Toshkentda “Markaziy Osiyo – 2050” forsayt-seminari boshlandi

Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo – 2050: barqarorlik va umumiy farovonlik sari yoʻl” mavzusidagi birinchi mintaqaviy forsayt-seminar boshlandi. Tadbir Markaziy Osiyoning besh davlati – Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston vakillarini birlashtirdi. Unda davlat idoralari, tahliliy va ilmiy tadqiqot muassasalari hamda mustaqil ekspertlar ishtirok etmoqda.
Seminarning tashkilotchisi Strategik islohotlar agentligi boʻlib, u Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Qozogʻistonning Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi hamda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasi bilan hamkorlikda oʻtkazilyapti.
Seminarda 2050-yilgacha boʻlgan davr uchun mintaqaning istiqbollari tahlil qilinishi koʻzda tutilgan. Muhokama qilinayotgan asosiy yoʻnalishlar qatoriga demografik oʻsish, energetika, iqlim oʻzgarishi, suv resurslari, transport integratsiyasi, inson kapitali va sanoat kooperatsiyasi kiradi.
Mazkur tadbir ekologik xavfsizlik, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oʻtish va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga oid umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Forsayt-seminar doirasida ikki asosiy vazifa belgilab olindi. Birinchisi – Markaziy Osiyoning uzoq muddatli istiqboldagi rivojlanishiga oid umumiy strategik qarashlarni ishlab chiqish. Bu orqali mintaqada qaysi oʻzgarishlar muqarrarligi, qaysilari ehtimoliy va qaysilari esa davlatlararo hamkorlikka bogʻliqligini aniqlash maqsad qilingan. Ikkinchisi esa – uzoq muddatli tashabbuslar bilan ishlay oladigan ekspertlar, davlat xizmatchilari va tadqiqotchilardan iborat doimiy hamkorlik tarmogʻini shakllantirishdir.
Seminar doirasida “Markaziy Osiyoning kelajagi” mavzusida esse tanlovi ham eʼlon qilindi. Unda mintaqaning besh davlati yoshlari ishtirok etishi mumkin. Eng yaxshi deb topilgan 100 ta esse yakuniy toʻplam koʻrinishida eʼlon qilinadi. Batafsil maʼlumot va ariza topshirish imkoniyati mampassi.org/centralasia2050 saytida mavjud boʻlib, topshirish muddati 2025-yil 15-iyungacha davom etadi.
Foto: Davronbek Ernazarov
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring