Toshkentda “Oʻzbekiston strategiyasi” jurnalining maxsus sonini taqdimoti oʻtkazildi (+ Fotoreportaj)

Foto: Davronbek ERNAZAROV/“Xalq soʻzi”
Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) davlat rahbarlari Kengashining joriy yil 31-avgust — 1-sentyabr kunlari Tyanszin shahrida (Xitoy) boʻlib oʻtadigan 25-yigʻilishi oldidan poytaxtimizda Oʻzbekiston — Xitoy strategik hamkorligiga bagʻishlangan davra suhbati hamda “Oʻzbekiston strategiyasi” jurnalining maxsus soni taqdimoti boʻlib oʻtdi.
U “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Xitoyning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, mamlakatimiz vazirlik va idoralari vakillari, tahlil markazlari ekspertlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanda qayd etilganidek, Xitoy Oʻzbekistonning eng yirik savdo-sarmoyaviy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Oʻtgan yili ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo hajmi 12,4 mlrd. dollardan oshgani, jalb etilgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar 10 mlrd. dollarni tashkil etgani, iqtisodiyotimizning energetika, telekommunikatsiya, transport, kon-metallurgiya, toʻqimachilik va raqamli infratuzilma kabi muhim tarmoqlarida Xitoy kapitali ishtirokidagi tashkil etilgan 3 300 dan ziyod qoʻshma korxonalar samarali faoliyat yuritayotgani buning yaqqol dalilidir.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlik turli xalqaro platformalar, jumladan, BMT, SHHT, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi doirasida tobora rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, ikki davlat SHHT hammuassislari va faol aʼzolari sifatida oʻzaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston tashkilotga raislik qiluvchi mamlakat sifatida SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashining majlislariga toʻrt marotaba mezbonlik qilgan boʻlsa, uning soʻngisi 2022-yilda Samarqand shahrida boʻlib oʻtdi. Mazkur sammit yakunlari boʻyicha rekord darajada — jami 44 ta hujjat, jumladan, qator kelishuv va dasturlar imzolandi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan SHHTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlik samaradorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha umumiy tamoyil va yondashuvlarni ishlab chiqish, maxsus iqtisodiy zonalar alyansini tashkil etish, SHHT davlatlari savdo yarmarkasini oʻtkazish kabi yoʻnalishlarda oʻzaro muloqot, tushunish va hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim takliflar ilgari surildi.

Elchi janoblari taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida oʻzaro manfaatli strategik sheriklikning bundan keyin ham izchil rivojlanib borishi, xususan, SHHT doirasidagi siyosiy-diplomatik muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalar, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy almashinuvlar va mintaqaviy hamda global xavfsizlikni taʼminlash sohalaridagi faoliyat yanada mustahkamlanishi, shubhasiz.

“Oʻzbekiston strategiyasi” jurnalining maxsus soni Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik, shuningdek, SHHT doirasidagi koʻp qirrali aloqalarning muhim yoʻnalishlariga bagʻishlangan boʻlib, unda mintaqaviy hamkorlikka oid turkum materiallar, ekspertlar tahlillari va amaliy tajribalar qamrab olingan. Shuningdek, ikki mamlakatning tegishli vazirliklari rahbariyati va tadqiqot muassasalari ekspertlari tomonidan tayyorlangan tahliliy sharhlarga ham keng oʻrin berilgan. Shu maʼnoda, mazkur nashr Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi strategik sheriklik, SHHT doirasida rivojlanib borayotgan aloqalar mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq tushunishga xizmat qiladi.

Tadbirda soʻzga chiqqan ekspertlar SHHTning muhim tadbiri arafasida “Oʻzbekiston strategiyasi” jurnalining maxsus soni chop etilishi mintaqadagi siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilayotganidan dalolat ekanini alohida taʼkidlashdi.
Abdunabi ALIQULOV (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring