Toshkent viloyatida 190 ta ehtiyojmand oilaga quyosh panellari oʻrnatib berildi

17:27 26 Iyun 2023 Jamiyat
563 0

Foto: “Xalq soʻzi”

“Mahalla” xayriya jamoat fondining Toshkent viloyati boʻlimi tomonidan hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yolgʻiz keksalarni qoʻllab-quvvatlash borasida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shu kecha kunduzda viloyatning bir qator shahar va tumanlarida “temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar istiqomat qiluvchi 190 ta ehtiyojmand xonadonga qayta tiklanuvchi energiya manbasi qurilmasi —quyosh panellari oʻrnatib berildi.

— Aholini doimiy elektr energiyasi bilan taʼminlashdagi uzilishlarni oldini oluvchi bu moslama har tomonlama qulay ekan, —deydi Chinoz tumanidagi “Sohibkor” MFY hududida istiqomat qiluvchi Avaz Qoʻshayev. — Ayniqsa, bugungidek ulugʻ ayyom kunlarida roʻzgʻorimizga dastyor kirgandek boʻlib qoldi. Bu beminnat elektr manbasi har bir oilada maishiy texnika bilan bogʻliq yumushni bajarishda qoʻl kelyapti.

Shu tumanning “Ahillik” MFY hududida istiqomat qiluvchi Shoira Ahmedova ham quyosh panellari afzalliklari haqida aytib oʻtdi.

— Davlatimiz rahbari boshlagan bu xayrli ishda odamlarga mana shuncha yengilliklar bor ekan, — deydi u. —Kunning yorugʻ va quyoshsiz qismida ham ishlovchi bu qurilma koʻpchilikka maʼqul. Ayniqsa, elektr tokidan foydalanganlik uchun toʻlov qilishga qiynalayotgan xonadonlarga tekinga oʻrnatib berilayotgani, yana 12 yillik kafolati borligi tahsinga loyiq.

“Mahalla” xayriya jamoat fondining Piskent tuman boʻlimi jamoasi esa “Nuroniy” jamgʻarmasi va 2-sektor vakillari bilan hamkorlikda Qurbon hayiti munosabati bilan bir qator xayriya tadbirlarini oʻtkazmoqda. Tegishli daftarlarda qayd etilgan, yolgʻiz yashovchi yoki boquvchisini yoʻqotgan hamda nogironligi bor farzandlar tarbiya qilayotgan fuqarolar yashovchi xonadonlarga borishib, hayitlik sovgʻalari hamda moddiy yordamlar ulashishmoqda.

— Ajr-u savobi ulugʻ kunlarda moddiy taʼminotdan qiynalganlar, muhtojlar, yetimlar, nogironlar holidan xabar olish bu juda yuksak insoniy fazilat. Qurbon hayitining goʻzal xislatlaridan biri ham shunday, —deydi “Guliston” mahallasida yashovchi Sharofat Abduqodirova.

Bunday mehr-muruvvat tadbirlari viloyatning barcha tumanlarida tegishli sektor vakillari bilan hamkorlikda oʻtkazilmoqda.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер