Toshkentdan deyarli 12 baravar katta aysberg Buyuk Britaniyaga tegishli oroli bilan toʻqnashishi mumkin

17:16 24 Yanvar 2025 Dunyo
327 0

Dunyodagi eng katta A23a aysbergi deyarli 40-yillik harakatsizlikdan soʻng 2024-yilning noyabr oyida ochiq okean uzra suza boshlagan edi.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, trillion tonnalik aysberg Atlantika okeani janubida joylashgan Buyuk Britaniyaning dengizorti oroli — Janubiy Jorjiya bilan toʻqnashishi mumkin. Bu haqida “France 24” nashri xabar berdi.

Aysbergning okeandagi harakati tahlil qilinganida uning Buyuk Britaniya oroli tomon siljiyotgani aniqlangan.

Okeanograf olimlar ushbu holatni diqqat bilan kuzatib, aysbergning iqlim oʻzgarishlari, oʻsimlik dunyosi hamda dengiz jonivorlari hayotiga qanday xavf solishi mumkinligi yuzasidan muntazam tekshiruv olib borishmoqda.

“Janubiy Jorjiya hayratlanarli darajada ekologik jihatdan boy oroldir. Bu millionlab pingvinlar uchun koʻpayish maskani ham hisoblanadi. Agar aysberg orol bilan toʻqnashsa, undagi jonivorlarning oziq-ovqat yoʻllarini toʻsib qoʻyadi. Natijada ular qirilib ketishi mumkin”, — deydi okeanograf Endryu Meyjers oʻz tadqiqotlariga tayanib.

Olimlarning taʼkidlashicha, aysberglar hamda muz qatlamlarining dunyo okeani boʻylab harakatlanishi tabiiy hodisa sanaladi. Shunga qaramasdan, soʻnggi yillardagi iqlim oʻzgarishlari Antarktikadan muzlarning ajralib chiqish tezligini keskin oshirgan. Bu holat dunyoda koʻplab talofatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Maʼlumot uchun, A23a aysbergi 1986-yilda Antarktikadagi muzlikdan ajralib chiqqan hamda koʻp oʻtmay Ueddel dengiziga tiqilib qolgan. 2024-yilning noyabr oyida yana harakatga kelgan. Qalinligi taxminan 400 metr, maydoni esa deyarli toʻrt ming kvadrat kilometrni tashkil etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер