Toshkent viloyatida narkolaboratoriya tashkil qilganlar ushlandi

18:02 18 Fevral 2026 Jamiyat
305 0

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi ijaraga olingan xonadonda narkolaboratoriya tashkil qilgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, viloyat IIBB xodimlari tomonidan DXX hududiy boshqarmasi hamda tuman huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari hamkorligida Yuqori Chirchiq tumanida navbatdagi tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Tadbir davomida 20-26 yosh orasidagi 4 nafar shaxs tumanning “Nurafshon” mahallasidagi vaqtincha ijaraga olingan xonadonda qoʻlbola usulda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini tayyorlash maqsadida narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlangan.

Gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlandi. Tekshiruvlar davomida ushbu manzildan 3 kg “pregabalin”, 25 kg “trilon”, 20 litrlik idishlarda suyuqlik va prekursorlar, boʻsh kapsulalar hamda 3 ming dona boʻsh flakon topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Surishtiruv davomida gumonlanuvchilar laboratoriyani tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalarni internetdagi narkodoʻkon kuratorlaridan olib, ularning moliyaviy koʻmagida ish yuritgani aniqlangan. Dastlabki maʼlumotga koʻra, musodara qilingan moddalarning “qora bozor”dagi qiymati 300 ming AQSH dollarini tashkil etib, 50 mingdan ortiq dozadagi dorilar tarqatilishining oldi olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251(1) 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер