Toshkent viloyati IIBB tajovuzga uchragan 14 yoshli qiz boʻyicha izoh berdi

14:10 17 Mart 2021 Jamiyat
1501 0

“Voyaga yetmagan qizaloqni tahqirlagan shaxslar nega jazoga tortilmayapti?” sarlavhali maqola yuzasidan izoh berildi.

Mazkur maqolada keltirilgan holat va vajlar Toshkent viloyati IIBB masʼullari tomonidan tegishli tartibda oʻrganildi va quyidagilar maʼlum qilindi. 

Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan prokuratura organlari va viloyat IIBB nazoratida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hozircha ochiqlanishi mumkin boʻlgan holatlarga koʻra, 2020-yil 16-sentyabr kuni Oʻrta Chirchiq tumanda yashovchi fuqaro B.A. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, oʻz arizasida 2006-yilda tugʻilgan qizi D.O. 2020-yil 11-sentyabrdan buyon uydan nomaʼlum tomonga chiqib ketib bedarak yoʻqolganligini maʼlum qilib, topilishida koʻmak soʻraydi. Oʻrta Chirchiq tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv va surishtiruv harakatlari natijasida voyaga yetmagan D.O. 2020-yil 26-sentyabr kuni Nurafshon shahrida ekanligi aniqlanadi va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, uyiga qaytariladi.

Holat yuzasidan voyaga yetmagan D.O. bilan oʻtkazilgan suhbat va oʻz koʻrsatmasida, haqiqatdan ham 2020-yil 11-sentyabr kuni oʻziga oldindan tanish boʻlgan fuqaro A.X. bilan birgalikda chiqib ketganini maʼlum qilgan.

Shuningdek, gumon qilinuvchi 1991-yilda tugʻilgan A.X. oʻz koʻrsatmasida, fuqaro D.O. unga oʻzini 2000-yilda tugʻilganligini aytib tanishtirganini va ijarada yashash uchun uy topib berishini soʻraganini, shu sababli unga Nurafshon shahridagi koʻp qavatli uylardan birini ijaraga olishga yordamlashganini, lekin ijara uyda D.O. ning bir oʻzi yashaganligini maʼlum qilgan.

Surushtiruv davomida, voyaga yetmagan D.O. uyidan chiqib ketgan vaqtda otasi B.A. turmush oʻrtogʻi D.A. bilan (2017-yildan 2020-yil 16-sentyabrgacha) Rossiya Federatsiyasida boʻlganliklari aniqlangan.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida, voyaga yetmagan D.O.ga nisbatan tayinlangan sudga oid psixiatriya va psixologiya kompleks ekspertizasi xulosasi olinmaganligi sababli 2020-yil 30-oktyabrda jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki surishtiruv harakatlari Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 364-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan harakatdan toʻxtatilgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi qayta tiklangan va tergov jarayonida barcha mavhum holatlar ochiqlanmoqda. Ishini har tomonlama toʻla va xolisona olib borilishini taʼminlash, ayblanuvchi, fuqaroviy daʼvogar va jabrlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi lozim boʻlganlar hamda holatga guvoh boʻlgan shaxslarni tergovga jalb qilish zarurati yuzasidan qoʻshimcha surushtiruv harakatlari olib borilmoqda. Holat yuzasidan Qonun ustuvorligi toʻliq taʼminlanadi.

Shu oʻrinda maqola muallifi, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari jurnalist va blogerlardan, bu kabi tergov jarayonlari olib borilayotgan holatlarda vaziyatga bir tomonlama yondashmasliklarini, voqea yuzasidan ikkichi tomon izohlarini ham oʻrganib chiqishlarini, qonun va qonun osti hujjatlariga amal qilishlarini soʻralgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?