Toshkent viloyati hokimligida Oliy Majlis Senati Kengashining sayyor majlisi. U tanqidiy ruhda boʻlib oʻtdi

08:19 07 Oktyabr 2020 Jamiyat
604 0

Xabar berganimizdek, 2020-yil 6-oktyabr kuni Toshkent viloyati hokimligida Oliy Majlis Senati Kengashining sayyor majlisi boʻlib oʻtdi. Unda, Senat aʼzolari va qoʻmita raislari, senatorlar, Hisob palatasi ekspertlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, viloyat hokimligi mutasaddilari, OAV xodimlari ishtirok etishdi. Sayyor majlisda Respublika vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyatning mahalliy Kengashlar deputatlari, mavjud tuman va shahar hokimlari onlayn muloqot tarzida qatnashdilar.

Senat Raisi Tanzila Narbayeva yigʻilishni ochar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqining tarixiy ahamiyati xususida batafsil toʻxtaldi. BMT minbarida yurtboshimiz tomonidan koʻtarilgan dolzarb muammolar jahon hamjamiyati tomonidan qizgʻin qoʻllab quvvatlanganligini taʼkidladilar. “Bu oʻz navbatida Oʻzbekistonning jahondagi taraqqiy etgan davlatlar ichida obroʻsi kun sayin yuksalayotganligidan dalolatdir”, dedi T.Narbayeva.

Soʻngra, Prezidentimizning Qoraqalpogʻiston Respublikasiga qilgan tashriflari doirasidagi dolzarb vazifalar hamda Cardobadagi texnogen holatlarini bartaraf etish, mamlakatimizda kambagʻallikni bosqichma-bosqich tugatish yuzasidan bergan tavsiyalarini muhim ahamiyati xususida toʻxtaldi. Senat ishchi guruhi tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini joylarga chiqib oʻrganish amaliyoti joriy etilgani katta samara berayotganini taʼkidladi. Jumladan, Toshkent viloyatida olib borilgan oʻrganishlar natijalari xususida toʻxtalarkan, bunday dedi:

— Yigirma besh yil davomida deputatlarmiz va senatorlar jim kelishdi. Joylardagi muammolar yechimi xususida mutlaqo bosh qotirishmadi. Bugun yangi davr boshlandi. Yangi Oʻzbekiston yuz ochdi. Senat ishchi guruhi tomonidan Sardobadagi texnogen holat oqibatlarini tugatish, bu yerdagi aholi turmush farovonligini yuksaltirish, shuningdek, respublikamizning Boyovut, Boʻston, Olot, Toʻraqoʻrgʻon tumanlari, Qarshi va Kattaqoʻrgʻon shahridagi bir qator muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy takliflar ishlab chiqildi. Ular asosida ushbu hududlarni rivojlantirish borasida Vazirlar Mahkamasining alohida qarori tayyorlanmoqda. Bu qonuniy hujjatlar ijrosi Senatning alohida nazoratida boʻladi.

Senat ishchi guruhining Toshkent viloyatidagi oʻrganishi natijalarida bir qator davlat dasturlari ijrosi borasida talaygina kamchiliklar, uy-joy, yoʻl qurilishi, mahallalarni obodonlashtirish, qishloqlarni toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, investitsiya dasturlarini ishlab chiqish borasida qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻyilganligi maʼlum boʻldi. Ijtimoiy taʼminotga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasida “Saxovat va koʻmak” harakati doirasida koʻrsatilgan moddiy yordamlarni oʻzlashtirish, qoʻshib yozish, mansabdor shaxslarning oʻz xizmat vazifasini suiisteʼmol qilish kabi noxush holatlar aniqlandi. Viloyatda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasidagi tahlillar ham quvonarli emas. Bu tizimda ham koʻzboʻyamachiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Bandlik, aholini ish bilan taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha davlat buyurtmasini bajarish borasida esa soxtaliklar qalashib yotibdi.

Senat Raisi bu boradagi holat toʻgʻrisida toʻxtalar ekan, odamlar taqdiriga befarqlik oqibatida, viloyatda aholi bandligini taʼminlash borasida kechirib boʻlmaydigan xatoliklarga yoʻl qoʻyilganligini sanab oʻtdi. Hisobotlarda amalda yoʻq boʻlgan 800ta ish oʻrini yaratildi deb, yolgʻon maʼlumot berilgan. Davlat buyurtmasiga muvofiq rejalashtirilgan 5.500 nafarga yaqin ish oʻrini yaratish topshirigʻi esa shunchaki taʼminlanmagan.

Yigʻilishda ushbu holat yuzasidan vazirlik va idoralar rahbar va mutasaddilari tegishli tartibda tushuntirish berdilar.

Ishchi guruhi tomonidan viloyatdagi, ijtimoiy-iqtisodiy va huquq- tartibot idoralari faoliyati tahlili qoniqarsiz ekanligini afsus bilan qayt etmoqchiman, deydi, ishchi guruhi aʼzosi, Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasida doimiy asosda ishlovchi senator Malika Qodirxonova. — Import mahsulotlarini mahalliylashtirish dasturi oʻrganilganida, qator loyihalarda qoʻshib yozish holatlari aniqlandi. Hudud poytaxt viloyati boʻlishiga qaramasdan, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashda ham bir qator kamchilik va nuqsonlar mavjud. Masalan, 14ta aholi manzillarida suv quvurlarini yangilash, taʼmirlash borasida 19,3 milliard soʻmlik mablagʻ maqsadsiz ishlatilgan. Natijada, bajarilishi koʻzda tutilgan ishlar amalga oshirilmagan va aholiga ichimlik suvi yetib bormagan.

Toshkent, Yangiyoʻl, Chinoz, Qibray, Zangiota, Boʻstonliq tumanlari va Angren shahridagi soliq tizimining faoliyati tahlil qilinganida tadbirkorlarning davlat oldidagi qarzdorligini oʻz vaqtida undirish borasida xatoliklarga yoʻl qoʻyilgani maʼlum boʻldi. Sudlarga 21,3 milliard soʻmlik, soliq qarzini undirish boʻyicha davo arizalari oʻz vaqtida kiritilmagan. MIBga esa 46,1 milliard soʻmlik qarzlarni undirish toʻgʻrisidagi soliq idoralarining qarorlari yuborilmagan. Natijada, byudjet tushumlariga jiddiy putur yetkazilgan.

Ayniqsa, bozorlardagi tartib-intizom boʻshashtirib yuborilgan. Goʻsht va oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi shaxslar faoliyati oʻrganilganida, ularning na yakka tartibdagi tadbirkor sifatida va na yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtmagani maʼlum boʻldi. Soxta tadbirkorlarning noqonuniy faoliyati natijasida byudjetga 5 milliard soʻmdan oshiq soliq toʻlovlari hisoblanmagan.

Sayyor majlisda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan 655 ta normativ-huquqiy hujjatdagi 4 155 ta topshiriqdan 41 tasi oʻz vaqtida va toʻliq bajarilmagan. Davlatimiz rahbarining viloyatga tashriflari doirasida amalga oshirilishi belgilangan 30 ta investitsiya kelishuvi ijrosi oʻrganilganda, qiymati 622,4 mln. dollarlik 14 ta kelishuv ijrosi toʻxtab qolganligi, 339,3 mln. dollarlik 7 ta kelishuv ijrosi muddatidan kechikkanligi, 450 mln. dollarlik 5 ta loyiha esa umuman boshlanmaganligi ayon boʻldi. Shuningdek, investitsiya dasturlari doirasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan 909 ta loyihadan 233 tasining ijrosi ortda qolmoqda.

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha hisobotlarda oʻrtacha mahalliylashtirish darajasi 2019-yilda 67,7 foiz, 2020-yilning birinchi yarim yilligida 56 foiz koʻrsatilgan boʻlsa-da, oʻrganish natijasida ushbu koʻrsatkich mos ravishda 48,6 va 51 foizni tashkil etgan. Hisobotlarda qoʻshib yozish hisobiga oshirib koʻrsatish holatlariga yoʻl qoʻyilishi oqibatida mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga oʻxshash mahsulotlar import qilingan.

Yuqorida taʼkidlanganidek, yangi ish oʻrinlari tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasini bajarishda ham muayyan kamchiliklar mavjud. Xususan, davlat buyurtmasidagi 7 ta yoʻnalish boʻyicha belgilangan koʻrsatkich (30 401 ta ish oʻrni) 32 847 taga yoki 108 foizga bajarilgan boʻlsa-da, 2 ta yoʻnalishda 5 439 ta ish oʻrni yaratilishi taʼminlanmagan. Tanlov asosida 2019-yilda haqiqatda yaratilmagan ish oʻrinlari hududlar va yoʻnalishlar kesimida oʻrganilganda, ularning soni hisobotlarda koʻrsatilganga nisbatan 797 taga koʻpni tashkil qilgan.

Joylarda yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Buning natijasida Senatga bugungacha viloyat aholisidan 800dan ziyod murojaatlar tushganligi aytib oʻtildi. Eʼtirozlar miqdori asosan, Zangiota va Qibray tumanlarida ortib bormoqda. T.Narbayeva bularning natijasi xususida joylardagi hokim va rahbarlarga murojaat qilar ekan: “Hokimlik idoralari, Xalq qabulxonalari ishlamayaptimi?!”,- deya haqqoniy savol berdi.

Majlisda shu va boshqa kamchiliklarning sabablari tahlil qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, Oliy Majlis Senati va Hisob palatasi tomonidan Toshkent viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida ularga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Unda, jumladan, amalga oshirish muddatidan kechikayotgan 10,9 trln. soʻmlik 126 ta hamda amalga oshmay qolayotgan 20,7 trln. soʻmlik 107 ta loyihaning ishga tushirilishini oʻrganish uchun xatlov oʻtkazish reja grafigini ishlab chiqish, shuningdek, istiqbolsiz loyihalarni oʻrindosh loyihalar bilan almashtirish va ularni belgilangan muddatlarda ijro etilishini taʼminlash kabi chora-tadbirlar belgilandi.

Majlisda muhokama etilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Yigʻilish soʻnggida T.Narbayeva anʼanaga koʻra, ushbu tadbirda ishtirok etgan OAV xodimlari va blogerlar uchun matbuot anjumani oʻtkazdi. Unda, sayyor majlisda koʻrilgan masalalar yuzasidan berilgan savollar atroflicha tahlil qilindi.

Shodiyor MUTAHAROV
(Xalq szi)
Suratlar muallifi Nozim Abdullayev.

 

 

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?