻzidagʻi kirpich anga xishti mehr.

(“Hayrat ul-abror)

“Shtani” — ishton. Ishton “ich toʻn”dan kelib chiqqan.

“Kibitka” — bu soʻz rus tilida soyabon arava; oʻtov; arava soyaboni; paxsa uy kabi maʼnolarni anglatadi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida “kebit” soʻzi uchraydi. “Devonu lugʻatit turk”da kebit — ichkilik doʻkoni, mayxona deb izohlangan. Devonni nashrga tayyorlagan Solih Mutallibov “rus tilidagi “kibitka” soʻzi shu “kebit” soʻzidan boʻlsa kerak”, deydi. Bu soʻzning asli turkiy ekanligi koʻpgina rus turkologlari tomonidan eʼtirof etilgan.

“Kaftan” — “qop toʻn”dan kelib chiqqan. Keng-moʻl toʻn maʼnosida. Vamberi, Korsh, Dmitrev singari olimlar bu soʻzning turkiychadan oʻzlashganini yoqlaydilar. Rus lugʻatshunosi Dal “movutdan tikiladigan uzun etakli erkaklar ustki kiyimi” deb izohlagan. Navoiy asarlari uchun tuzilgan lugʻatlarda xafton (qapton) — ustdan kiyiladigan hashamli toʻn; sovut ostidan kiyiladigan toʻn deb koʻrsatilganki, bu ham ularning fikriga dalil.

Rus yerlarida yuzlab yillar davom etgan moʻgʻullar hukmronligi, Oltin Oʻrda davlatchiligi, Amir Temur saltanatining moʻgʻul xonliklari hududlariga koʻchishi boʻlgʻusi Rus davlatining iqtisodiy tuzumiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Bu tilda ham oʻz aksini topdi.

“Shashlыk” — Markaziy Osiyo xalqlarining, avvalo, koʻchmanchi aholining bu taomi shu nom bilan ruschaga oʻzlashgan. Odatda u qoʻy goʻshtidan metall yoki yogʻoch shish — sixda pishirilgan. “Shashlыk” kabob pishirishda ishlatiladigan temir maʼnosidagi shish soʻzidan kelib chiqqan. “Devonu lugʻatit turk”da sish shaklida qayd etilgan. Bu soʻz Lutfiyda shish, Navoiyda esa hozirgi kundagidek six shakllarida qoʻllangan:

Andoq soʻrung begimki, ne shish kuysa, ne kabob,

Ul gʻamzaning soʻziyu, koʻngul sharhi holini.

(Lutfiy)

Bazmning asbobini qilgʻil nasaq,

Hozir etub sixu, kabobu tabaq.

(Navoiy)

Navoiy asarlari tilida “shish” soʻzidan “shishlamoq” feʼli yasalganini koʻrishimiz mumkin:

Garchi ishq oʻtida koʻnglumni oʻqunggʻa shishlading,

Garm boʻlmakim, hanuz ne six kuymish, ne kabob.

(Navoiy)

Turk qardoshlarimizning mana bu maqoli yuqorida alloma shoirlarimiz mahorati bilan sheʼriy shaklga kirgan oʻzimizning oʻzbekona “Six ham kuymasin, kabob ham” maqoliga gʻoyat uygʻun boʻlishi bilan ushbu xalq donishmandligi namunasining ham, shish soʻzining ham turkiy xalqlar uchun qadimiy va xosligini koʻrsatadi: “Hem shish yagʻlanmali, hem kebap pishmeli”.

Bugungi kunda tilimizda faol boʻlgan “suzma”, “qaymoq”, “qatiq”, “qimiz”, “qurut”, “qatlama”, “qazi”, “yogurt” kabi soʻzlar “Devonu lugʻatit turk”da, tilimizning keyingi bosqichi boʻlgan eski oʻzbek tilida, ayniqsa, Alisher Navoiy asarlarida deyarli oʻzgarmasdan uchraydi. Bular allaqachon rus tili lugʻat tarkibini boyitgan. Faqat yogurt sal boshqacharoq boʻlgan.

“Yogurt”  Navoiyda jugʻrot shaklida uchraydi. Bu soʻz lugʻatda “qatiq” deb izohlangan. Buning misoli “Saddi Iskandariy”dan:

Ani uyga kelturdi tortib inon,

Ravon mohazar chekti jugʻrotu non.

Mazmuni: uni uyga keltirib, oldiga tayyor turgan jugʻrot va nonni qoʻydi. Jugʻrot hozir boshqa turkiy tillarda, xususan, tatar tilida ishlatiladigan “yugʻurt” soʻzining Navoiy davridagi shakli. Bu soʻzning “yogʻrut” fonetik shakli “Qutadgʻu bilig”da ishlatilgan: qimiz, sut ya yun yagʻ ya yogʻrut qurut (qimiz, sut yoki jun, yogʻ yoki qatiq, qurut). Yogurt turkiy tillardan rus tiliga oʻzlashib, hozir shu shaklda faol qoʻllanmoqda. Hatto ingliz tiliga ham oʻtib ulgurgan.

Oʻz soʻzlarimizni bilmasligimiz tufayli shunchalikka yetdikki, baʼzan bunday soʻzlarni boshqa tildan oʻtgan deb oʻylay boshladik. Bir necha yil ilgari televizorda Navoiy viloyatining hayvonot olami haqida koʻrsatuv boʻlib qoldi. Bu oʻlkaning turli yovvoyi hayvonlari haqidagi hujjatli film asli ruscha tayyorlangan boʻlib, oʻzbekchaga tarjima qilingan va suxandon shu matnni oʻzbekcha aytib bermoqda edi. Uning ovozi ostida dastlab yozilgan ruscha ovoz ham eshitilib turardi. Yirtqichlarga mansub choʻl hayvoni — qoraquloqlar haqida soʻzlar ekan, rusiyzabon boshlovchi uni oʻz nomi bilan, faqat ruscha talaffuzda atay boshladi: “karakulaki”. Ruschada “q” tovushi boʻlmaganidan shunday soʻzladi. Bizning tarjimonlarimiz qoraquloq aslida nima ekanini bilmaganidan uning ruscha ifodasini saqlab qolgani aniq. Oʻzbek suxandoni ham uni ruschaga ergashib aynan ayta boshladi: “karakulaklar shuncha yil umr koʻradi, karakulaklar falon-falon narsalar bilan oziqlanadi, karakulaklar mana bunday ov qiladi” va hokazo. Alisher Navoiy bobomizning soʻzlari yodga keladi:

Sen oʻzungni tonimas ermishsen,

Oʻz soʻzungni tonimas ermishsen.

Muhammad Yusuf Chingiyning XIX asrda yaratilgan “Kelurnoma” lugʻatida “qoraqulagʻ — “stepnaya rыs”, yaʼni choʻl silovsini deb keltirilgan. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida bu hayvonga batafsil izoh berilgan: Qoraquloq, karakal — mushuklar urugʻiga mansub sut emizuvchi hayvon.

Bu oʻrinda ham kamchilik mavjud: qoraquloqning ikkinchi nomi sifatida qomusiy lugʻatda qayd etilgan karakal aslida qoraxoldir. Bu turkiy-oʻzbekcha soʻzimiz nafaqat ruschaga, balki boshqa yevropa tillariga ham oʻzlashgan. Masalan, nemislar bu hayvonni karakal deyishdi.

“Stakan” — rus tiliga turkiy tillardan oʻzlashib, bunday shamoyilga kirgan bu soʻz eski oʻzbek tilida: tustagʻon — qimiz va may ichadigan yogʻoch idish; qozoq tilida: tostagan, tustagan — chogʻroq yogʻoch kosa; qirgʻiz tilida: tostukan — kamyob chogʻroq yogʻoch kosa kabi shakl va maʼnolarga ega boʻlgan. Vladimir Dal uni dostakan — qadimgi idish turi deb koʻrsatgan. Ye. N. Shipova oʻzining “Rus tilidagi turkizmlar lugʻati”da Dal, Yudaxin, Radlov singari tilshunoslarga asoslanib bularni qayd etgan. Ushbu kitobga besh mingga yaqin turkiy soʻzlar kiritilgan.

Hazrat Navoiy turkiy xalqning bir qavmi boʻlgan sodda, qoʻli ochiq, bagʻrikeng oʻzbekni suyib tasvir etgan oʻrinlar anchagina. Bulardan birida qozoq qardoshi kabi choʻl farzandi sanalgan oʻzbekning qimizu tustagʻonini madh etgan:

Halol ona sutidekdur gar oʻzbakim tutsa

Tobuk qilib, yukunib tustagʻon ichida qimiz.

Rus tilidagi “balbes” — “bilmas”dan, “kazna” — “xazina” yoki “gʻazna”dan, “dengi” — “tanga”dan, “kuraga” esa “quruq meva”dan olingan. “Inju” tilimizga xitoychadan, “ziyon” esa arabchadan oʻzlashgan. Ular tilimiz orqali rus tiliga “jemchug” va “izʼyan” boʻlib oʻtgan. “Kavardak” — “qovurdoq”. Asli qovurmoq feʼlidan kelib chiqqan bu soʻz bizda taomni bildirsa, ruslarda “yomon ovqat”, “tartibsizlik”, “xaos” maʼnolariga ega. “Kochevat”“kochevnik” oʻzimizdagi “koʻch” soʻziga borib taqaladi (koʻchmoq feʼlidan). “Loshad” — “alacha ot”, “alasha ot”, yaʼni past boʻyli ot; “kaban” — “qobon”, yaʼni yovvoyi choʻchqa; “mishen” — “nishon”, “bogatыr” — “bahodir”, “xozyain” — “xoʻjayin”. Bu juftlikdagi ruscha soʻzlar qanday kelib chiqqanini sezgandirsiz.

“Xozyain vzyal dengi iz kaznы i poshyol na bazar”. Bu jumladagi oltita soʻzdan toʻrttasi turkiy oʻzlashma.

Xullas, gʻoyat boy va qadimiy boʻlgan tilimiz (turkiy til) oʻz tarixi davomida rus, ukrain, ingliz, nemis, fransuz, venger kabi yevropa tillari lugʻati tarkibini boyitgan. Mutaxassislarning fikricha, rus tilidan boshqa yevropa tillarida turkiy tillardan soʻz oʻzlashish darajasi yuzga yetar-yetmas miqdorda boʻlsa, rus tilida bunday soʻzlar sanogʻi qariyb besh mingtani tashkil qiladi.

Toʻlqin TOGʻAYEV,
filologiya fanlari nomzodi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер