Toshkentda kriket boʻyicha trenerlar tayyorlashning ikkinchi bosqich oʻquv-seminari oʻtkazilmoqda

03:39 11 Mart 2023 Sport
1116 0

Ommaviyligi jihatdan futboldan keyin ikkinchi oʻrinda turuvchi va bugungi kunga kelib jahonning 4 milliarddan ortiq aholisining sevimli sport turiga aylangan kriket mamlakatimizda ommalashmoqda.

Oʻzbekiston kriket federatsiyasi 2019-yilda tashkil etilgan. Faoliyatiga hali uncha koʻp boʻlmagan kriket federatsiyasi tomonidan hozirgacha 6 ta 13 yoshgacha, 4 ta 19 yoshgacha, 4 ta kattalardan iborat hamda 1 ta xotin-qizlar jamoalari tashkil etilgan. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda istiqomat qilib, turli sohalarda mehnat qilayotgan chet ellik mutaxassislardan iborat 2 ta jamoa ham shakllangan. Mamlakatimizning Toshkent shahri, Qashqadaryo, Fargʻona, Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm singari viloyatlarida ham jamoalar mavjud. Oʻtgan davr mobaynida yigʻilgan jamoalar oʻrtasida kriket boʻyicha musobaqalar rejaga koʻra oʻtkazilmoqda. Bundan tashqari OʻKF tomonidan ayni paytda kriket boʻyicha erkaklar va ayollardan iborat terma jamolar shakllantirilib, 2023-yilning 23-sentyabr — 8-oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtkaziladigan yozgi Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlikni boshlab yuborishgan.

Yana bir quvonarli jihat, oʻtgan yilning 26-iyul kuni Buyuk Britaniyaning Birmingem shahrida Xalqaro Kriket Kengashi (ICC)ning navbatdagi kongressi boʻlib oʻtdi. Mazkur kongressda kriket boʻyicha bajarilayotgan ishlar sarhisob qilindi. Kongress reglamentiga muvofiq, kriket rivojlanayotgan mamlakatlarning ICC ga aʼzolik masalalari ham muhokama qilindi. Ushbu kongressda Oʻzbekiston kriket federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokamaga qoʻyildi va bir ovozdan xalqaro kriket kengashining aʼzoligiga 106- davlat sifatida qabul qilindi.

Shundan soʻng OʻKFning rivojlanishi yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, Oʻzbekiston Kriket federatsiyasi kriket boʻyicha ikki bosqichli murabbiylarni (Level-1 Criket Coaching ) tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan hamkorlikda 2022-yilning oktyabr-noyabr oylarida viloyatlarda jismoniy tarbiya oʻqituvchilari, sport maktablari murabbiylarini jalb qilgan holda oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarini oʻtkazishdi.

Ushbu ikki bosqichli oʻquv-seminar ishtirokchilariga Xalqaro kriket kengashi (ICC) tomonidan yuborilgan pokistonlik kriket boʻyicha oliy toifali trener Tohir Muhammad ustozlik qildi.

Joriy yilning 10-mart kunidan Xalqaro kriket kengashi (ICC) tomonidan Oʻzbekistonda Level-I xalqaro kriket murabbiyligiga oʻqitish kursining ikkinchi bosqichi oʻtkazilmoqda. Mazkur oʻquv-kursini oliy toifali instruktor, ICCning Osiyo mamlakatlarida kriket sport turini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi, janob Iqbol Skander (BAA) olib bormoqda. Seminar ishtirokchilari uch kunlik oʻquv-mashgʻulotlarni yakunlagach, ICC vakiliga imtihon topshirishadi va imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilar Xalqaro Kriket Kengashining birinchi bosqichli xalqaro kriket murabbiyi sertifikatiga ega boʻlishadi. Muhim jihati, birinchi bosqich xalqaro kriket murabbiylik sertifikatini qoʻlga kiritgan trenerlar nafaqat mamlakatimizda balki xorijiy davlatlarda ham kriket boʻyicha trener boʻlib ishlash imkoniyatiga ega boʻlishadi.

Oʻquv-seminar 13-martga qadar davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?