Tokio va London bozorlarida Oʻzbekiston mahsulotlariga talab ortib bormoqda
Yurtimizda pishib yetilayotgan sarxil va serhosil mevalarimizning jahon bozoridagi nufuzi ortib borayotgani quvonarli hol. Bunda fargʻonalik ishbilarmonlar va dehqonlarning ham hissasi katta. Yaqinda ularning mehnati xalqaro darajada eʼtirof etilib, Fargʻona uzumlari Yaponiya bozoriga chiqishga muvaffaq boʻldi.
Joriy yilning sentyabr oyida “Sherakhun” xususiy korxonasi tomonidan Yaponiyaning “Washin Trading Co., Ltd” kompaniyasiga dastlabki namuna sifatida yuborilgan uzumlar yapon importchilari tomonidan yuqori baholandi. Kun chiqar yurt ishbilarmonlarining ushbu eʼtirofi mahsulotning sifati, balki uning tabiiyligi, taʼmi va tashqi koʻrinishi bilan ham izohlandi. Natijada, tomonlar oʻrtasida qiymati 1 million dollar boʻlgan eksport shartnomasi imzolandi.
Shartnoma doirasida ilk yuk joʻnatildi. “Kelin barmoq” va “Qora kishmish” navlaridagi bir tonna uzum mahsuloti Tokio shahriga muvaffaqiyatli yetkazildi. Bu tarixiy qadam Oʻzbekiston meva-sabzavotchilik sohasidagi oʻziga xos yoʻnalishni boshlab berdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Shu partiya bilan birga namuna tariqasida anor va xurmo mahsulotlari ham yuborildi. Yapon tadbirkorlari ushbu mahsulotlarni yuqori baholab, yana bir muhim kelishuvni amalga oshirdi. Ular Fargʻonaning “Quva-Agro Star” MCHJ bilan yangi eksport shartnomasi imzoladilar. Yaponiyaga jami 4 165 kilogrammdan iborat uzum, anor va xurmo mevalari eksport qilindi. Bu kabi kelishuvlar hamda yangi loyihalarning ishga tushishi Fargʻona viloyatini, balki butun mamlakatimizning xalqaro savdo maydonidagi nufuzini yanada oshiradi.
“Quva-Agro Star” MCHJ rahbari, tajribali tadbirkor Shavkatjon Aliqulov 15-yildan buyon qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti bilan shugʻullanib keladi. Uning aytishicha, Yaponiya bozoriga mahsulot chiqarish uchun sifat, ekologik poklik, taqdimot madaniyati, shuningdek, yetishtirish texnologiyalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Katta tajribaga ega tadbirkor harakati, tinimsiz izlanishlari samarasi oʻlaroq tumanda, qolaversa viloyatda yetishtirilayotgan uzum, anor va xurmo mevalari Yaponiyaga eksport qilinmoqda. Jahon bozorida Fargʻonaning Quva mevalari nomi jarang sochishida jamiyatning 20 nafarga yaqin mehnatkash ishchilarining hissasi beqiyos. Ular har bir mevani mehr va masʼuliyat bilan terib, saralab, xalqaro talablarga javob beradigan darajada tayyorlaydilar.
– Bugun Quvaning shirin mevalari faqat Yaponiyaga emas, hatto Angliyaning London shahriga ham eksport qilinayotganini faxr bilan ayta olaman, – deydi korxonaning marketing boʻlimi boshligʻi Abrorjon Abdullayev. – London bozorlarida viloyatimizda pishib yetilgan qovun, uzum, anor, xurmo, behi mevalari, hatto koʻkatlar ham sotuvda. Hozirga qadar umumiy hisobda 1617 kilogrammlik mahsulotlarimizni joʻnatdik. Bunday sifatli mevalarimizga talab kun sayin ortib bormoqda.
Quva tadbirkorlarining mana shunday muvaffaqiyati ham iqtisodiy ahamiyatga, ham milliy iftixorga ega. Ular mahalliy dehqonchilik anʼanalarini zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtirib, “Made in Uzbekistan” brendini jahon bozorida tanitmoqdalar.
Ayni shu voqealar mamlakatimizning jahon savdo bozorlariga kirib borishi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarimizning xalqaro raqobatdoshligini ham namoyon etadi. Yaponiya va Angliya bozorlari talabchan va yuqori sifat standartlariga ega. Demak, Fargʻona mahsulotlarining bu bozorlardagi muvaffaqiyati mahalliy ishlab chiqaruvchilarning sifatga, tozalikka va zamonaviy qadoqlash texnologiyalariga katta eʼtibor berganidan dalolatdir.
Eksport hajmining ortishi viloyat iqtisodiyotiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Yangi ish oʻrinlari yaratiladi, fermerlar daromadi koʻpayishi natijasida ular yanada yuqori sifatli mahsulot yetishtirishga intiladi. Shu bilan birga, mamlakatning valyuta tushumi ortib, milliy iqtisodiyotning barqaror rivojiga hissa qoʻshiladi. Shuningdek, mana shunday yutuqlar oʻz navbatida, boshqa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ham katta ilhom va yangi imkoniyat eshigini ochib beradi.
Qisqacha aytganda, Fargʻona uzumlari nafaqat dehqonning mehnati, balki Oʻzbekistonning xalqaro bozordagi nomdor brendiga aylanmoqda.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring