Toʻqimachilik uskunalari va texnologiyalari namoyishi

21:30 06 Oktyabr 2021 Iqtisodiyot
1466 0

Poytaxtimizda “Toʻqimachilik uskunalari va texnologiyalari” oʻn uchinchi Markaziy Osiyo xalqaro koʻrgazmasi ochildi.

“Anhor-Lokomotiv” istirohat bogʻida davom etayotgan mazkur tadbir “Iteca Exhibitions”, “ICA Eurasia” xalqaro koʻrgazma kompaniyalari tomonidan va Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi hamda Savdo-sanoat palatasi koʻmagida tashkil qilindi.

Koʻrgazmaning ochilish marosimida soʻz olgan “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov, Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Ispaniyaning sanoat ishlab chiqaruvchilari uyushmasi direktori Alexandro Gallego va boshqalar ushbu tadbir toʻqimachilik, trikotaj, tikuvchilik ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalarning zamonaviy texnologik ishlanmalari hamda namunalari bilan yaqindan tanishtirishda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

Mazkur koʻrgazmada Avstriya, Germaniya, Hindiston, Ispaniya, Italiya, Qozogʻiston, AQSH kabi dunyoning 12 mamlakatidan yuzlab kompaniyalar oʻz mahsulotlarini namoyish etyapti.

Jumladan, turkiyalik ishbilarmonlar oʻzlarining zamonaviy trikotaj va quritish mashinalari, pardozlash, boʻyash, brakka chiqarish va laboratoriya uskunalari, matolarni uzluksiz yuvish uchun dastgohlar, toʻqimachilik qozonlari hamda nazorat-oʻlchov texnikasi, kompressorlar, gidravlik qurilmalar va boshqa koʻplab mahsulotlarni taqdim qilayotir.

Koʻrgazmada Ispaniya kompaniyalari ilk bor qatnashyapti. Ispaniyaning sanoat ishlab chiqaruvchilari uyushmasi — AMEC boshchiligidagi vakillarning xom ip va xalqasimon kalavagʻaltaklari, bosma hamda chiyratish mashinalari, dastgoh va pardozlash uskunalari koʻpchilikda alohida qiziqish uygʻotmoqda.

Uyushma direktori Alexandro Gallegoning fikricha, koʻrgazma Oʻzbekiston va Ispaniya mamlakatlarining toʻqimachilik uskunalari va texnologiyalari sohasi ishbilarmonlari oʻrtasida hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.

Koʻrgazma pavilyonidan oʻrin olgan barcha xorijiy va mahalliy toʻqimachilik mahsulotlari oʻzaro savdo masalalarini hal etish, yanada rivojlantirish, tajriba almashishga katta turtki boʻlib xizmat qiladi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?