Toshkent shahrida qurilishga ruxsat berish va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish bo‘yicha yangi, kompozit tarzda xizmat ko‘rsatish tizimi joriy qilindi
Adliya vazirligining ijtimoiy tarmoqlaridagi Toshkent shahrida qurilishga ruxsat berish va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish davlat xizmatini soddalashtirilgani haqidagi xabarlari qo‘shimcha aniqlik kiritish masalasida Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyevga murojaat qildik.
X.Meliyevning ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-son qaroriga asosan, bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish muddati 7 ish kuni, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish muddati esa 13 ish kuni etib belgilangan edi, umumiy muddat esa 20 ish kuni. Bu xizmatlar uchun umumiy bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida yig‘im undiriladi va arizalar ko‘rib chiqilishi 11 bosqichda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2025-yil 23-yanvar kuni ipoteka dasturi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun rejalar to‘g‘risida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish va qurilishga ruxsat berish bo‘yicha mavjud jarayonlarni birlashtirgan holda buning uchun sarf etiladigan vaqtni qisqartirish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.
Shunga ko‘ra, Adliya vazirligi va Qurilish vazirligi tomonidan Toshkent shahrida eksperiment tariqasida qurilishga ruxsat berish va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish davlat xizmatlari kompozit tarzda ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma qaror tasdiqlanib, ijroga qaratildi.
Mazkur qo‘shma qarorga asosan 2025-yil 15-fevraldan boshlab, Toshkent shahrida eksperiment tariqasida qurilishga ruxsat berish va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan muddatlar va ko‘rib chiqish bosqichlari sezilarli darajada qisqartirildi.
Xususan, umumiy muddat 20 ish kunidan 12 ish kuniga, ko‘rib chiqish bosqichlari 11 tadan 7 taga qisqartirildi va yig‘im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravardan 0,5 baravariga tushirildi.
Muqaddam mazkur davlat xizmatlaridan foydalanish uchun talabgorlar jami 5 marotaba (ruxsatnoma uchun ariza yuborish, ruxsatnomani olish, ART uchun ariza yuborish, ART to‘lovini amalga oshirish hamda ARTni olish) davlat xizmatlari markazlariga kelishlari lozim bo‘lgan, hozirda bu tashriflar qisqaradi (YAIDXPdan yuborilsa kelish shart emas).
Toshkent shahri misolida aytadigan bo‘lsak, davlat xizmatlari markazlariga o‘tgan 2024-yil davomida bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish bo‘yicha 8 686 ta (6 317 ta jismoniy shaxs, 2 369 ta yuridik) hamda arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish bo‘yicha 4 752 ta (2 422 ta jismoniy shaxs, 2 330 ta yuridik) arizalar kelib tushgan bo‘lib, talabgorlar ushbu xizmatlardan foydalanish uchun 5 marotaba davlat xizmatlari markazlariga kelishgan.
Ma’lumot uchun: Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil davomida, mazkur davlat xizmatlari bo‘yicha 2 113 ta qonun buzilishi holatlari aniqlanib, vakolatli organlarning 55 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llanilgan.
Bu o‘zgarishlar nafaqat ortiqcha ovoragarchilikni, balki vaqt va mablag‘ni tejashga ham yordam beradi. Bitta ariza bilan qurilishga ruxsatnoma va ART hujjatlarini olish imkoniyati yaratildi.
Eksperiment 2025-yil oxiriga qadar Toshkent shahrida olib boriladi va natijalari bo‘yicha respublika miqyosida joriy qilish uchun Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etiladi.
Yangi tartib shahar va respublikadagi qurilish sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.
Iqbol PARDAYEVA.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Oʻzbekistonga nechta davlatdan turistlar kelayotgani ochiqlandi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring