Toshkent tibbiyot akademiyasining qariyb 5 gektar yeri koreyalik investorlarga beriladi

14:46 10 Dekabr 2020 Iqtisodiyot
1875 0

Vazirlar Mahkamasining “Koreya konsorsiumining investitsiya loyihasi doirasida Toshkent shahrida tibbiyot klasterini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Loyihaga qoʻra, Toshkent shahrida 400 oʻrinli, kuniga 3500 ambulator tashrifga moʻljallangan Tibbiyot markazi, shuningdek quvvati 2400 talaba (bakalavr, magistr)ga taʼlim berishga moʻljallangan Koreya tibbiyot universitetining filialini oʻz ichiga olgan umumiy qiymati 135,2 mln AQSH dollari boʻlgan tibbiyot klasterini yaratish boʻyicha taʼsischilari Uclone&SNS Korea Inc, KIND biznes guruhi, KDBank aksiyadorlik guruhi, Shinhan Bank, K-Exim Bank, Koreyaning Chung-Ang universiteti boʻlgan Koreya konsorsiumi (investor) toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya loyihasini amalga oshirishi rejalashtirilmoqda.

Tibbiyot klasterini qurish va foydalanishga topshirish

BLT (build-lease-transfer) “qurilish – ijara – topshirish” platformasi asosida amalga oshiriladi va 25 yilga moʻljallanadi, shundan soʻng loyiha oʻzbek tarafining Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshqaruviga oʻtkaziladi.

Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi bitim doirasida amalga oshiriladi.

Loyihada keltirilishicha, investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida tibbiyot klasteri qurish uchun maydoni 4,8 ga boʻlgan yer uchastkasi ajratiladi.

Qurilish-montaj ishlarining loyiha hujjatlari investitsiya loyihasini amalga oshirish jarayoni bilan bir vaqtda ishlab chiqilishi va amalga oshirilishiga istisno tariqasida ruxsat beriladi.

Investitsiya loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlariga koʻra, loyihaning umumiy qiymati 135,2 mln AQSH dollari. Tibbiyot markazining umumiy qiymati: 105,5 mln, Tibbiyot universitetining umumiy qiymati esa 29,7 mln AQSH dollari. Moliyalashtirish manbasi Koreya konsorsiumining toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalaridir.

Inobat AHATOVA, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?