Toshkentda noqonuniy dori-darmon savdosi bilan shugʻullanuvchi guruh fosh etildi

17:19 02 Fevral 2025 Jamiyat
360 0

Foto: Prokratura departamenti

Toshkent shahrida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan bir guruh shaxslardan juda koʻp miqdordagi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi, DXX, Bojxona va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan Sh.K. va boshqalar Chilonzor tumanidagi savdo majmuasi avtoturargohiga fuqaro D.Q. boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli yuk avtomashinasida olib kelingan 32 turdagi jami 42 777 dona sifatini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan dori vositalarini oʻtkazish maqsadida oʻzining boshqaruvidagi avtomashinada olib ketmoqchi boʻlgan paytida ushlangan.

Shundan soʻng davom etgan tadbirda, fuqaro Sh.K. Toshkent viloyati, Chirchiq shahridagi xonadonida noqonuniy dori vositalarini saqlab kelganligi aniqlanib, 26 turdagi jami 72 540 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Bundan tashqari, tezkor tadbir davomida fuqaro U.N. 70 quti dori vositalarini oʻzining boshqaruvidagi yuk avtomashinasida Buxoro shahridagi ulgurji dori vositalari savdosi bilan shugʻullanuvchi “F.Ph.” MChJga tegishli omborxonaga olib borganligi aniqlanib, MChJ omborxonasidan 89 ming dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер