Toshkent viloyatining qator bogʻchalarida bolalar zaharlanishi bilan bogʻliq holat yuzasidan rasmiy axborot berildi

12:24 27 Sentyabr 2025 Jamiyat
135 0

Toshkent viloyatining qator maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalar zaharlanishi bilan bogʻliq holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekov maʼlumot berdi.

Xabarda aytilishicha, jami 1 ming 922 nafar, shu jumladan, bemor bolalar bilan muloqotda boʻlgan bolalar ham tibbiy koʻrik bilan qamrab olingan.

Ulardan 959 nafarida hech qanday klinik belgilar boʻlmagani uchun darhol uylariga javob berilgan. Mana shu oʻtgan davr mobaynida yana 269 nafar bolaga davolanishdan soʻng uylariga qaytishga ruxsat berilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, ayni vaqtda Toshkent viloyatidagi shifoxonalarda 694 nafar bola davolanmoqda. Mutaxassislarning fikricha, ulardan 13 nafarining ahvoli oʻrtacha ogʻir holatda. Bugun, 2025-yilning 27-sentyabr kuni yana 421 nafar bolaga ahvoli yaxshilangani sababli uyga javob berish rejalashtirilgan.

Bemor bolalarga malakali, yuqori darajadagi maslahat, tibbiy yordamlarni koʻrsatish maqsadida Toshkent shahridagi 17 ta ixtisoslashtirilgan muassasadan, tibbiyot markazlaridan 100 dan ortiq olim, mutaxassis, professorlar jalb qilingan. Bemor bolalarga oʻtkir gastroenterit tashxisi qoʻyilgan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu kasallik ogʻir yoki hayot uchun xavfli toifaga kirmaydi va asoratsiz oʻtib ketadi.

«Hozirda Toshkent viloyatining yettita shifoxonasida bolalarni davolash ishlari amalga oshirilmoqda. Dinamikada ijobiy natijalar kuzatilmoqda va bolalar tez sogʻaymoqda. Yaqin kunlarda barcha bolalar sogʻayib, uylariga qaytadi.

Vazirlik qoshida tashkil etilgan maxsus shtab har uch soatda videokonferensaloqa tizimi orqali Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida amalga oshirilayotgan davolash-profilaktika tadbirlarini muhokama qilib bormoqda. Lozim boʻlgan joylarda maslahat va koʻrsatmalar berib turilibdi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tomonidan joylarda epidemiologik surishtiruv ishlari boshlab yuborilgan.

Shuningdek, surishtiruv davomida olingan namunalarning laboratoriya tekshiruvlari davom ettirilib, natijasi haqida qoʻshimcha axborot berilishi taʼkidlangan.

“Hozirgi paytda shifoxonalarda dori vositalarining yetarli miqdordagi zaxirasi yaratilgan. Tabiiyki, mazkur holat yuzasidan aybdorlarga nisbatan huquqiy baho ham beriladi. Eng asosiysi, barcha bolalarning sogʻligi davlat nazoratida va vaziyat barqarorlashmoqda”, — deydi Nurmat Otabekov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер