Tomoshabin teatrga emas, teatr tomoshabinga!

22:49 05 Mart 2021 Madaniyat
2028 0

Oʻtgan yili kuzda Sayxunobod tumani bolalar musiqa va sanʼat maktabida boʻlib oʻtgan Nurilla Abbosxonning “Inson oʻzing” spektakli namoyishida tomoshabin koʻpligidan qoʻshimcha joylar qilishga toʻgʻri keldi. Hatto uni tik turib koʻrganlar ham boʻldi.

Tomoshabinlar orasida tumanning oʻsha vaqtdagi hokimi Botir Mirzaqulov ham bor edi. Spektakldan soʻng u Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri ijodiy jamoasiga minnatdorlik bildirar ekan, ular bilan mana shunday sayyor namoyishlarni tez-tez tashkil etib turishga kelishib oldi. Bir muddatdan soʻng qoʻshni Sirdaryo tumaniga hokim boʻlib oʻtgach, teatrni oʻsha hududga ham taklif qildi...

Sirdaryo teatrining joylardagi ijodiy safarlari bilan bogʻliq bunday quvonarli holatlarga koʻplab misollar keltirish mumkin. Eʼtiborli jihati, Baxt, Yangiyer shaharlari va boshqa manzillarda boʻlib oʻtgan tomoshalarda ham oʻsha manzara kuzatildi: odamlar sahna asarlarini koʻrishga chanqoq. Bu talabni his qilgan teatr jamoasi sayyor spektakl namoyishlarini muntazam yoʻlga qoʻydi. Va “Tomoshabin teatrga emas, teatr tomoashabinga” degan tamoyilni oʻzlari uchun vazifa qilib belgilab oldi.

— Joylarga chiqib spektakl koʻrsatish ham ijodiy jamoamizga, ham tomoshabinga birdek naf keltirmoqda, — deydi yosh aktyor Qandiyor Rustamov. — Quvonarlisi, tomoshabinlarning aksariyati yoshlar. Shubhasiz, bizning ijodiy ishlarimiz ularning maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirib, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiya topishiga hissa qoʻshadi. Bilsangiz, nafaqat ular, balki katta yoshdagilar orasida ham, xohishi boʻlganu ammo imkoniyati boʻlmagan, hali umrida biron marta teatrga tushmaganlar uchraydi. Sayyor namoyishlar tufayli ular niyatiga yetmoqdalar. Uzoq-yaqindagi yurtdoshlarimizning bu istaklarini ado etish esa bizga yana-da ilhom baxsh etayotir.

Viloyat teatri ayni kunlarda Guliston davlat universitetida Chingiz Aytmatovning “Sarvqomat dilbarim” qissasi asosidagi sahna asarini taqdim qilmoqda. Bundan oldin esa talabalar Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asari asosidagi spektakldan bahramand boʻlgan edi.

— “Otamdan qolgan dalalar” asarini maktabda oʻqib yurgan kezlarim mutolaa qilgan edim, — deydi GulDU talabasi Yorqinjon Hayitboyev. —Romanning sahnalashtirilgan talqinini koʻrib, oʻsha vaqtda olgan taassurotlarim jonlangandek boʻldi. Asarda Dehqonqul, Aqrab, Jamoliddin ketmon va boshqa obrazlar orqali “Paxta ishi” tufayli qiyinchilik koʻrgan, zalolat qurboniga aylangan sodda xalqimizning hayoti tasvirlangan. Xalq boshidan oʻtgan qiyinchiliklar, qora kunlar tarix kitoblaridan oʻchib ketsa ham insonlarning qalbidan yoʻqolmaydi. Asarning mohiyati Sirdaryo teatrining mohir ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan koʻrinish orqali yana-da betakror namoyon boʻldi. Eng muhimi, biz, yoshlar teatrni yaxshi koʻrib qoldik. Chunki unda ayni zamonning baʼzi axborot texnologiyalari vositalari orqali uzatilayotgan past saviyadagi bachkana mavzular emas, tarbiya va odob bor.

Teatr bilan tuzilgan hamkorlikka binoan universitetda haftaning uch kuni “Teatr kuni” deb belgilangan. Har namoyishda 400 dan ziyod yoshlar, oʻqituvchi-professorlar spektakl koʻrish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Albatta, sayyor namoyishlarda sahnalarning tashkiliy-texnik imkoniyatlari teatr binosidagidek emas. Shu bois bu borada ham maqbul yoʻl tutilgan: kichik sahnalar uchun alohida dekoratsiyalar tayyorlangan. Chiroqlar bilan bogʻliq masalalar esa aktyorlik mahorati bilan kiroyi holda yechilmoqda.

Teatr yoshlarning maʼnaviy va maʼrifiy bilimlarini oshirish, moziyni puxta bilish, Vatan va xalq ravnaqi yoʻlida fidoyi insonlar boʻlib yetishishda muhim ahamiyatga ega tarixiy asarlarni repertuarining bosh mavzularidan biriga aylantirgan. Xususan, Hayitmat Rasul qalamiga mansub “Mohi Turon” (“Bibixonim”), Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani asosida “Ahli jahondin yaxshiligʻ” (“Bobur”) tarixiy dramalari shular jumlasidandir.

Saʼnatshunoslar Sirdaryo teatri aktyorlarining oʻziga xos ijro uslubi, bu yerda shakllangan aktyorlik maktabini eʼtirof etadi. Ijodkorlarning ana shunday eʼtiborga musharraf boʻlishida teatr ochilganidan bugungi kunga qadar sanʼatni hayotining mazmuni, teatrni muqaddas dargoh deb bilgan, turli spektakllar, madaniy tadbirlar va qator filmlar orqali tomoshabinlarga tanilgan Oʻzbekiston xalq artisti Shafoat Rahmatullayeva, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar — Abduhamid Gʻafurov, Aqida Hayitova, Roʻzmat Karimov, Mamajon Nurmatov, Sharif Jumayev, Adham Abdullayev kabi sanʼatkorlar hissasi beqiyos.

Mirzachoʻl vohasiga teatr sanʼatini olib kirgan mazkur dargohning muhtasham binosi bugun nafaqat Guliston shahrining, balki Sirdaryo viloyatining “tashrif qogʻoz”laridan biri, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Keyingi yillarda oʻziga xos ulugʻvor meʼmoriy yechimdagi ushbu koshona tubdan taʼmirlandi. Teatr maydoni soʻlim bogʻga aylandi, unga oʻzbekona ayvonlar oʻrnatildi. Teatrning katta zali 550 oʻrinli, ikkita kichigi esa 80 tomoshabinga moʻljallangan boʻlib, ularda qoʻgʻirchoq spektakllar va boshqa tadbirlarni oʻtkazish mumkin. Oʻrindiqlardan to sovutish-isitish tizimigacha barcha jihozlarning zamonaviy va qulay boʻlishiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, sahna uskunalari ham teatr sanʼatining ayni paytdagi eng ilgʻor va soʻnggi namunalari asosida boʻlishiga erishildi. Sanʼatkorlar uchun qulay ijodiy sharoitlar yaratildi.

Teatrning yutuqlar mundarijasi ham ancha salmoqli. Jumladan, 2018-yilning noyabr oyida Qozogʻiston Respublikasining Toldiqoʻrgʻon shahrida oʻtkazilgan VII Xalqaro teatr festivalida namoyish etilgan Ch. Aytmatovning “Momo yer” spektaklidagi Toʻlgʻonoy roli uchun Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Mavluda Mamatillaoxunova “Eng yaxshi ayol roli” va sahnalashtiruvchi rassom, Oʻzbekiston sanʼat arbobi Shuhrat Abdumalikov esa “Eng yaxshi ssenograf” nominatsiyalarini qoʻlga kiritdi. 2019-yili esa Madaniyat vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “Seni kuylaymiz, zamondosh!” V Oʻzbekiston teatrlarining koʻrik-festivalida M. Karimovning “Insonlikka nomzod” spektakli bilan qatnashib, faxrli 3-oʻringa sazovor boʻldi.

Garchi pandemiya sharoiti boʻlsa-da, oʻtgan 2020-yil ham teatr jamoasi uchun qizgʻin ijodiy jarayonda kechdi — ijodkorlar onlayn tarzda spektakllar repititsiyasini davom ettirdi. Ana shu saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq Chingiz Aytmatovning “Sarvqomat dilbarim”, yosh tomoshabinlar uchun “Muzlagan soat” spektakllari hamda Togʻay Murod qalamiga mansub “Otamdan qolgan dalalar” asari muvaffaqiyat bilan sahnalashtirilib, mutaxassislar va tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi. Yil yakunida teatrning yosh va iqtidorli rejissyori Nigora Gʻoyibnazarova “Yil rejissyori” nominatsiyasi boʻyicha “Eʼtirof” mukofotiga loyiq koʻrildi.

Pirovardida taʼkidlash oʻrinliki, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashi yigʻilishida berilgan topshiriqlarning joylardagi ijrosini oʻrganish boʻyicha respublika ishchi guruhi teatr jamoasi tarixiy mavzulardagi asarlarni sahnalashtirishga alohida eʼtibor qaratayotgani va hududlardagi taʼlim muassasalari hamda madaniyat markazlarida sayyor tarzda spektakllar namoyish etib kelayotganini yuqori baholadi. Ushbu eʼtirof sirdaryolik sanʼatkorlarni ruhlantirib, faoliyatini yana-da kuchaytirish va takomillashtirishga undamoqda.

Ahmadali ShERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?