Toshkent viloyatining Qozogʻiston bilan chegara hududida noqonuniy tunnel aniqlandi

10:25 03 Iyul 2024 Jamiyat
221 0

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining Qozogʻiston bilan chegara hududida noqonuniy yerosti yoʻli (tunnel) aniqlandi.

Qayd etilishicha, DXX xodimlari Chegara qoʻshinlari va “Toshkent-Aero” IBK harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazgan. Tadbirda Hindistondan Qozogʻiston orqali Oʻzbekistonga katta miqdordagi, sifati kafolatlanmagan dori vositalarini noqonuniy olib kelish bilan shugʻullangan transchegaraviy jinoiy guruh faoliyati fosh etilgan.

Xususan, jinoiy guruh tomonidan navbatdagi dori vositalari Dehli—Toshkent—Olmaota aviayoʻnalishi orqali tranzit tarzda “Olmaota” xalqaro aeroportiga olib kelinib, Qozogʻistonning Turkiston viloyati Sariyogʻoch tumani “Doʻstlik” aholi yashash punktiga yetkazilgan va yashirin yerosti yoʻli orqali Toshkent viloyatining Toshkent tumani “Oʻrikzor” MFY hududiga oʻtkazilgan.

Tezkor tadbir davomida jinoiy guruh aʼzolaridan jami 1 milliard 94 million soʻmlik Hindistonda ishlab chiqarilgan Albumin, Remdesivir, Meropenem kabi jami 107 nomdagi 17 048 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Taʼkidlanishicha, 49 yoshli fuqaroning Toshkent tumani “Oʻrikzor” MFYdagi uyini Qozogʻistonning Sariyogʻoch tumani “Doʻstlik” aholi yashash punkti bilan bogʻlovchi yerosti yoʻlining uzunligi 310 metrni tashkil etadi. Yerosti yoʻli havo ventilyatsiyasi, yoritish tizimi, yuklarni tashishga moʻljallangan aravalar va arqonlar bilan jihozlangan.

Hozirda holat yuzasidan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?