Toshkent Markaziy vokzalidan harakatlanuvchi koʻplab poyezdlar bir oy davomida Janubiy vokzaldan qatnaydi

00:00 10 Iyul 2024 Jamiyat
298 0

Toshkent Markaziy vokzalidan harakatlanib kelayotgan aksariyat poyezdlar 15-iyulidan 15-avgustigacha Toshkent Janubiy vokzalidan qatnovini amalga oshiradi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, bu “Toʻqimachi” hamda “Toshkent yoʻlovchi” bekatlari oraligʻidagi temir yoʻlda texnik taʼmirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan amalga oshirilmoqda.

Shu bois Olma-ota—Toshkent—Olma-ota, Toshkent—Novosibirsk—Toshkent, Toshkent—Samara—Toshkent yoʻnalishida harakatlanadigan yoʻlovchi poyezdlari hamda Toshkent—Hojikent—Toshkent shaharlararo poyezdlaridan tashqari bugungi kunda Toshkent Markaziy temir yoʻl vokzalidan qatnovini amalga oshirib kelayotgan barcha yoʻlovchi poyezdlar Janubiy vokzaldan oʻz harakatini boshlaydi.

Jumladan, bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari, “Sharq”, “Nasaf” hamda Toshkent—Andijon—Toshkent, Toshkent—Volgograd—Toshkent, Dushanbe—Toshkent—Dushanbe yoʻlovchi poyezdlari Janubiy vokzal hududidan reyslarini amalga oshiradi.

Toshkent Markaziy hamda Toshkent Janubiy vokzallaridagi barcha chiptaxonalar tunu kun faoliyat koʻrsatadi. Bundan tashqari, chiptalarni elektron tarzda ham olish mumkin.

Shuningdek, bir oy mobaynida Toshkent Markaziy vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd joʻnashidan oldin chipta xarid qilgan yoki yanglishib Markaziy vokzalga kelib qolgan yoʻlovchilarni Janubiy vokzalga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar ham qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер