Toshkentda “Kulollar sayli” tashkil etildi

22:30 10 Aprel 2021 Madaniyat
1528 0

Poytaxtimizdagi “Navroʻz” etnografik bogʻida “Kulollar sayli” -milliy kulolchilik mahsulotlari auksion savdosi xayriya tadbiri tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamda Respublika Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda yurtimizdagi barcha kulolchilik maktablarining vakillari boʻlgan usta kulollar, hunarmandlar, tadbirkorlar, mutasaddi vazirlik idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

— Soʻnggi yillarda xalq hunarmandchiligi, xususan, kulolchilikni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibordan mamnunmiz, — deydi rishtonlik usta kulol Gʻanijon Eliboyev. — Bugungi kunda tumanimizda barpo etilgan  Kulollar shaharchasi fikrimizning dalilidir. Hozirda shaharchamizda oʻnlab kulollar ijodiy faoliyat olib bormoqdalar.

Tadbirda sohada amalga oshirilayotgan bir qator xayrli ishlar ham taʼkidlab oʻtildi. Jumladan, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2018-2020-yillarda 32,6 mlrd soʻmlik 1 126 ta kulolchilik loyihasi amalga oshirilgan. oʻtgan yili usta-hunarmandlarni jalb qilgan holda kulolchilik yoʻnalishida 256 ta oʻquv kursi tashkil etilib, 1 mingdan ortiq shogirdlar kasb-hunarga oʻrgatilgan.

Xayriya tadbirida kulolchilik maktablari vakillari boʻlgan usta kulollar, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan sulola vakillari, xalq ustalarining mahsulotlari koʻrgazmasi, mahorat darslari namoyishi, sumalak sayli va xalqimiz sevgan sanʼatkorlar ishtirokida konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

— Milliy kulolchilik mahsulotlarini tashqi bozorlarda keng targʻib etish va savdosini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, —deydi “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulugʻbek Abdullayev.—Shu maqsadda 16 ta xorijiy mamlakatning 24 ta shahridagi elchixonalar binolarida, yirik shaharlarda ochilgan doimiy ishlab turuvchi koʻrgazma zali va savdo-doʻkonlarida jami 1,7 ming kv metr maydonda kulolchilik mahsulotlari koʻrgazmasi va savdosi tashkil etilishi amalga oshirilmoqda.

Xorijiy mamlakatlarda tashkil etilayotgan shourum, koʻrgazma zali va savdo-doʻkonlariga “Hunarmand” uyushmasi tasarrufidagi “Craft and art«MCHJ tomonidan qiymati 2 mlrd soʻmlik 8 ming ta kulolchilik mahsuloti yetkazib beriladi.

Shuningdek, “Kulollar sayli” tadbiri doirasida milliy kulolchilik mahsulotlari auksion savdosi xayriya tadbiri ham oʻtkazildi.

Ushbu auksion savdoda 20 nafar kulolning 30 dan ortiq ijodiy ishlari sotuvga qoʻyilgan. Kulolchilik mahsulotlari auksion savdosidan tushgan mablagʻlarning bir qismi mehribonlik uylariga xayriya tarzida oʻtkaziladi. “Kulollar sayli” tadbirlari va auksion savdosi ertaga ham davom etadi.

M. Xolmatova
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?