Toshkentda jamoat tartibini buzgan Isroil fuqarosi 15 sutkaga qamaldi 

21:47 17 May 2024 Jamiyat
452 0

Toshkent shahridagi mehmonxonada kechasi baland ovozda musiqa qoʻyib, atrofdagilarning tinchini buzgan chet el fuqarosi maʼmuriy jazoga tortildi. Bu haqda “Xalq soʻzi”ga poytaxt sudidagi manbasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, kecha, 16-may kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 192-moddasi (Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish) va 194-moddasining 1-qismida (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) koʻrsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan 56 yoshli Isroil fuqarosi A.X.ga nisbatan maʼmuriy ish koʻrib chiqilgan.

Sud hujjatida keltirilishicha, joriy yilning 16-aprel kuni soat 22:30 da “M.” mehmonxonasi xodimi F.A. Toshkent shahar IIBB ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilib, A.X. ismli mijoz fuqarolar tinchini buzayotganini maʼlum qilgan. U arizasida mijoz kechasi baland ovozda musiqa qoʻygani, shuningdek, mast holatda mehmonxonaga peshob qilganini ham qoʻshimchagan.

Holat yuzasidan voqea joyiga IIO xodimlari yetib kelgan hamda A.X.ni IIB boʻlimiga taklif qilishgan. Ammo u IIB boʻlimiga borishdan bosh tortib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmagan.

Sud majlisida ayblanuvchi qilmishiga iqror boʻlgan. 

Sud qarori bilan A.X. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 192-moddasi (Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish) va 194-moddasining 1-qismida (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) koʻrsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер