Toshkent markazidagi binoni taʼmirlashga 431,5 mlrd soʻm ajratilmoqda. Pudratchi kompaniya qurilish vazirining qarindoshlariga aloqador
Toshkentning Sharof Rashidov koʻchasidagi (Mustaqillik maydoni yonida) maʼmuriy bino rekonstruksiyasi va favvora ostiga avtoturargoh qurilishiga 431,5 mlrd soʻm sarflanishi mumkin. Pudratchi sifatida aksionerlari orasida qurilish vazirining oʻgʻli va rafiqasi boʻlgan “12-trest” tanlanmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” nashri xabar berdi.
Toshkentning Yunusobod tumani Sharof Rashidov koʻchasi 5-uyda joylashgan maʼmuriy binoni rekonstruksiya qilish hamda favvora ostiga avtoturargoh qurishga 431,5 mlrd soʻm (Oʻzbekiston Markaziy bankining 12-apreldagi kursi boʻyicha taxminan 41,1 mln dollar) sarflanishi mumkin. “Gazeta.uz” davlat xaridlari portalida eʼlon qilingan bu haqdagi maʼlumotlarga eʼtibor qaratgan.
Portal maʼlumotlariga koʻra, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi 2019-yil 9-iyulda “12-trest” AJ bilan shartnoma tuzgan. Oʻsha vaqtda shartnoma qiymati 207,82 mlrd soʻm deb belgilangan. Loyihani 2020-yil 31-dekabrgacha yakunlash, uni amalga oshirishni toʻliq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan edi.

Avtoturargoh qurilishi rejalashtirilayotgan favvora. Bir paytlar u Toshkentdagi eng baland va eng mashhur favvora boʻlgan. Soʻnggi yillarda u qurilish ishlari tufayli devor bilan oʻrab qoʻyilgan.
2021-yil 29-mart kuni tomonlar qoʻshimcha bitim imzolagan, unga koʻra amalga oshirilishi moʻljallangan ishlarning qiymati 431,52 mlrd soʻmgacha koʻtarildi.
Bundan tashqari, mavjud maʼlumotlarga koʻra, buyurtmachi ikki yil ichida 113,6 milliard soʻmni moliyalashtirgan: 2019-yilda — Moliya vazirligining 18,5 mlrd soʻm va byudjet mablagʻlari hisobidan 42,8 mlrd soʻm, 2020-yilda — 46,2 mlrd soʻm davlat byudjetidan.
“Gazeta.uz”ning yozishicha, 2021-yilda 97,89 mlrd soʻmni, qolgan 204,4 mlrd soʻmni esa mablagʻ ajratilishi bilan moliyalashtirish rejalashtirilgan.

2GIS xizmati xaritasida Sharaf Rashidov shoh koʻchasidagi 5-uy sifatida Mustaqillik maydonidagi Ezgulik arkasi bilan Vazirlar Mahkamasi binosi oʻrtasida joylashgan 14-qavatli maʼmuriy bino koʻrsatilgan. Ilgari unda Moliya vazirligi, Xalq taʼlimi va Madaniyat vazirliklari joylashgan edi.
Ushbu binoda qaysi idora yoki vazirlik joylashtirilishi hozircha maʼlum emas. Davlat xaridlari portalida joylashtirilgan hujjatlarga koʻra, rekonstruksiya qilishni loyihalashtirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-apreldagi 307−12-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati moddiy-texnik bazasini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (hujjat ochiq manbalarda mavjud emas) asos qilib koʻrsatilgan.
“12-trest” kompaniyasi haqida


Manbalar: KTYADR va IDXYAP.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri (KTYADR) maʼlumotlariga koʻra, “12-trest” kompaniyasi 1994-yil 7-dekabrda roʻyxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — noturar binolar qurilishi. Rahbar sifatida Fahriddin Nazirov koʻrsatilgan. Aksionerlar orasida Toshkent hokimligi (51,1%), Muazzam Saidaxmatovna Zakirova (19,1%), Jasur Batirovich Zakirov (14,1%), Muxayo Oktyabrevna Zakirova (13,1%) va yana 12 kishi (2,6%) bor.
“Gazeta.uz” nashri maʼlumotlariga koʻra, Jasur Zokirov va Muxayo Zakirova qurilish vaziri Botir Zokirovning oʻgʻli va rafiqasi. Uning oʻzi ham ilgari “12-trest” aksiyadorlari roʻyxatiga 2019-yil iyul oyida kiritilgan (oʻsha vaqtda u qurilish vazirining birinchi oʻrinbosari, 1996−2011-yillarda — “12-trest” boshqaruv kengashi raisi sifatida ishlagan).
Kompaniyaning tarixi 1979-yilga borib taqaladi, «Glavtashkentstroy» buyrugʻi bilan jamoat ishlarini bajarish uchun 12-sonli qurilish tresti tashkil etilgan. 1994-yilda trest “Trest-12” OAJ etib qayta tashkil etilgan, 2000-yilda esa u mustaqil yuridik shaxsga aylandi. 2017-yilda u MCHJga, 2018-yilda esa yana OAJga aylantirildi.
“12-trest” kompaniyasi Vazirlar Mahkamasi binosini (2001), Senat maʼmuriyati binosini (2004), Moliya vazirligi binolarini (2005), Singapur menejmentni rivojlantirish institutini (2008), Bunyodkor stadioni (2012), HYATT Regency mehmonxonasi (2016) va boshqalar (kompaniya veb-saytida 2017-yilgacha boʻlgan loyihalar roʻyxati) rekonstruksiyasi bilan shugʻullangan. Barchasi boʻlib, kompaniya 225 dan ortiq loyihani amalga oshirganligi haqida xabar berilgan.
Soʻnggi loyihalar qatorida bosh pudratchi tomonidan tendersiz tanlangan Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishini ham koʻrsatish mumkin. Loyihaning 2020-yil oktyabr oyidagi qiymati 988,2 milliard soʻmga baholangan (jumladan tadbirkor Alisher Usmonov hisobidan moliyalashtirilmoqda).
“12-trest” xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari orqali ommaviy savdolarga qoʻyilgan 62 ta davlat aktivi roʻyxatiga kiritilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring