Toshkent davlat agrar universiteti delegatsiyasi Malayziyada qator hamkorlik kelishuvlariga erishdi

Malayziyada “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda oliy taʼlim sohasidagi imkoniyatlar va tashabbuslar” mavzusida birinchi Oʻzbekiston – Malayziya taʼlim forumi boʻlib oʻtdi. Forum tantanali ravishda ikki davlat madhiyalari yangrashi bilan ochildi.
Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Malayziya Oliy taʼlim vaziri Zambry Abdul Kadir soʻzga chiqib, oliy taʼlim sohasida ikki mamlakat oʻrtasidagi mustahkam hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini taʼkidladilar. Shuningdek, kelgusida oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, akademik mobillik dasturlarini rivojlantirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar hajmini oshirishga doir rejalar belgilab olindi.
Forumda Toshkent davlat agrar universiteti delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Xususan, Sulton Idris nomidagi pedagogika universitetida oʻtkazilgan mazkur Forumda universitet rektori Narzullo Oblomuradov “Oʻzbekistonda yashil iqtisodiyotga oʻtish: barqaror qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi” mavzusida taqdimot qildi.
Bundan tashqari, qator yetakchi kompaniya va universitetlarga tashrif buyurib, muhim kelishuvlarga erishdi. Jumladan, universitet delegatsiyasi Malayziyaning Pelabuhang Klang shahrida joylashgan DTS Group kompaniyasida boʻlib, korxona rahbari Raymond Tea Chin Keong mehmonlarni kompaniyaning tarixi va faoliyati bilan tanishtirdi. Uchrashuvda baliq yetishtirish va qayta ishlashda ilgʻor texnologiyalar almashinuvi, zamonaviy baliqchilik fermalarini tashkil etish tajribalari hamda mahsulotlarni saqlash va eksport qilish masalalari muhokama qilindi. DTS Group bugungi kunda baliq mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha Malayziyaning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanib, innovatsion yondashuvi bilan ajralib turadi.
Shuningdek, TDAU delegatsiyasi Malayziyaning CAG (M) SDN. BHD konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, chorvachilik va baliqchilik sohalarida hamkorlik memorandumi imzoladi. Ushbu kelishuv doirasida innovatsion texnologiyalar va ilgʻor usullarni joriy etish, olimlar va mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashish hamda xalqaro standartlarga mos mahsulot eksportini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Delegatsiya, shuningdek, Malayziyaning yetakchi texnologik va telekommunikatsiya kompaniyalariga ham tashrif buyurdi. Xususan, CelcomDigi kompaniyasi ofisida 5G va sunʼiy intellekt texnologiyalarining qishloq xoʻjaligida qoʻllanilishi, raqamli texnologiyalar yordamida aqlli qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va masofaviy monitoring boʻyicha ilgʻor tajribalar oʻrganildi.
Bundan tashqari, TDAU delegatsiyasi Malayziyaning yetakchi universitetlaridan biri boʻlgan Asia Pacific University of Technology & Innovation (APU) ga tashrif buyurib, ushbu oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik memorandumi imzoladi. Kelishuvga koʻra, universitetda Oʻzbekiston – Malayziya innovatsiya markazi tashkil etilishi va qishloq xoʻjaligi sohasida ilgʻor raqamli texnologiyalar joriy etilishi koʻzda tutilgan.
Mazkur tashrif va imzolangan kelishuvlar TDAUning xalqaro hamkorligini mustahkamlashga, qishloq xoʻjaligida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring