Toshkentda jadidlar faoliyatiga doir xalqaro ilmiy konferensiya boʻlib oʻtmoqda
Joriy yilning 11-12-dekabr kunlari Toshkentda “Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda.
Yirik amaliy anjumanda oʻzbekistonlik olimlardan tashqari Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Vengriya, AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlardan kelgan taniqli olim va ekspertlar ishtirok etmoqda. Konferensiya oʻz oldiga jadidchilik davrida xotin-qizlar faolligi masalalari, Turkiston jadidchiligining chet elda oʻrganilishi, shuningdek, bugungi kunda jadidlar hayoti va faoliyatini oʻrganishdagi istiqbolli rejalarni maqsad qilib qoʻygan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro ilmiy konferensiya ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi. Murojaatni Oʻzbekiston Prezidentining maslahatchisi – spichrayter Xayriddin Sultonov oʻqib eshittirdi. Shavkat Mirziyoyev konferensiya ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatida maʼrifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning oʻz qimmati va ahamiyatini hamon yoʻqotmasdan kelayotgan boy merosini Turkiy tilli davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, taniqli xorijiy olimlar bilan birgalikda teran tadqiq va targʻib etish zarurligini qayd etdi.
— Oʻz mohiyat eʼtiboriga koʻra noyob ijtimoiy-siyosiy fenomen boʻlgan jadidchilik gʻoyasining shakllanishi va taraqqiyotiga doir dunyoning bir qator mamlakatlarida koʻplab tadqiqotlar yaratilgan boʻlsada, ushbu harakat namoyandalarining Markaziy Osiyo hududida milliy davlatchilik va mintaqaviy oʻziga xoslikni, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga qoʻshgan ulkan hissasini konseptual va tizimli asosda atroflicha oʻrganish dolzarb masala boʻlib qolmoqda, — deyilgan Prezidentning konferensiya ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatida.
Shuningdek, anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva ishtirokchilarni qutlab, chiqish qildi. Turli mamlakatlardan konferensiyaga tashrif buyurganlarga minnatdorchilik bildirib, mamlakatimiz uchun eng muhim mavzulardan biri – millat taʼlim-tarbiyasi masalasini muhokama qilish va Oʻzbekistonda jadidlar boshlagan ishlarni davom ettirish vaqti allaqachon yetib kelganini taʼkidladi.Jadidchilik dastlab 19-asrning 80-yillarida Qrimda Ismoilbek Gasprinskiy rahbarligida qrimtatarlar oʻrtasida vujudga keldi. Jadidchilik harakati namoyandalari koʻpincha oʻzlarini taraqqiyparvarlar, keyinchalik jadidlar deb atashgan. Oʻsha davrning ilgʻor taraqqiyparvar kuchlari, birinchi navbatda, ziyolilar mahalliy aholining umumjahon taraqqiyotidan orqada qolayotganligini his etib, jamiyatni isloh qilish zaruriyatini tushunib yetgandilar. Jadidchilik mohiyat eʼtibori bilan avvalo siyosiy harakat edi.
— Bugungi kunga unchalik ham oson kelmadik, — deydi Buxoro Xalq Respublikasi yetakchilaridan biri boʻlgan Usmon Xoʻja oʻgʻlining zurriyoti Temur Xoʻja oʻgʻli. — Albatta, bugun bizlar nima qilsak ham jadidchi bobolarimizning oʻz qonlari va jonlarini fido qilib bugungi Gʻarbiy Turkistonda, Ozarbayjonda hamda Turkiyada mustaqil davlatlarning paydo boʻlishidagi hissasini oʻtay olmaymiz. Jadidchi bobolarimiz bugungi mustaqil davlatlarning tuzilishini bundan bir yarim asr oldin koʻrgan va bunga erishish uchun kurashgan edilar. Buning yaqqol misolini oʻzimdan aytsam, mening dadam jadidchi Usmon Xoʻja 1968-yil 28-iyulda vafot etishidan bir kun oldin menga shu soʻzlarni aytgan edi: Oʻgʻlim, men senga mol-mulk, qoʻsha-qoʻsha boylik qoldirmadim, men senga faqat Turkiston degan vatan hasrati qoldirib ketyapman. Lekin bugun mustamlaka boʻlgan bu yurtimiz yaqin bir kelajakda mustaqil va erkin davlat boʻladi, bunga ishonaman. Biroq men u mustaqillik kunlarini koʻrolmayman, ammo sen yurtimizning mustaqilligini albatta koʻrasan. Sen koʻrayotganda mening koʻzlarim bilan ham qara!
Halok boʻlib, mozorlari, qabrlari boʻlmagan jadidchilar orasida eng uzoq yashagan 90 yoshli Usmonxoʻjaning koʻzlarini yumishidan oldingi oxirgi soʻzlari mana shular edi. Yolgʻiz Usmon Xoʻja emas, Ismoilbek Gasprinskiydan boshlab barcha jadidchilar mustaqillik, erkinlik, maʼrifatchilik ishonchi bilan, oʻz yurtlariga boʻlgan cheksiz muhabbat bilan, ayniqsa, hozirgi va kelajakdagi barcha yosh avlodlarga oʻzlarining buyuk gʻoyalarni meros qoldirib ketdi.
Turkistonni oʻrta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish, shariatni isloh qilish, xalqqa maʼrifat tarqatish, Turkistonda muxtoriyat hukumatini barpo etish uchun kurash, Buxoro va Xivada konstitutsiyaviy monarxiya va parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini oʻrnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish, barqaror milliy valyutani joriy qilish va milliy qoʻshin tuzish jadidlarning oldiga qoʻygan rejalari edi.
Toshkent, Fargʻona, Buxoro, Samarqand va Xivada hur fikrli va taraqqiyparvar kishilarning ayrim guruhlari tomonidan ochilgan madaniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi jamiyat va uyushmalardan jadidchilik harakati shakllandi.
— Ishonchim komilki, bu konferensiya albatta jadidlar, jumladan, mening bobom Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va ijodida yangi sahifa ochadi, — deydi Mahmudxoʻja Behbudiyning nevarasi Shohruhxon Behbudiy. — Jadidlarning gʻoyalarini oʻz davrida koʻpchilik tushunib yetmadi. Ularning maqsadlari shu xalqni maʼrifatli qilish, ozodlikka, mustaqillikka erishish edi. Men oʻylaymanki, oʻsha davrdagi haqiqiy vatanparvarlar jadidlar edi. Chunki koʻpchiligi oʻzlarini, oilasini oʻylamasdan oʻz hisoblaridan maktablar, kutubxonalar, nashriyotlar ochdi. Maktablar uchun kitoblar yozib, xalqqa tekinga тарқатишди. Театр tashkil qilib, pyesalar yozishdi. Bularning zamirida xalqni uygʻotish, qoloqlikdan olib chiqish yotardi. Biz bobomizni kech tanidik, xabaringiz bor, Sobiq Ittifoq davrida jadidlarga oid boʻlgan hamma qatagʻon qilinib, koʻpchiligi otilgan, oʻldirilgan. Solijon Qosimov, Naim Karimov, Begali Qosimov, Habib Said, samarqandlik adib Nusrat Rahmat hamda boshqa koʻplab olimlar saʼy-harakati orqali biz Behbudiyning aslida buyuk jadidchi ekanligini bilib oldik.
Jadidchilikni shakllantirishda koʻplab millat ziyolilari faol qatnashgan. Jamiyatni oʻrtaasrchilik illatlari, madaniy qoloqlik va mustamlaka zulmidan, xurofotdan ozod qilish, xalqni zamonaviy taraqqiyot yoʻliga olib chiqish, milliy davlatchilik asoslarini bunyod etish jadidchilik harakatining asosiy maqsadi edi.
— Turkiston jadidlarini oʻz gʻoya-fikrlarini amalga oshirish uchun albatta, bilimli, malakali mutaxassis yoshlar kerak boʻlgan, — deydi filologiya fanlari doktori, professor Zaynobiddin Abdurashidov. — Shu sababdan 1910-13-yillardan boshlab turkistonlik yoshlar xorijga maqsadli oʻqishga yuborila boshlandi. Buni Turkiyadagi Buxoro maorif jamiyati faoliyatida yaqqol koʻrishimiz mumkin. Bu jamiyatni quruvchilar sifatida Usmon Xoʻja oʻgʻli, Abdurauf Fitrat va boshqa buxorolik jadidlar tilga olinadi. Bu jamiyatning asosiy maqsadi nafaqat Buxoro uchun, balki butun Turkiston uchun kadrlarni xorijda yetishtirish va yurtga qaytarib joʻnatish hamda oʻylangan gʻoyalarni amaliy jihatdan roʻyobga chiqarish uchun katta bir xizmat koʻrsatgan edi. Bundan tashqari jadidlar asosiy gʻoyalarini qayerdan olishgan? Albatta, sayohat! Sayohat u davrda yangi bir bilimga ega boʻlishning vositasi sifatida qaralgan. Yevropaga, Eronga, Turkiyaga, Misrga borish u yerdagi ajoyibotlarni koʻrish emas, ilgʻor fikrli odamlarning tajribalarini oʻrganish, aloqalar oʻrnatish va shu orqali Turkistonda ham ana shu davlatlarda amalga oshirilayotgan ishlarni, tajribani qoʻllab koʻrish edi.
Hozirgi davrga kelib, jadidchilik ijtimoiy-siyosiy harakat sifatida eʼtirof etildi, uning xizmatlari tan olindi. Jadid adabiyoti milliy madaniyatning tarkibiy qismi sifatida baholanib, oʻnlab kitoblar, turli asarlar nashr etilmoqda, koʻplab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Uchinchidan, keyingi yillarda asrlar davomida orzu qilingan, jadidlar ham intilib kelgan ezgu gʻoyalar amalga oshmoqda, yurtimizda Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish imkoni paydo boʻldi.
Konferensiya 12-dekabr kuni oʻz ishini davom ettiradi. Unda bir vaqtning oʻzida sessiyalardagi muhokamalar, shuningdek, yoshlarni jalb qilgan holda, keng auditoriya uchun ochiq panel sessiyalarini oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Akram Xamraqulov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring