“Elektron retsept”: yangi tizim sogʻliqni saqlash sohasidagi muammolarni hal eta oladimi?

21:28 12 Dekabr 2025 Jamiyat
699 0

Ayni kunlarda dorixonalar oldida tumonat odam yigʻilib, baqir-chaqir qilayotganiga yoki shifoxonalar va poliklinikalardagi shifokorlar qabuli uchun navbatlar sezilarli darajada oshganiga koʻpchilik guvoh boʻlmoqda. Bu, bir tomondan, kunlar sovib, aholi orasida shamollash va mavsumiy virusli kasalliklar koʻpaygani bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchi tomondan, yurtimizda joriy qilingan dori sotishning yangi qoidalari sabablidir.

Bugun odamlar orasida hamda ijtimoiy tarmoqlarda “Elektron retsept” tizimini joriy etish masalasi faol muhokama qilinmoqda.

Haqiqatan ham, yangi tartibga koʻra endi dorilarni tegishli vrach retseptisiz ololmaysiz. Retsept bilan olish uchun esa, avvalo, shifokorga uchrashimiz, DMED yagona elektron axborot platformasida roʻyxatdan oʻtgan boʻlishimiz kerak, bunga esa maʼlum vaqt talab qilinadi. Muammo shundaki, mazkur jarayonlarni hali koʻpchilik bilmaydi...

Ushbu masala boʻyicha aholining xabardorligini oshirish va tugʻilayotgan savollarga oydinlik kiritish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan matbuot anjumani oʻtkazildi. “Zoom” platformasi orqali tashkil qilingan anjumanda ommaviy axborot vositalari xodimlariga “Elektron retsept” tizimi va uni joriy etishdan koʻzlangan asosiy maqsad haqida muhim maʼlumotlar berildi.

“Elektron retsept” qanday tizim?

— “Elektron retsept” jahonning ilgʻor mamlakatlarida oʻzini “oqlagan” samarali tizim boʻlib, keng foydalanib kelinmoqda, — deydi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi rahbari Abdulla Azizov. — Bugungi kunda mazkur tizim mamlakatimizda ham bosqichma-bosqich joriy etilyapti. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — davolash xavfsizligini oshirish va bemorlar salomatligini himoya qilish, shifokorlarning masʼuliyatini kuchaytirish, dori vositalarini tayinlash jarayonini tartibga solish, sogʻliqni saqlash tizimida raqamli hisobga oʻtish, shuningdek, kontrafakt yoki notoʻgʻri qoʻllanilayotgan dori vositalari aylanmasi bilan bogʻliq xavflarni kamaytirishdan iborat.

Bugungi kunda yurtimizda 11825 turdagi dori turlari retsept asosida sotilmoqda. Ularning 7599 tasi xorijda ishlab chiqarilgan.

Afsuski, hozirgi paytda yurtimizga chetdan dori vositalarini olib kirish va ularni sotish biznesga aylanib ketdi. Bu faoliyat bilan shugʻullanadigan kompaniyalar shifokorlar bilan kelishgan holda ishlashi ham sir emas. Buning mexanizmi oddiy: siz vrach qabuliga kirasiz, u esa faqat maʼlum dorixonalardagina topiladigan dorilar roʻyxatini yozib beradi. Bu “noyob” dorilarni narxi baland boʻlishiga qaramay sotib olmasligingizning iloji yoʻq. Bunday “tadbirkorlik” aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi rahbarining fikricha, hozirgi kunda tarkibi bir xil, ammo turli nomlar bilan yurtimizga import qilinayotgan dorilar koʻp. Ularning aksariyati aynan Oʻzbekiston bozori uchun ishlab chiqarilayotgan boʻlib, boshqa mamlakatlarda uchramaydi. Xususan, hozirda qariyb 7,6 mingta import dori vositasidan 4,9 mingtasi referent mamlakatlarning narx reyestrida mavjud emas.

Yangi tizim mamlakatimizga import qilinayotgan dorilarning referent narxlarini shakllantirishda turli manipulyatsiyalarning oldini olishga ham xizmat qiladi.

“Elektron retsept” tizimi hozirda Toshkent shahri va normativ hujjatlar bilan belgilangan 15 ta tumanda joriy etilmoqda. Tizimni butun mamlakatimiz boʻylab kengaytirish 2026-yil oxirigacha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu — natijalarni tahlil qilish, aniqlangan tashkiliy va texnik muammolarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Uning mexanizmlari muntazam takomillashtirib boriladi.

Xavotirlar qanchalik asosli?

Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasiga qarashli jami 152 ta davlat tibbiyot tashkiloti va 1 496 ta dorixonaning barchasi toʻliq “Elektron retsept” tizimiga ulangan. Hozircha poytaxtdagi mavjud 1 945 ta xususiy tibbiyot tashkilotidan 796 tasi (41 foiz) ushbu tizimga integratsiya qilingan.

Tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta hududda (Asaka, Gʻijduvon, Gʻallaorol, Chortoq, Kitob, Xatirchi, Denov, Bulungʻur, Ishtixon, Shovot, Chimboy, Quva, Sirdaryo tumanlari hamda Yangiyoʻl, Samarqand shaharlari) jami 383 ta davlat tibbiyot tashkiloti va 1 319 ta dorixonaning barchasi, mavjud 858 ta xususiy tibbiyot tashkilotidan 547 tasi (64 foiz) ushbu tizimga ulangan.

Mazkur hududlardagi qolgan xususiy klinikalar esa retsept yozilmasligi, faoliyati toʻxtatilganligi kabi sabablar bilan tizimga ulanmagan.

Xoʻsh, yangi tizim joriy qilingan hududlardagi hamma shifokorlar retsept yozish uchun zarur uskunalar bilan taʼminlanganmi? Tizimni ishga tushirishdan avval ularning taklif va tavsiyalari inobatga olinganmi?

Vazirlik mutasaddilariga koʻra, bunda xavotirlarga oʻrin yoʻq. Toshkent shahar va tajriba-sinov loyihasi joriy qilinayotgan 15 ta tuman (shahar)dagi davlat tibbiyot muassasalari retsept yozish uchun zarur boʻlgan 9 turdagi uskunalar — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (monoblok, planshet, chek-printer va tarmoq qurilmalari) bilan taʼminlangan.

Favqulodda holatlarda, shuningdek, bolalarga, keksa yoshdagi shaxslarga va surunkali kasallikka chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatishda hech kim zarur dori vositalarisiz qolmaydi. Ushbu toifadagi bemorlar alohida nazoratda boʻladi.

Yangi tizimni joriy qilish davri mobaynida Sogʻliqni saqlash vazirligida vazir rahbarligida doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruh tashkil etilgan. Ushbu guruh tarkibiga shifokorlar, dorixona tashkilotlari va AKT mutaxassislari kiradi. Ishchi guruh tizimning amalda qoʻllanilishini muntazam monitoring qiladi, fuqarolar va tibbiyot xodimlarining murojaatlarini koʻrib chiqadi, poliklinikalarga tushayotgan yuklamani, raqamli servislar barqarorligini va dori vositalarini berish tartibini tahlil qiladi. Zarur hollarda tezkor tarzda tegishli tuzatishlar kiritiladi.

Shifokor retseptisiz beriladigan asosiy hayotiy muhim dori vositalarining bazaviy roʻyxati shakllantirilgan. Bundan maqsad — kundalik va favqulodda maishiy holatlarda aholiga tezkor tibbiy yordam olish imkoniyatini taʼminlash. Roʻyxat xalqaro amaliyot, shifokorlar tavsiyalari va hayotiy holatlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan hamda vazirlikning rasmiy axborot resurslarida eʼlon qilingan. Bu jarayonda u amaliy qoʻllanish natijalari va kelib tushayotgan takliflar asosida aniqlashtirilishi va toʻldirilishi mumkin.

“Elektron retsept” tizimi doirasida vujudga kelayotgan murojaatlarni qabul qilish uchun “Telegram”da @ssv_pilotbot tashkil etildi. Ushbu bot orqali ushbu tizim va dori vositalarini berish bilan bogʻliq barcha murojaat ustuvor tartibda koʻrib chiqilmoqda.

Dorilar roʻyxati qaysi mezonlar asosida shakllantirilgan?

Dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz berilish tartibini belgilash ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish davrida aniqlanib, tegishli yoʻnalishdagi shifokor mutaxassislar tomonidan xulosalar rasmiylashtirib tasdiqlanadi.

Bunda original dori vositasining qanday tartibda berilishi tasdiqlanganligiga, ushbu dori vositasi ishlab chiqaruvchi davlatning tegishli organi tomonidan qanday tartibda tibbiyot amaliyotida qoʻllashga ruxsat berilganligiga, uning faol moddasining dozasi, dori shakli va qoʻllanish usuli hamda qadoqdagi soniga ham bogʻliq.

Shuni taʼkidlash joizki, faol moddalar, xususan, paratsetamol, ibuprofen saqlovchi kombinirlangan dorilar retsept bilan tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishi mumkin. Chunki ushbu dori moddalarining boshqa faol moddalar bilan kombinatsiyalari farmakologik xossalarini kuchaytirishi, nojoʻya taʼsirlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Masalan, askorbin kislotasi tabletka va drajesi (dumaloq) retseptsiz, uning inyeksion dori shakli esa retsept bilan beriladi. “Paratsetamol” yoki “Ibuprofen” tabletkalari, yosh bolalar uchun ularni saqlagan suspenziyalar, siroplar, bel va boʻgʻimlardagi ogʻriqlarda ishlatiladigan surtmalar va gellar retseptsiz beriladigan dorilar qatoriga kiradi. Biroq 500 mg. dan ortiq paratsetamol, ibuprofen saqlovchi majmuaviy dorilar retsept bilan sotiladi.

Retseptsiz beriladigan dori vositalari haqida qayerdan maʼlumot olsa boʻladi?

“Toshkent shahridagi ayrim dorixonalarda retseptsiz sotiladigan dorilarni xarid qilishning imkoni boʻlmayapti”, degan vajlar nooʻrin. Chunki “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, retseptsiz beriladigan dori vositalari haqidagi axborot dori vositalarining tibbiyotda qoʻllanilishiga doir yoʻriqnomalarida hamda Tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestrida joylashtirib boriladi.

Shuningdek, bunday axborot OAV va ixtisoslashtirilgan bosma nashrlarda ham berilishi mumkin.

Hozirga kunda 1846 turdagi retseptsiz beriladigan dori vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Ularga, yuqorida ham urgʻu berilganidek, shamollashga qarshi, isitmani tushirish, nazal spreylar, shamollash tufayli tanadagi ogʻriqlarni bartaraf etish uchun ichiladigan bir komponentli dorilar, yosh bolalar uchun paratsetamol yoki ibuprofen saqlagan suspenziyalar, siroplar, bel va boʻgʻimlardagi ogʻriqlarda ishlatiladigan surtmalar va gellar kiradi. Bundan tashqari, allergiyaga qarshi, ich ketishida va qabziyatda qoʻllaniladigan dorilar ham retseptsiz sotiladi.

Retseptli va retseptsiz sotiladigan dorilar, ularning referent narxlari haqida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining rasmiy veb-sayti — “uzpharmagency.uz”, shuningdek, maxsus ilova orqali maʼlumot olish mumkin.

Yana bir jihat. Quvonarlisi, yangi tizim asosida endilikda bemorlarning dori vositalaridan pala-partish foydalanilishi ham tartibga solinadi. Odamlar oʻziga-oʻzi tashxis qoʻyib, dori xarid qilolmaydi yoki dorixona sotuvchilari oʻz bilganicha yoxud muayyan maqsadlarni koʻzlab xaridorlarga oʻzi xohlagan dorini taklif etolmaydi.

Albatta, tizimni takomillashtirish borasida hali qilinadigan ishlar bor. Masalan, shifokor bergan retsept QR kodining amal qilish muddati 1 oy ekani bemorlarga moliyaviy qiyinchilik tugʻdirishi mumkin. Chunki ular uch oy ichishi kerak boʻlgan dorilarni ham shu vaqt ichida xarid qilishga majbur boʻladi. Aks holda yana shifokordan qayta retsept yozdirib olishi, uning qabuli uchun takror pul toʻlashi kerak. Bu bemorlardan ortiqcha xarajat talab qiladi. Anjumanda bu kabi holatlar oʻrganib chiqilib, maqbul yechimlar ishlab chiqilishi bildirildi.

Eng muhimi, “Elektron retsept” tizimi yurtimizda davolash xavfsizligi bilan zarur dori vositalarining mavjudligi oʻrtasida muvozanatni taʼminlash, shifokorlarning oʻz qarorlarini faqat bemor manfaatlaridan kelib chiqqan holda qabul qilishiga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Dilshod KARIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?