Toʻraqoʻrgʻonning ishkomli hovlilari

Vodiyda uzumning aslini yemoqchi boʻlsangiz Fargʻonaning Oltiarigʻi-yu, Namanganning Toʻraqoʻrgʻoniga keling, deya mulozamat qilishadi. Mazkur tumanning Xoʻjand mahallasidagi xonadonlarning har biri ishkomli. Baland-baland soʻrtoklarga tarab qoʻyilgan toklardagi quyoshdan taft olgan uzum gʻujumlari hali kuz kelmay turib tillarang tusga kiradi. Bu ishkomli hovlilarda har boshi kilo-kilo tosh bosadigan Rizamat ota, kelinbarmoq, kas-kas degan mevasi yirik donali navlar ekiladi. Taʼmi yoqimli, shirasi tilni yoradi, shundan xaridorgir. Keyingi yillarda xorijiy bozorlarda ham Toʻraqoʻrgʻon uzumlarining dongʻi ketgani bois mahallalarda uzumchilik savdosi bilan shugʻullanadigan tadbirkorlar ham koʻpayib bormoqda. Ular pishiqchilik mavsumi kelishi bilan xonadonlarda yetishtirilgan hosilni maxsus idishlarga qadoqlab, Rossiya, Qirgʻiziston, Qozogʻistonga eksport qilish harakatiga tushadi.
– Mahallamizda 672 xonadonning 470 tasi uzumchilik bilan shugʻullanadi. Uzumchilik hududning asosiy drayveriga aylandi, – deydi MFYdagi hokim yordamchisi Faxriddin Kamolov. – Ularda yiliga hammasi boʻlib 1100 tonnadan ziyod hosil yetishtirilib, isteʼmol bozoriga chiqariladi. Bu oddiy arifmetik til bilan aytganda, Xoʻjandga 8,5 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ kirib keladi, degani. Halol mehnat bilan topilgan pullar aholining munosib turmushi, uy va koʻchalarimiz obodligi, nuridiydalarimiz tarbiyasi, yaxshi kunlarimizga sarflanayotgani bilan qadrli.
Oʻz ishiga usta sohibkorlarning katta qismi mustaqillikning dastlabki yillarida yangi koʻchaga koʻchib kelgan. Unga ramziy maʼnoda “Uzumzor” deya nom berilganining sababi ham shunda. Bu yerga kelgan mehmon mezbonnikiga koʻcha boʻylab uzundan-uzoq choʻzilib ketgan ishkomlar oralab kirib boradi. Koʻzni quvontiradigan manzara: yozning jaziramasida soya-salqinlik, kun sayin toʻlishib boradigan uzum boshlari. Kayfiyatni yuz qiladigan toʻkinchilik. Hovlisi roʻparasidagi toklarga ham birdek mehr bergan omilkorlar 40-50 tuplab tok parvarishlashadi. Yetishtiradigan hosili, oladigan daromadi ham shunga yarasha. Masalan, 39-uyda istiqomat qiluvchi Nasriddin Sharofiddinov oilasi bu ishda oldingilardan.
– Otam ham uzumchilik bilan shugʻullangan, – deydi uzoq yillar jamoa xoʻjaligida hisobchilik qilgan Nasriddin aka. – Salkam saksonga kirgunga qadar ishkomdan tushmagan bu insonni koʻpchilik usta bogʻbon sifatida yaxshi tanishadi. Xoʻjandda uzumchilikdan xabari boʻlmagan insonni topish qiyin. Biz hatto kelinlarni shu ishning uddasidan chiqa olishiga qarab tanlaymiz. Toʻrt oʻgʻlimning rafiqasi toklarni kesish, xomtok qilish, boshqa yumushlarda men va ayolimga asosiy yordamchi. Hovlimizdagi bundan 15-20-yil avval ekilgan 120 tupdan koʻproq tok hozirga kelib rosa quvvatga toʻldi. Oʻtgan yili 10 tonnadan koʻproq uzum yetishtirib, uning 7 tonnasini eksportga chiqardik. Daromadimiz 120 million soʻmdan oshgan. Bu yilgisi ham chakki emas.
Nasriddin akaning roʻparasida yashaydigan Rustamjon Boyyigitov ham avvaliga hobbisi boʻlgan bu ishni endilikda eng sevimli mashgʻulotiga aylantirgan. Uzumni sotishdan orttirgan mablagʻlarini qoʻshimcha ravishda yana bir biznes – qoʻychilikka yoʻnaltirganidan soʻng topgan-tutganiga undan ham koʻproq baraka kirdi. Hovlidagi qoʻraga 10 ta hisori qoʻyni bogʻlab qoʻygan, har olti oyda yetilganini bozorga chiqarib, yangisiga almashtirib turadi.
Atrof mahalladagilar Xoʻjandga “boy mahalla” deya havas bilan qarashadi. Boisi, bu yerda yashovchilar asosiy koʻpchiligining hamyoni baquvvat, dasti uzun. Oilaviy biznesdan topganlarini zamonaviy uylar qurish, roʻzgʻor toʻkinligi, oʻgʻil-qizlarini oʻqitishga sarflashyapti. Mahalla obodligi, kambagʻalroq qoʻshnilarga silai rahm koʻrsatish koʻpchilik uchun odatga aylangan. Yoqubjon Xidirov uzumchi oʻgʻli Dilmuhammadni Janubiy Koreyadagi oliygohda toʻlov kontrakt yoʻli bilan oʻqitib, yaxshi mutaxassis qilib tarbiyaladi. Olimjon Imomaliyev esa farzandi Ilyosbekni Toshkentda magistraturada oʻqiyotgan chogʻda yetarlicha qoʻllab-quvvatlab turdi. Mahalladoshlar oqibati bir necha yil avval turmush oʻrtogʻi vafot etib yolgʻiz farzandi boquvchisiz qolgan Zulfiya Jorqinovaning yodida bir umr saqlanib qolishi tabiiy. Qoʻni-qoʻshnilar uni yolgʻizlatib qoʻyishmadi. Oʻtgan yili koʻpchilik koʻmagi bilan ikki xonali turarjoyi mukammal taʼmirlab berildi. Darvozasi yangilandi. Bunga qoʻshimcha xonadonga ikki kilovattli quyosh paneli oʻrnatildi. Maktabning yuqori sinfida oʻqiyotgan oʻgʻli Murodjon darsdan boʻsh paytida mahalliy tadbirkorga yordamlashib, ozmi-koʻpmi maosh olyapti. Obodonchilik ishlarida ham koʻpchilikning oʻzaro hamjihatligi ish berayotir. Hududdagi 21 kilometrlik ichki yoʻllar toʻla asfaltlangan, ularning katta qismi aholi birdamligi bilan qoʻlga kiritilgan “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida ravonlashtirildi. Xonadonlarning barchasidagi joʻmraklardan zilol suv oqib turibdi. Koʻplab hayrli yumushlarning boshida tadbirkorlar turib berishyapti. Ayniqsa, biznesini yaxshigina yoʻlga qoʻyib olgan Bahodir Alisherovning tashabbuskorligidan hamma xursand. U oldinroq oʻz hisobidan mahalla oqsoqollari uchun kengash binosi qurib bergandi. Yil boshida katta loyihaga qoʻl urib, hududda birinchi marta olti qavatli turarjoy binosini tiklashga kirishdi. “Qishloqqa shahar havosini olib kiraylik, mahalladoshlarimiz hech kimdan kam boʻlmagan sharoitda yashasin”, deydi u.
– Dastlab faoliyat boshlagan paytimda oilaviy ahvolini yaxshilash, mehnat oʻrni, moddiy yordam koʻrsatishni soʻrab keluvchilar bilan koʻproq ishlashimga toʻgʻri kelgan, – deydi hokim yordamchisi F. Kamolov. – Bugun bunday murojaatlar keskin kamaydi. Baʼzan hisobotlardagi ishsiz fuqarolar, mehnat migrantlari haqidagi yozuvlarimga koʻzi tushgan mutasaddilar koʻrsatkichlar darajasi muttasil oʻzgarayotganidan hayratlanishadi. Birgina joriy yilda ijtimoiy foydali yumush bilan band boʻlmaganlar soni keskin qisqarib 1,4 foizga tushdi. Kambagʻallik toifasidagilar ikki foizga keltirildi. Bu eng avvalo, odamlarning zamonga shukronasi, tomorqa imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, oʻzini oʻzi band qilayotgani, tadbirkorlikning boshqa yoʻnalishlari muttasil kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Qudratilla NAJMIDDINOV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring