Toshkent viloyatida “Nafosat” festivali oʻtkazilmoqda

18:24 23 Mart 2021 Madaniyat
1171 0

Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi tashabbusi bilan «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi va hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda 2021-yilning 23-26-mart kunlari Toshkent viloyatida aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida kiyinish madaniyatini yana-da rivojlantirishga qaratilgan “Nafosat” festivali oʻtkazilmoqda.

Mazkur festivalning dastlabki kunida Toshkent tumanidagi Madaniyat markazida Toshkent viloyati dizaynerlari va hunarmandlari tomonidan yaratilgan milliy liboslar koʻrgazmasining ochilishi boʻlib oʻtdi. Unda soʻnggi yillarda jamiyatimizda xotin-qizlarning mavqeini yana-da yuksaltirish, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash masalalari davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilanganligi alohida taʼkidlandi.

Xususan, ijtimoiy hayotda ayollarning oʻrni ortib borgan sari ularning kiyinishiga, tashqi koʻrinishiga eʼtibor ham asosiy oʻringa chiqishiga alohida toʻxtalib, bugungi kunda xotin-qizlar oʻrtasida milliy va zamonaviy ruhdagi, mentalitetimizga mos ravishdagi kiyimlar andozasini muntazam ravishda targʻib qilib borishni davrning oʻzi taqozo etayotgani qayd etildi.

Toshkent viloyati yosh dizaynerlari oʻrtasida milliy va zamonaviy andozalarni chizish boʻyicha “Yosh dizayner” tanlovi tashkil etildi hamda yoshlar modasi, anʼanalar va zamonaviy yoʻnalishlar mavzularida aholi va yoshlar orasida soʻrovnomalar oʻtkazildi.

Shuningdek, xorijlik va oʻzbekistonlik dizaynerlar, yoshlar hamda soha mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ilgʻor ishlab chiqarish korxonalari faoliyati toʻgʻrisidagi “Made in Uzbekistan” nomli lavha namoyish etildi.

Bundan tashqari, festival doirasida “Ayollar va yoshlar orasida kiyinish madaniyati” mavzusida seminar-trening boʻlib oʻtdi. Unda bir qator mahalliy va chet ellik mutaxassislar, ilgʻor dizaynerlar “Yetakchi mutaxassislar va oʻzbek dizaynerlari tomonidan zamonaviy oʻzbek ayolining imiji” kabi bir qancha dolzarb mavzular yuzasidan oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Liboslar koʻrgazmasida esa yosh dizaynerlar oʻz kolleksiyalari bilan ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?