Toshkentda avtobus bekatlaridagi doʻkonlar olib tashlanadi

22:28 04 Mart 2026 Jamiyat
351 0

Illyustrativ foto

Toshkent shahrida avtobus bekatlaridagi savdo doʻkonlari faoliyatiga chek qoʻyiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bir muddat oldin Yoʻl harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari shahardagi eng tirband 472 kilometr avtomobil yoʻlini aniqlagan va ustuvor yoʻnalishlarda ishlar boshlagan. Birinchi bosqichda 100 kilometr hudud qamrab olinib, 360 dan ortiq bekat hamda 190 ta katta-kichik chorraha oʻrganib chiqilgan.

Audit natijalariga koʻra, jamoat transporti yoʻnalishidagi bekatlar hududida 110 ta savdo obyekti joylashgani aniqlangan. Shundan 61 tasi bekat majmuasiga egalik qilish yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan. Ushbu holatlar boʻyicha huquqiy baho berilib, tegishli choralar koʻrilishi qayd etilgan.

Shahar hokimligining qaroriga muvofiq, barcha bekatlar bosqichma-bosqich yangilanadi. Ruxsat beruvchi hujjatlarga ega tadbirkorlarga esa savdo nuqtalarini boshqa joyga koʻchirish uchun hudud ajratish va kompensatsiya toʻlash mexanizmi joriy etiladi.

“Bekatlar yoʻlovchilar transportni erkin va xavfsiz kutishi, platformalar keng va qulay boʻlishi, tirbandlik paytida ularni kengaytirish imkoniyati yaratilishi hamda inklyuziv muhit taʼminlanishi lozim”, deyiladi hokimlik xabarida.

Taʼkidlanishicha, zamonaviy jahon amaliyotida ham jamoat transporti bekatlarida savdo obyektlari joylashtirilmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер