Toshkent viloyatidagi 1-son Tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi

17:18 07 May 2023 Jamiyat
719 0

Joriy yilning 6-may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari vakillari tomonidan Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 1-son Tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Monitoring tashrifi davomida hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning Jinoyat-ijroiya kodeksi va “Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan huquq va manfaatlari taʼminlanayotganligi holati oʻrganildi.

Oʻrganish davomida hibsxonada bir qator kamchiliklar mavjudligi, jumladan, ayrim kameralarda sanitariya-gigiyena holati talab darajasida emasligi, saqlanayotgan shaxslarga sayr uchun yetarli vaqt berilmayotgani hamda tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha ayrim eʼtirozlar bildirildi.

Monitoringda ushbu salbiy holatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga Ombudsman talabnomasi kiritildi.

Maʼlumki, 2022-yil 1-2-iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblangan 22 nafar shaxsga nisbatan Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida jinoyat ishi apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilmoqda. Shu bois, 22 nafar ayblanuvchidan qamoq ehtiyot chorasi tanlanganlari ushbu hibsxonada saqlanmoqda.

Monitoring tashrifi davomida ushbu ayblanuvchilar saqlanayotgan kameralarga, xususan Dauletmurat Tajimuratov saqlanayotgan kameraga ham tashrif buyurildi. Ular bilan jamoaviy va yakka tartibda holi tarzda suhbatlar oʻtkazildi. Unda hibsxonadagi saqlash sharoitlari va oziq-ovqat taʼminotidan eʼtirozlari yoʻqligini maʼlum qilishdi. D.Tajimuratov ham advokati va himoyachisi bilan uchrashuvlarga ruxsat berilayotganligini, biroq hibsxona xodimlari unga huquq va majburiyatlarini yetarli darajada tushuntirishmaganliklari, shu bois hibsxona xodimlariga nisbatan ayrim eʼtirozlarini bildirib oʻtdi.

Olingan maʼlumotlarga koʻra va koʻzdan kechirilgan hujjatlarga asosan D.Tajimuratov 1-son Tergov hibsxonasiga olib kelinganidan soʻng tashrif kuniga qadar himoyachisi, yaʼni ukasi Renat Tajimuratov bilan 7 marotaba va advokati Sergey Mayorov bilan 2 marotaba holi tarzda uchrashgan.

Shuningdek, tashrif davomida Jinoyat kodeksining 164-moddasida (Bosqinchilik) nazarda tutilgan jinoyatini sodir etganlikda gumon qilinib, qamoqqa olingan Dilshodjon Toʻraxoʻjayev va 251 prim 1-moddasida (Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda gumonlanib, qamoqqa olingan Hasanboy Abdunabiyevlar bilan ham yakka tartibda holi suhbatlar oʻtkazildi.

Oʻtkazilgan suhbatlar davomida har ikki shaxs ijtimoiy tarmoqlarda oʻzlari haqida tarqatilgan xabarlarni tasdiqladi. Xususan, D.Toʻraxoʻjayevning soʻzlariga koʻra, unga nisbatan Namangan viloyati Pop tumani Ichki ishlar boʻlimida va keyinchalik Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida ruhiy va jismoniy bosim oʻtkazilgan. Qiynoqlar natijasida aybiga iqror boʻlgan va olgan tan jarohatlarini ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yetkazilganligi boʻyicha koʻrsatma bermagan. Uning qiynoqqa solingani haqida keyinchalik advokati xabar qilgan. Shuningdek, u ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy qiynoqqa solinganligini tasdiqlovchi asosli dalillari mavjudligini maʼlum qildi.

Shu bois, Ombudsmanning monitoring tashrifi yakunlariga koʻra, D.Toʻraxoʻjayevning qiynoqqa solinganligi holati yuzasidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari har tomonlama, toʻliq va qonuniy oʻtkazilishining taʼminlanishi yuzasidan Bosh prokuraturaga nazorat xati kiritildi.

Bunga qadar ham H.Abdunabiyevning advokati tomonidan Ombudsmanga yuborilgan murojaat, Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida koʻrib chiqilishi yuzasidan Bosh prokuraturaga Ombudsmanning nazorat xati kiritilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер