Tomorqadagi baraka
Azaldan ota-bobolarimiz bir qarich tomorqadan ham unumli foydalanib, yaxshi daromad olishga eʼtibor qaratgan. Gʻuzor tumanining Dashtobod qishlogʻida yashovchi Toʻraqul Qorjovov ham dehqonchilikning katta daromad manbailigiga bugun oʻz faoliyati misolida amin boʻlmoqda.
– Mahallamiz ahli asosan koʻchatchilik, shuningdek, pomidor, bulgʻor qalampiri, sabzi, sholgʻom hamda poliz mahsulotlari yetishtirishning hadisini olgan, – deydi T. Qorjovov –Yil boshida ishni pomidor, bulgʻor qalampiri koʻchatlari yetishtirishdan boshlagandik. Yigirma besh sotix tomorqada pomidor parvarishlab, yaxshi daromad oldik. Pomidor hosili tugashi bilan sholgʻom va kadi ekkanmiz. Mana endi ularning ham hosilini yigʻib olyapmiz. Yil boʻyi mehnatdan toʻxtamaymiz. Shu ishning ortidan oilamiz farovon.

Bugun bozorlarimizda sarxil meva-sabzavot hamda poliz mahsulotlarining moʻl-koʻlligida avvalo shaxsiy tomorqa egalarining ulushi katta. Birgina Qashqadaryo misolida olsak, joriy yilning dastlabki 9 oyida hududda yetishtirilgan kartoshkaning 72, sabzavotlarning 62, mevalarning 40, uzumning 50 foizdan oshigʻi tomorqachilarning hissasiga toʻgʻri keladi. Kartoshkachilikda Shahrisabz tumani tomorqachilari ilgarilab ketgan boʻlsa, uzum yetishtirishda kitoblik bogʻbonlarning oldiga tushadigani yoʻq. Oʻtgan yilda viloyatda jami 112700 tonna uzum hosili olingan boʻlsa, shuning 47479 tonnasi Kitob tumanida yetishtirilgan.
– Hududimiz iqlim-sharoiti uzumchilik uchun juda qulay, – deydi tumanning Qaynar qishlogʻida yashovchi Nodira Murodova. – Biz ham 20 sotix tomorqada tokzor tashkil qilganmiz. Bu yerdan har yili 5 tonnadan ortiq sara uzum olamiz. Mahsulotning yarmini yangiligida bozorga chiqarsak, qolganini quritib mayiz qilamiz. Yiliga bir tonnadan ortiq mayiz tayyorlab sotamiz. Roʻzgʻor uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlarini oʻzimiz tomorqada yetishtiramiz. Tovuq, qoʻy, sigir boqamiz. Yil boʻyi xonadonimizdan baraka uzilmaydi. Bularning barchasi, albatta, mehnatimiz ortidan.
Ha, mehnatdan kelsa boylik, turmush boʻlar chiroylik. Bunga yer bilan tillashib, halol mehnat ortidan rizq undirayotgan Malohat aya va uning farzandlari yorqin misoldir.
Jahongir BOYMURODOV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring