Toshkentda Prezident saylovini yoritish boʻyicha Xalqaro media-xoll ochildi

18:16 14 Oktyabr 2021 Jamiyat
693 0

Media platforma saylovoldi kampaniyasining yakuniy bosqichida jarayonlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga, ommaviy axborot vositalari vakillariga nafaqat saylov jarayonlari, balki soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonda amalga oshirilgan islohotlar toʻgʻrisida toʻlaqonli maʼlumot olishlari uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratishga koʻmaklashadi.

Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan “Yuksalish” umummilliy harakati, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Media-xoll Yoshlar ijod saroyida faoliyatini olib boradi.

“Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan Yoshlar ijod saroyida Xalqaro media xoll tashkil etilgani juda xayrli ishdir. Ushbu tashabbus Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq barcha jarayonlarni milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlariga binoan ochiq, oshkora va shaffof oʻtkazishga xizmat qiladi. Darvoqe, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mamlakatimizdagi yigirmaga yaqin yetakchi ommaviy axborot vositalari va internet nashrlar qatori, mazkur assotsiatsiya bilan ham Prezident saylovi jarayonlarida oʻzaro hamkorlik boʻyicha memorandum imzolanganini alohida taʼkidlashimiz zarur” — deydi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxoʻjayev.

Bu yerda mahalliy va xalqaro OAV ishtirokida turli formatdagi tadbirlarni oʻtkazish uchun zarur sharoitlar yaratilgan, jurnalist va blogerlar ishlashi uchun matbuot markazi ham joylashgan. 26-oktyabrga qadar 40 dan ziyod tadbirlarni oʻtkazish koʻzda tutilgan.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?