Toshkentda Oʻzbekiston boʻyicha “Mamlakatlar platformasi” yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Foto: mift.uz
Toshkentda joriy yilning 30-sentabr kuni “Mamlakatlar platformasi”ning Oʻzbekiston boʻyicha yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov ishtirok etdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar berdi.
“Mamlakatlar platformasi” – jahon bankining xalqaro moliya institutlari, donorlar va taraqqiyot hamkorlari bilan yordamni qabul qiluvchi mamlakatlar oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid dastur hisoblanadi. Oʻzbekiston ushbu tashabbusni sinab koʻrish uchun tanlangan 11 pilot davlatdan biridir.
Tadbirda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti A.Byerde, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Sh.Chen, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining investitsiyaviy amaliyotlar boʻyicha vitse-prezidenti K.Limitovskiy, Islom taraqqiyot banki vitse-prezidenti M.Muxtor, Xalqaro moliya korporatsiyasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori K.Kolbert, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo boʻyicha boshqaruvchi direktori J.Xargitay, Yevropa investitsiyaviy bankining Markaziy Osiyoda kredit amaliyotlari boʻyicha bosh maslahatchisi A.Bruun, shuningdek, OPEK Xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi, Yevropa investitsiya banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Fransiya taraqqiyot agentligi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi, BMTTD, “USAID”, “KfW” Banki, Koreya Eksimbanki va Quvayt Arab iqtisodiy rivojlanish jamgʻarmasi rahbariyati ishtirok etdi.
S.Umurzakov tadbirni ochib berar ekan, Oʻzbekiston oxirgi 5 yil mobaynida erkin bozor iqtisodiyotini yaratish va jamiyatni demokratlashtirishga qaratilgan keng koʻlamli va ortga qaytmas iqtisodiy islohotlar hamda tarkibiy oʻzgarishlar yoʻlidan borayotganini taʼkidladi.
Oʻzbekistonda maslahat va ekspertlar yordami hamda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni moliyalashtirish orqali hamkorlikni yanada rivojlantirish va loyihalarni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi. Islohotlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma rejani shakllantirishning ahamiyati qayd etildi. Uning doirasida hamkorlikning aniq yoʻnalishlari va ish koʻlami belgilanadi.
Shuningdek, Strategik rivojlanish agentligi bilan birgalikda Oʻzbekistonda islohotlarni qoʻllab-quvvatlash uchun ajratiladigan grant mablagʻlarni jamlaydigan qoʻshma jamgʻarma tashkil etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Xalqaro moliya tashkilotlari rahbarlari Strategik rivojlanish agentligi hamda Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot agentligining institutsional rivojlanishi va salohiyatini oshirishda faol ishtirok etishga hamda oʻz vazifalarini hal etishda texnik va maslahat yordam koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Maʼlumot uchun, “Mamlakatlar platformasi” tashabbusi 2019-yil oktabr oyida Vashington shahrida Jahon banki Guruhi boshqaruvchilari Kengashi hamda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Yillik yigʻilishlari doirasida joriy etilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring