Toshkent mezbonligida Xalqaro matematika olimpiadasi boʻlib oʻtmoqda

Foto: Jaloliddin Rajabov / “Xalq so'zi”
Joriy yilning 18-may kuni Toshkent shahridagi Xalqaro Nordik universitetida matematika fanidan iqtidorli oʻquvchi-yoshlar uchun muhim bellashuv — “TasIMO-2025” Toshkent xalqaro matematika olimpiadasining final bosqichi oʻtkazildi. Toʻrt kunlik ilmiy va madaniy faoliyatlarni qamrab olgan mazkur olimpiada ishtirokchilar uchun boy tajriba va unutilmas taassurotlar hadya etdi.
“TasIMO-2025” Xalqaro Nordik universiteti hamda IDC taʼlim markazi tashabbusi bilan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Bolalar Ombudsmani, Jahon banki, UNICEF xalqaro tashkiloti, Rovan universiteti (AQSh) va Kareliya AFU (Finlyandiya), “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari hamda UzReport TV hamkorligida tashkil etildi.
Olimpiadaning onlayn boʻlib oʻtgan 1-bosqichda respublikamiz boʻylab 500 ming nafar yosh matematiklar bilimi sinovdan oʻtkazildi. Ikkinchi, oflayn bosqichda esa 14 ta hududdagi 2 ming 983 nafar ishtirokchi-oʻquvchidan 150 nafariga final bosqichga yoʻllanma berildi. Shuningdek, 48 ta xorijiy mamlakatdan 850 nafar iqtidorli oʻquvchilar orasidan 242 ishtirokchi final bosqichiga tavsiya etildi.
Kecha, 20-may kuni Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani Oq tosh qishlogʻi yaqinida joylashgan “Green Hills Resort” dam olish maskanida Toshkent xalqaro matematika olimpiadasi (TasIMO) doirasidagi muhim tadbirlardan biri — “Xalqaro matematika festivali” boʻlib oʻtdi.

Mazkur festival dasturida ishtirokchilar uchun intellektual viktorinalar, zakovat va sport musobaqalari tashkil etildi. Kun davomida ishtirokchilar intellektual va jismoniy oʻyinlarda oʻz kuchlarni sinab koʻrishdi.


Xususan, qatnashchilar xuddi Janubiy Koreya kino ijodkorlari tomonidan suratga olingan “Kalmar oʻyini” (Squid Game) filmdagi kabi guruhlarga boʻlingan holda arqon tortish, besh tosh singari qiziqarli oʻyinlarda oʻz imkoniyatlarini sinab koʻrishdi.


Bundan tashqari ular yapon milliy kurashi, sumo bahslarida ham oʻzaro kuch sinashishdi.

Oʻyinlardan soʻng bolalar togʻli kurort maskanda sayr qilib, gullar terishdi hamda foto-va videosuratga tushishdi.

Festival yakunida yuqorida taʼkidlangan intellektual viktorinalarda gʻolib boʻlgan matematiklarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Bugun, 21-may kuni “TasIMO-2025” Toshkent xalqaro matematika olimpiadasining final bosqichi natijalari eʼlon qilinadi hamda gʻoliblar pul va qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlanadi.
Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring