Tokio Olimpiadasidan oldin Virtual olimpiada oʻtkaziladi — Xalqaro olimpiya qoʻmitasi

02:02 25 Aprel 2021 Sport
1653 0

Xalqaro olimpiya qoʻmitasi (XOQ) I Virtual olimpiada oʻtkazilishini maʼlum qildi. Unda ayrim sport turlariga bagʻishlangan kompyuter oʻyinlari boʻyicha musobaqalar oʻtkaziladi, deyiladi tashkilot rasmiy saytida berilgan xabarda.

Virtual olimpiadaning dasturiga beysbol, eshkak eshish, avto va velopoyga va parus sport turlari kiritilgan. Musobaqa Tokio Olimpiadasi arafasida — 13-may — 23-iyun kunlari boʻlib oʻtadi. Virtual olimpiadani tashkil etish uchun ixtisoslashgan federatsiyalar javobgar boʻladi.

XOQ prezidenti Tomas Baxning taʼkidlashicha, Olimpiadaning virtual seriyasi — bu virtual sportning yangi tomoshabinlari bilan bevosita aloqalarni kengaytiradigan noyob raqamli tajriba boʻladi.

“Ushbu seriya sport bilan shugʻullanishni ragʻbatlantiradi va yoshlarga alohida eʼtibor bergan holda Olimpiada qadriyatlarini targʻib qiladi”, deydi Bax.

Eslatib oʻtamiz, Yaponiya pandemiyaga qaramay, Olimpiada oʻyinlarini oʻtkazish niyatida. Bellashuvlar 2021-yilning 23-iyul — 8-avgust kunlari boʻlib oʻtadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?