Tongga peshvoz chiqqan muqaddas zamin

Bugun Buxoro viloyatini kezsangiz, har qadamda hayotbaxsh oʻzgarishlar, bunyodkorlik va obodlik manzaralariga, kelajakka ishonch hissi bilan yashayotgan insonlarga duch kelib, qalbingiz nurga toʻladi. Shu bilan birga, tarix tilsimlari oʻziga chorlaydi.
Osori-atiqalarga boy kentlar qatorida Buxoro shahrining oʻrni boʻlakcha. Qadimda “Numijkat”, “Bumichkat”, “Madinat at-tujjor”, “Foxira” degan nomlar bilan ham atalgan shaharning 400 dan ziyod meʼmoriy yodgorliklari bor.
Viloyatning har qarich yeri aziz, har qism tuprogʻi muqaddas. Tarixiy kitoblarda Buxorodan ham qadimiyroq deyilgan Varaxsha, shuningdek, Poykent va Vardonzedan topilgan osori-atiqalar, Romitan, Vobkent, Gʻijduvondagi obidalar-u muborak qadamjolar bu hududlar qanday shonli oʻtmishni boshdan kechirganidan, ne-ne ulugʻ zotlarga beshik boʻlganidan soʻzlaydi.
“Islom dinining gumbazi“
Buxoro shahri oʻz tarixi davomida necha bor istilo va bosqinlar oqibatida oʻt ichida qolgan, tep-tekis choʻlga aylangan, ammo kuldan paydo boʻlgan afsonaviy qaqnus qush kabi yana oʻz oʻrnida qad rostlagan. Hayot toʻxtamagan. Va aynan oʻz oʻrnida qayta va qayta tiklangan koʻhna shaharlar dunyoda sanoqlidir.
Ahamiyatlisi, dunyodagi 7 ta shaharga “sharif“ unvoni berilgan boʻlsa, ularning biri Buxorodir. Bu kentni “Islom dinining gumbazi”, muqaddas, sharafli, sharofatli shahar degan nomga munosib etmoq esa Xoja Imom Abu Hafs Kabir (768 — 832-yillar), Imom Buxoriy (810 — 870-yillar), “Shayx ul-olam” unvoni bilan tanilgan Sayfiddin Boxarziy (1190 — 1261-yillar) va ularning shogird-u izdoshlari zimmasiga tushdi.
Imom Buxoriyning ustozi sanalgan Abu Hafs Kabir manbalarda juda zehnli, salobatli, xotirasi oʻtkir, soʻzi keskir, halol va adolatparvar inson boʻlgani aytiladi. Boshqalar bir haftada yod oladigan oyat-u hadislarni u bir kunda xotirasiga muhrlagan. Hayotiy masalalar yuzasidan bahs yurituvchi fiqh ilmini mukammal egallagan. Buxoroda madrasa bunyod etgan.
Rivoyatlarda aytilishicha, sershovqin Shahriston bozorida kuniga ikki bor bir lahzalik sukunat choʻkar edi. Bu Abu Hafs Kabirning madrasaga borish va undan qaytish vaqtida roʻy berardi.
“Ustoz kelyapti”, deyilgan zahoti bozordagi odamlar bu tabarruk zotning hurmatini qilib, sukut saqlab turardi. Uni “Muallimi islom”, yaʼni “Islom dinining muallimi” deya eʼzozlashgan. Shu buyuk ajdodimiz sharofati bilan Buxoro “Qubbat ul-islom” (“Islom dinining gumbazi”) degan sharafga loyiq koʻrildi. U yashagan mahalla darvozasi “Haqroh”, yaʼni “Haq yoʻli” deb ataldi.
— Abu Hafs Kabir asos solgan madrasa Buxorodagi eng qadimiy oliy oʻquv yurti sanaladi, — deydi tarix fanlari doktori, manbashunos olim Komiljon Rahimov. — 800 — 810-yillar atrofida qurilgan bu tabarruk dargoh shoʻrolar inqilobiga qadar faoliyat koʻrsatgan. Unda oʻz davrida Imom Buxoriy ham tahsil olgan. Gulobod, Gʻaribiya, Forjak, Kulartegin kabi madrasalar tarixi ham IX-X asrlarga borib taqaladi. Umuman, Mir Arab madrasasi bunyod etilgunga qadar Buxoro va uning atrofida yigirmadan ziyod turli toifadagi oliy oʻquv yurtlari bor edi.
Mir Arab madrasasiga kelsak, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2023-yilda uning 500-yilligi keng nishonlandi. Mustaqillik sharofati ila Xoja Abu Hafs Kabir mangu qoʻnim topgan goʻsha hozir obod qadamjoga aylantirilgan. Sayfiddin Boxarziy nomi bilan ataluvchi mahalladagi “Fatxobod” ziyoratgohida esa “Islom tamadduni namoyandalari” xiyoboni barpo etilmoqda.
“Qanday baxtli onasiz!”
“Mustaqillik” soʻzini bejiz tilga olmadik. Istiqlol yillarida milliy va diniy qadriyatlarimiz qayta koʻz ochdi. Dunyo Buxoroga, Buxoro dunyoga yuz burdi. Yoshlarimiz Buxoriylar, Ibn Sinolar avlodi ekanidan koʻnglida gʻurur hissini tuymoqda. Marrani baland olyapti.
Mana, Buxoro shahridagi 2-umumtaʼlim maktabi bitiruvchisi Parviz Toʻqsanovni olib koʻring. U Oʻzbekiston tarixida birinchi marta SAT (Scholastic Aptitude Test) — xalqaro akademik baholash testidan 1600 ball toʻplashga erishdi. Natijada yosh hamyurtimiz uchun dunyoning yetakchi oliy oʻquv yurtlari oʻz eshigini ochdi.
Darvoqe, yaqinda uning hayotida yana bir unutilmas voqea sodir boʻldi. Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqotida ishtirok etib, erishgan yutuqlari haqida soʻzlab berdi.
— Bu biz uchun tarixiy kun boʻldi. Oʻgʻlim tufayli eʼtiborga sazovor boʻldim, — deydi shu tadbirda qatnashgan Feruza Nuriddinova. — Prezidentimiz menga murojaat qilib, “Qanday baxtli onasiz! Buxoroi sharif deydi Buxoroni. Shariflikka munosib farzand yetishtiribsiz, sizdan minnatdorman”, degan samimiy soʻzlarni aytganida benihoya toʻlqinlandim. Oʻgʻlim misolida baralla ayta olamanki, farzandining kelajagiga sarmoya kiritgan ota-ona aslo yutqazmaydi.
Viloyatda Parviz kabi ilmga tashna oʻquvchilar koʻp. Oʻtgan yilda ular xalqaro fan olimpiadalarida 22 ta medalni qoʻlga kiritdi. Umumtaʼlim maktablarini tamomlagan 11-sinf bitiruvchilarining 12 ming 797 nafari yoki 58,3 foizi oliy taʼlim muassasalariga talabalikka qabul qilindi. Kirish imtihonlarida toʻplangan oʻrtacha ball 89,2 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich boʻyicha viloyat respublikada yetakchi oʻrinda!
Soʻnggi uch yil mobaynida erishilgan natijalarni solishtiradigan boʻlsak, bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish ulushi 25 foizdan 54 foizga, kirish oʻrtacha ball koʻrsatkichi 70 dan 89,2 ballga oshganini koʻrish mumkin.
Amallar niyatga bogʻliq
Ha, bugun Buxoro viloyatining qay bir goʻshasiga bormang, bunyodkorlik ishlarini koʻrasiz. Hatto markazdan uzoq tumanlarda ham shu vaqtga qadar misli koʻrilmagan megaloyihalar amalga oshirilmoqda. Masalan, “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasida barpo etilayotgan gaz-kimyo majmuasini olib koʻraylik. Markaziy Osiyodagi eng yirik sanoat investitsiya loyihasi sanalgan bu obyektda metanoldan olifen olish texnologiyasi yoʻlga qoʻyiladi. Qiymati 2,7 milliard AQSH dollariga teng loyiha natijasida yiliga 2,1 milliard kub metr gaz qayta ishlanib, yuqori likvidli mahsulotlar tayyorlanadi. Sirasini aytganda, 7-8-yil muqaddam buni tasavvur ham qilish mushkul edi.
Neft va gaz sohasi viloyat iqtisodiyotining ustuvor yoʻnalishlaridan sanaladi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi yoki Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida boʻlgan kishi bunga yana bir karra ishonch hosil qiladi.
— Keksa choʻponlarning eslashlaricha, bir paytlar gugurt chaqilsa, oyoq ostidagi yerdan uchqun chiqqan, — deydi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshligʻi Jasur Ahmedov bizni biyday sahrodagi texnologik uskunaning ishlashi bilan tanishtirarkan. — Lekin vaqt koʻrsatdiki, yer osti boyliklari bitmas-tuganmas emas. Endilikda tabiiy gazni 1,5-2 ming metr va hatto undan ham chuqurroqda joylashgan quduqlardan qazib olishga toʻgʻri kelyapti.
Shu bois ham sahro bagʻridagi bu korxonada Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq yangi texnologik qurilmalar ishga tushirildi. “Uchqir” gazni oltingugurtdan tozalash majmuasi Gazli gazni qayta ishlash zavodi sifatida qayta tashkil etildi. Quduqlarni ishlatish bilan bogʻliq jarayon raqamlashtirildi. Natijada masofadan turib u yoki bu quduqdan gaz qazib olish jarayonini toʻliq nazorat qilish imkoni tugʻildi.
Yoki boshqa bir misol. Buxoro shahrida “Bukhara Next Generation Product” MCHJ tomonidan qiymati 120 million AQSH dollari boʻlgan biznes loyiha amalga oshirildi. Bu yerda yiliga ikki millionta elektronika va maishiy texnika vositasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Muhimi, korxonada ikki mingta ish oʻrni yaratildi. Bu dalilga alohida urgʻu berishimiz bejiz emas. Zamon shiddat bilan oʻzgarmoqda. Inson talab va ehtiyoji ham bir joyda turib qolmayapti.
Shu nuqtayi nazardan, “Inson qadri uchun” tamoyiliga yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha oʻzgarishlarning asosi sifatida qaralayotgani ayni muddao. Deylik, Qorakoʻl va Gʻijduvon tumanlaridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 360 xonadonli 18 ta koʻp qavatli uy-joy barpo etildi. Viloyatda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 74 foizga yetkazildi. Jahon va Osiyo miqyosidagi sport musobaqalarini oʻtkazish imkoniga ega “Universal” majmuasi qurildi. Bular davlatimiz rahbarining viloyatga qilgan tashrifi oʻlaroq amalga oshirilgan ishlardan bir shingil, xolos.
— Hadislarda aytilganidek, hamma amallar niyatga bogʻliq, — deydi shofirkonlik dongdor dehqon, Oʻzbekiston Qahramoni Azim Latipov. — Ezgu maqsad bilan boshlangan ishlar yurtdoshlarimizning oʻz hayotlaridan rozi boʻlib yashashlari uchun xizmat qilmoqda.
Bu fikrni statistik maʼlumotlar ham tasdiqlaydi. Chunonchi, tabiiy gaz, neft, grafit, bentonit, marmar, gips kabi tabiiy resurslarga boy, toʻqimachilik sanoati jadal rivojlanayotgan viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 2024-yil yakuni bilan 71,6 trillion soʻmga yetdi. Bu 2023-yildagiga nisbatan 106, 6 foizga koʻp. Oʻtgan yili 236 ming kishining bandligi taʼminlandi. Ishsizlik darajasi 6,5 foizdan 5,1 foizga tushdi. Kambagʻallik darajasi esa 7,3 foizni tashkil etdi. Vaholanki, 2023-yilda bu koʻrsatkich 11,8 foiz edi.
Tashrif buyurishga eng munosib shahar
Koʻhna Buxoroni sayyohlarsiz tasavvur etish mushkul. Uning turistik salohiyatini koʻrgan chet ellik investorlar yirik loyihalarga sarmoya tikmoqda. “Wyndham”, “Mercure”, “Sahid” kabi taniqli xalqaro brendlarga xos ikkita toʻrt yulduzli, toʻrtta uch yulduzli mehmonxonalar ish boshladi. “Hyatt regency”, “Hilton”, “Ramada” kabi xalqaro brendlar ham mehmonxonalarni ishga tushirish arafasida.
— Sayyohlarga zarur infratuzilma yaratish koʻlami yil sayin kengaymoqda, — deydi viloyat turizm boshqarmasi masʼul xodimi Boburjon Toʻxsanov. — Oʻtgan yil yakunida mehmonxonalar soni 607 tani tashkil etdi. Bu esa 2023-yildagiga nisbatan 111, 6 foizga koʻp. Turistik korxonalar esa 186 taga yetdi. Bu davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi, albatta.
Qadimiy yodgorliklarni asrab-avaylash, konservatsiya qilishga ham eʼtibor kuchaymoqda. Prezidentimizning tashabbusi bilan 156 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ obidalarni taʼmirlashga yoʻnaltirilgani fikrimiz isboti. Bungacha esa Yurtboshimizning topshiriq va tavsiyalari asosida yetti pir — Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Xoja ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband majmualari yanada obod etilgan edi. Oʻtgan yilda Bahouddin Naqshband majmuasida 600-yilcha muqaddam qurilgan “Toqimiyona” ziyorat yoʻlagi tarixiy manbalar asosida qayta tiklandi. Pirovardida turizm namoyish obyektlari soni 300 tadan oshdi.
Viloyatda sayyohlik iqtisodiyotning yetakchi boʻgʻiniga aylanib borayotir. Chunonchi, oʻtgan yilda Buxoroga 1 million 745 ming nafardan ziyod xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi. 2023-yil bilan taqqoslaganda bu koʻrsatkich 125,8 foizga oshdi. 2024-yilda turizm eksporti hajmi 436,3 million AQSH dollariga yetdi. Bu avvalgi yildagiga nisbatan 128,7 foizga koʻp. Ziyorat turizmi yoʻnalishida Singapurda boʻlib oʻtgan umumjahon sammitida Buxoroi sharif “Halal In Travel Global Summit 2024” mukofotiga munosib koʻrilgani ham juda koʻp narsani anglatadi.
— Shahringizda oʻzimni bamisoli sharqona ertaklar olamiga tushib qolgandek his etdim, — deydi irlandiyalik sayyoh Beatri Enen. — Meni milliy urf-odatlaringiz, xalq amaliy sanʼati ustalarining qoʻl mehnati asosida tayyorlayotgan rang-barang mahsulotlar hayratga soldi. Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan bu shaharga yana kelish niyatidaman.
Darhaqiqat, dunyoning turli davlatlaridan tashrif buyurib, koʻhna kentni tomosha qilgan sayyohlar bilan suhbatlashsangiz, ular Buxoroga afsonaviy, mehmondoʻst, moʻjizakor, betakror, maftunkor, yurakka yaqin, tinch va osuda, obod shahar, deya taʼrif beradi. Binobarin, AQSHning “The New York Times” nashri Buxoro shahrini 2025-yilda jahonning tashrif buyurishga eng munosib joylari roʻyxatiga kiritgani bejiz emas.
Maʼnaviy dunyomiz gʻarib boʻlmasin
Guruch kurmaksiz boʻlmaydi. Viloyatda hamma ishlar silliq ketyapti, deyish fikridan yiroqmiz. Ogʻriqli nuqtalar kam emas. Yaqinda ziyoli tanishlarimizdan biri eski shaharda dilni xira qiladigan, bir qarashda arzimasdek tuyulgan voqeaning shohidi boʻldi. Uning aytishicha, xorijiy mehmon Labihovuz boʻyida uch-toʻrt chogʻli mahalliy fuqarodan nimanidir soʻrar, ular esa bir-birlariga qarab yelka qisishar emish. Surishtirsa, mehmonga sanʼat muzeyining manzili kerak ekan. “Qaniydi, har bir oilada dam olish kunlari muzeyga borish anʼanasi shakllansa, shunda yuqoridagiga oʻxshash xijolatpazlik boʻlmasmidi”, deydi tanishimiz.
— Xuddi shunga oʻxshash voqeaga men ham shohid boʻldim, — deydi gʻijduvonlik ijodkor Komiljon Joʻrayev. — Bilasiz, ulugʻ adib Sadriddin Ayniy tumanimizdagi Soktare qishlogʻida tugʻilib oʻsgan. Bu yerda uning sharafiga muzey tashkil etilgan. Afsuski, boshqa joylarni qoʻya turing, soktarelik ayrim yoshlar ham shunday goʻshaning borligini bilmaydi.
Loaqal bir nusxa gazeta va jurnal kirib bormayotgan mahalla va qishloqlarni aytmaysizmi? Hukumatimizga rahmat, taʼlim muassasalari kutubxonalari davlat hisobidan qator gazeta-jurnallar bilan boyimoqda. Lekin muallimlar orasida badiiy-ilmiy kitoblar, matbuot nashrlarini oʻqishga, bilim va dunyoqarashini yuksaltirishga hafsalasi yoʻqlari uchrayotgani achinarli. Taʼlim muassasalaridan birida boʻlib ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari bilan suhbatlashganimizda ular oʻqigani vaqt yoʻqligi, ish behad koʻpligini roʻkach qilishdi. Axir, uyali telefondan koʻz uzmay qolgan, ijtimoiy tarmoqlarga ixtiyorini oʻgʻirlatib qoʻygan oʻgʻil-qizlarga ota-onalar va muallimlar kitob mutolaasi orqali oʻrnak boʻlishi kerak emasmi? Buxorolik boʻla turib baʼzi muallimlar shoirlar — Toshpoʻlat Hamid bilan Toshpoʻlat Ahmadni, Sulton Joʻra bilan Tilak Joʻrani chalkashtirib yuradi. Shunda Abdulla Qahhorning “Adabiyot muallimi” hikoyasida yozganlari buning oldida holva emasmikan, deya achchiq oʻyga tolasan, kishi.
Buxorodagi mahallalardan biriga marhum adib nomi berilgan. U shu yerda tugʻilgan. Taniqli yozuvchi-adib boʻlib yetishgan. Mahalla raisi bilan shu haqda gurunglashmoqchi edik. Ammo suhbatimiz qoʻr olmadi. Rais “U kishi katta shoir boʻlgan”, deyishdan nariga oʻtmadi. Ikki-uch ming nafar aholiga bosh-qosh sanalgan yetakchining saviyasi shu boʻlgach, dodingni kimga aytasan?!
Sayyor qabullarda oilaviy mojarolar, aliment masalasi, uy-joy qurilishidagi firibgarliklar yuzasidan murojaatlar koʻpligi kuzatilmoqda. Vaholanki, kitobga oshno tutingan, dunyoqarashi keng yoshlarning oila, turmush qadriga yetishi, bir-birini tushunib yashashi allaqachon oʻz isbotini topgan. Qolaversa, qurilishdagi firibgarliklar ortida ham maʼnaviy dunyosi gʻarib kimsalar turgani kunday ravshan. Shu sabab vijdonni jigʻildonga urib, nafs quliga aylanishgan. Taajjubki, oʻz haq-huquqini tuzukroq bilmagan fuqarolar ularning tuzogʻiga tushgan...
Gapning indallosi shuki, maʼnaviyatsizlik, loqaydlik, bilimsizlik balosidan oʻzimizni, farzandlarimizni asraylik. Toki, illat gazak olmasin!
Yengil nafas olar ona Buxoro
...Keling, yana xayrli amallar, xushxabarlarga toʻxtalaylik. Zero, 2025-yil voha ahliga koʻplab ezgu niyatlarning roʻyobini vaʼda qilmoqda. Masalan, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 540 ta xonadonga moʻljallangan 12 ta, talab yuqori hududlarda esa 128 ta koʻp qavatli uy-joylar barpo etilyapti. Gulchorbogʻ mahallasidagi 50 gektar yerda viloyatning yangi maʼmuriy markazi qurilishiga kirishildi. Shayxon mahallasida Buxoro davlat universitetining 20 ming oʻrinli yangi kampusi barpo qilinadi. Qorakoʻl tumanida esa Achariya universitetining loyiha qiymati 90 milliard soʻm boʻlgan binosi foydalanishga topshiriladi.
— Buxoro tumanidagi “Novmetan” mahalla fuqarolar yigʻini hududida zamonaviy aeroport qurilishiga kirishilmoqda, — deydi viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Olimjon Joʻrayev. — U ishga tushgach, soatiga 1200 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻladi. Amaldagi aeroport esa soatiga 400 kishini qabul qilish imkoniga ega, xolos. Shuningdek, yangi aeroport tomon 23 kilometr uzunlikda avtomobil yoʻli quriladi. Yondosh hududda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻining barpo etilayotganidan ham yurtdoshlarimiz behad mamnun. Zamonaviy bu bogʻ vohaning oʻziga xos “tashrif qogʻozi”ga aylanadi.
— Buxoroda tahsil olyapman, — deydi xorazmlik talaba Ullibibi Gʻoyibova. — Buxoro — Urganch — Xiva temir yoʻlida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilishini eshitib, juda suyundim. Negaki, ota-bobolarimiz “Yoʻl azobi — goʻr azobi”, deb bejiz aytmagan. Biz uchun endi yoʻlning olisligi muammo boʻlmay qoladi. Aytishlaricha, elektropoyezd borib-kelish vaqtini uch soatgacha qisqartiradi.
Uzunligi 465 kilometrdan iborat bu yoʻnalishdagi tezyurar poyezdlar ichki va tashqi turizmni rivojlantirishda ham muhim oʻrin tutadi, albatta. Bugina emas, viloyatda yoʻlsozlik, aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash, avtotransport xizmati koʻrsatish kabi qator sohalarda ham salmoqli ishlar bajarilyapti.
Yaqinda esa yana bir xushxabar qanot yozdi. Buxoro YUNESKOning nufuzli “Ijodkor shahar tarmogʻi” dasturiga qoʻshildi. U mintaqamizda shunday sharafga erishgan dastlabki shaharga aylandi.
Ayni damda esa qadimiy va navqiron Buxoro yana bir yirik tadbir taraddudida. Shaharning tarixiy qismida Markaziy Osiyoda ilk bor xalqaro tasviriy sanʼat biyennalesi oʻtkaziladi. YUNESKO shafeligida tashkil etiladigan bu tadbir ham xalqimiz ijodkorlik, bunyodkorlik salohiyatining koʻzgusiga aylanishi muqarrar.
Xushxabarlar, zalvarli rejalardan kishi qushdek yengil tortadi. Qalb shukronalik hissini tuyadi. Yorugʻ orzu-umidlar ogʻushidagi yurtda yashash baxtidan koʻngil nurlanadi.
Tongga peshvoz chiqqan muqaddas zamin,
Beqiyos goʻzallik baxsh etar damlar.
Koʻtarib tobora shuhrat-u shaʼnin,
Bunyodkor el yana dadil odimlar!
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring