“Tolibon”ning bayonoti, Kiyevga hujum va Durov ishi (+video)

22:04 27 Avgust 2024 Dunyo
176 0

Rossiya yana Ukraina tomon dron yomgʻirini amalga oshirdi

Rossiya Ukrainaga yana raketa va dronlar yomgʻirini amalga oshirdi. Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlarini joylashtirar ekan, Rossiya ketma-ket ikkinchi kun raketa va dronlar bilan zarba berdi.

Rossiya Ukrainaning elektr tarmogʻiga katta hujum uyushtirganidan bir kun oʻtib, Ukrainaning bir nechta nuqtalarini nishonga olgan va kamida toʻrt kishini halok boʻlgan. Zaporojyeda ikki kishi va unga qoʻshni shaharda ikki kishi halok boʻlgan.

Rasmiy Kiyev poytaxtni himoya qilish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlarini joylashtirgan va 15 ga yaqin dron hamda bir nechta raketalarni urib tushirgan. Ukraina havo kuchlari seshanba kuni Rossiya tomonidan uchirilgan 5 ta raketa va 60 ta dronlarni urib tushirganini maʼlum qildi.

Rossiya jami 91 raketalarini, shu jumladan 10 ta raketa, 81 ta Eron tomonidan ishlab chiqilgan hujum dronlarini bir nechta hududlardan turib uchirgan. Shuningdek, boshqa turdagi dronlar va bombardimonchi samolyotlarning uchirilgani maʼlum.

“Biz bu va boshqa barcha hujumlar uchun Rossiyaga javob beramiz. Insoniyatga qarshi jinoyatlar jazosiz qololmaydi”, — degan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy. Dushanba kuni Rossiya 200 dan ortiq raketa va dronlarni uchirib, kamida 7 kishining hayotiga zomin boʻlgan edi.

“Men Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushini va Ukraina xalqini zulmatga botirish harakatlarini qoralayman. Bir narsani aniq aytaman Rossiya hech qachon Ukrainada muvaffaqiyat qozonmaydi”, — dedi Oq uy rahbari Jo Bayden.

“Tolibon” aviatexnikalar boʻyicha bayonot bilan chiqdi

“Tolibon” Mudofaa vazirligi Oʻzbekistonga 2021-yil afgʻon harbiylari tomonidan olib oʻtilgan aviatexnikalar Afgʻonistonga qaytarilmasligiga qarshi chiqdi.

Vazirlik bayonotiga koʻra, AQSH Afgʻoniston xalqining mulkini “musodara qilish huquqiga ega emas”.

“Oʻzbekistondagi afgʻon vertolyotlari va samolyotlari taqdiriga oid har qanday kelishuv qabul qilinishi mumkin emas. Toshkent yaxshi qoʻshnichilikni inobatga olib, oqilona qaror qabul qilishi va Afgʻoniston harbiy-havo kuchlariga tegishli samolyotlarni topshirishda yordam berishi kerak”, deyiladi Afgʻoniston bayonotida.

“Tolibon” Oʻzbekiston hukumatidan bu masalada har qanday kelishuvdan voz kechishga chaqirgan. Avvalroq AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Henik ikki davlat Afgʻonistonning sobiq armiyasiga tegishli samolyotlar taqdiri boʻyicha kelishuvga erishganini va harbiy texnikalar Toshkentda qolishini eʼlon qilgandi. Elchi aviatexnikalar AQSHga tegishli ekanini taʼkidlagan.

BAA Durov ishi boʻyicha Fransiyaga chaqiriq bilan chiqdi

BAA Telegram direktori Pavel Durov Fransiya tomonidan hibsga olinishi sababli mamlakatni Durov uchun barcha konsullik xizmatlaridan foydalanishga chaqirdi. Arab Amirliklari fuqarolarga gʻamxoʻrlik qilish eng ustuvor vazifa ekanligini eslatgan.

Parij prokuraturasiga koʻra, Telegram ilovasi bilan bogʻliq 12 ta jinoiy qoidabuzarliklar aniqlangan. BAA tashqi ishlar vazirligi seshanba kuni bergan bayonotida Durovning ishini diqqat bilan kuzatib borayotganini va Fransiya hukumatiga unga barcha konsullik xizmatlarini zudlik bilan taqdim etish toʻgʻrisida soʻrov yuborganini maʼlum qildi.

“Fuqarolarga gʻamxoʻrlik qilish, ularning manfaatlarini saqlab qolish, ularning ishlarini kuzatib borish va ularga har tomonlama koʻmak berish BAA uchun ustuvor vazifadir”, deyiladi vazirlik bayonotida. Rossiyada tugʻilgan Durov BAA, Fransiya, Karib dengizi orolining Sent-Kits va Nevis fuqarosi hisoblanadi.

Makron soʻz erkinligiga sodiqligini aytish chogʻida erkinliklar fuqarolarni himoya qilish va ularning asosiy huquqlarini hurmat qilish uchun ijtimoiy tarmoqlarda ham real hayotda ham qonuniy asosda qoʻllab-quvvatlanishini qoʻshimcha qilgan.

Rossiya hukumati rasmiylari Durovning hibsga olinishidan gʻazabini bildirishdi, baʼzilari buni siyosiy sabablar va Gʻarbning soʻz erkinligi boʻyicha ikki tomonlama standartining isboti deb atashgan.

Fransiya qonunlariga koʻra, Durov toʻrt kungacha soʻroq qilish uchun hibsda qolishi mumkin. Shundan soʻng, sudyalar uni ayblash yoki ozod qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishlari kerak.

Ben-Gvir Al-Aqso majmuasida ibodatxona qurmoqchi

Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Ben-Gvir Al-Aqso majmuasida ibodatxona qurishini aytdi. Mamlakatlar va qator rasmiylar uning status-kvoga qarshi boʻlgan xavfli izohini tanqid qilgan.

Al-Aqso Islom olamining uchinchi muqaddas joyi va Falastinning ramzi hisoblanadi. Vazir jurnalist bilan boʻlgan suhbatda agar unga qolsa hududda ibodatxona qurishini bildirgan. Isroil hukumati tomonidan olib borilgan oʻnlab yillik status-kvoga koʻra, yahudiylar va boshqa musulmon boʻlmaganlar Sharqiy Quddusdagi binoga tashrif buyurishi mumkin ammo ibodat qilishi mumkin emas.

Ben-Gvir armiya radiosiga yahudiylarga binoda ibodat qilishga ruxsat berish kerakligini aytdi. “Arablar xohlagan joylarida ibodat qilishlari mumkin, shuning uchun yahudiylar xohlagan joylarida ibodat qilishlari kerak. Hozirgi siyosat yahudiylarga ushbu joyda ibodat qilishga imkon beradi “, — degan u.

2022-yil dekabr oyida Milliy xavfsizlik vaziri sifatida ish boshlaganidan beri Ben-Gvir muqaddas joyga kamida olti marta tashrif buyurgan. Al-Aqso masjidi Iordaniya tomonidan boshqariladi, ammo u yerga kirish Isroil xavfsizlik kuchlari tomonidan nazorat qilinadi.

“Al-Aqso va muqaddas joylar musulmonlar uchun toza ibodat maskanidir. Mamlakat muqaddas joylarga qilingan hujumlarni toʻxtatish uchun barcha zarur choralarni koʻradi. Bu borada zaruriy huquqiy hujjatlar tayyorlanmoqda”, — deyiladi Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Isroilning bir nechta rasmiylari Ben-Gvirni qoralagan. Benyamin Netanyahu idorasining bayonotida amaldagi siyosatda oʻzgarish yoʻqligini maʼlum qilishgan.

“Maʼbad togʻidagi status-kvoga qarshi chiqish xavfli, keraksiz va masʼuliyatsiz harakatdir”, — dedi Mudofaa vaziri Yoav Gallant. “Ben-Gvirning harakatlari Isroil davlatining milliy xavfsizligiga xavf tugʻdiradi”, — deb fikr bildirgan Isroil Muxolifati rahbari Yair Lapid. Uning fikricha Ben-Gvirning sharhlari Netanyahu oʻz hukumati ustidan nazoratni yoʻqotganligini anglatadi.

HAMAS vazirning izohlari xavfli ekanligini aytib, Arab va Islom davlatlarini muqaddas joylarni himoya qilish uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishga chaqirdi. Misr Tashqi ishlar vazirligi Isroilni oʻz majburiyatlarini bajarishga va keskinlikni kuchaytirishga qaratilgan provokatsion bayonotlarni toʻxtatishga chaqirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер