“Tokio-2021” normativini muvaffaqiyatli bajargan sirdaryolik sportchi qizga hokimlik nomidan katta miqdordagi pul mukofoti beriladi

15:54 29 May 2021 Sport
1060 0

Poytaxtimizda oʻtayotgan yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston chempionatining birinchi kungi bahslari Sirdaryo viloyati terma jamoasiga muvaffaqiyat keltirdi.

Sirdaryolik Safina Sadullayeva balandlikka sakrash yoʻnalishida “Tokio-2021” normativini muvaffaqiyatli bajardi.

Мazkur yoʻnalishda ayollar toifasining normativi 1.96 metrni tashkil etadi.

Eʼtiborlisi, Safina Olimpiadalar ishtirokchisi, Xalqaro musobaqalar gʻoliblari, tajriba bobida oʻzidan anchayin ustunroq boʻlgan Svetlana Radzivil va Nadiya Dusanova kabi sportchilardan ustun keldi va musobaqa gʻolibi boʻlish bilan birga Olimpiada yoʻllanmasini deyarli naqd qildi.

Endi Oʻzbekiston ochiq chempionatidagi Safina ishtirok etgan musobaqada qayd qilingan natijalar bilan tanishing.

Balandlikka sakrash, ayollar:

  • 1. Safina Sadullayeva (Oʻzbekiston) – 1.96 metr
  • 2. Nadiya Dusanova (Oʻzbekiston) – 1.87
  • 3. Svetlana Radzivil (Oʻzbekiston) – 1.87

Shunday qilib, Tokio Olimpiadasi yoʻllanmasini olgan sirdaryolik sportchilar 3 nafarga yetdi. Yaʼni hozirga qadar pnevmatik quroldan oʻq otish boʻyicha Server Ibragimov va akademik eshkak eshish boʻyicha Shoxboz Xolmirzayev litsenziya sohiblari boʻlgan edi. Quvonarlisi, hali Sirdaryo viloyatining yana 4 nafar sportchisida Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritish imkoniyati bor.

Safina Sadullayevaning zafari Sirdaryoda ulkan xushxabar sifatida kutib olindi va eʼtirof etildi.

Bugun viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev sportchi qizga tabrik yoʻlladi va unga viloyat hokimligi nomidan katta miqdordagi pul mukofoti tantanali ravishda beriladigan boʻldi.

Maʼlumot uchun: avvalgi Olimpiadada yuqori natijaga erishgan sirdaryolik sportchilarga xonadonlar sovgʻa qilingan edi.

Ahmadali SHERNAZAROV

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?