Toʻy hashamat emas

Xalqimizda uyiga kelgan eng ulugʻ, oila uchun qadrli boʻlgan mehmonga hurmat nuqtayi nazaridan toʻn kiydirish udumi bor. Ayrim toʻylarimizda shu goʻzal anʼana ham dabdababozlikka aylantirib borayotgani achinarli. Yaqinda Koʻkdala tumanining chekka qishloqlaridan biriga toʻyga bordik. Ikki oʻgʻlining qoʻlini halollash bahonasida elga dasturxon yozgan yigitni yaxshi taniymiz, barqaror daromad manbai yoʻq. Kunlik ishlarda ishlaydi, mol, qoʻy boqadi, dehqonchilik qiladi. Xullas, oʻrtahol oila. Shunga qaramay, toʻyga tumonat odam chaqirgan. Dasturxonda hamma narsa muhayyo. Bir yonda hofizlar davrani qizdirmoqda, oʻyin-kulgi avjida, bir tomonda kurash musobaqasi.
Toʻy qizigan bir paytda boshlovchi yigit mezbon xonadonning yaqinlarini birma-bir davra oʻrtasiga taklif eta boshladi. Ism-familiyasi oʻqilgan kishi davraga chiqdi, toʻy egalari esa uning egniga chopon yopishdi. Bu jarayon bir soatdan ortiq davom etdi hamki, na davra oʻrtasiga olib chiqilayotgan taxlam-taxlam toʻnlarning, na boshlovchining qoʻlidagi roʻyxatning adogʻi koʻrinadi...
– Toʻy egasi kecha bir hoʻkizini sotib, yetmishta chopon olgandi, – deydi yonimizda oʻtirgan mehmonlardan biri. – Yetmish qarindoshga yetmish toʻn ulashishning nima keragi bor?
Toʻgʻrisi, har qanday goʻzal udum ham meʼyoridan oshsa nihoyatda bachkana koʻrinadi chetdan qaragan kishiga. Bu ishni toʻy egalari qilishdi-yu, mehmonlar xijolat tortib oʻtirishdi.
– Chiroyli toʻy dasturxonga bogʻliq emas, – deydi Qarshi shahridagi Tabassum mahallasi faollaridan biri, faxriy oʻqituvchi Ahmad Toʻrayev. – Toʻy dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida bor. Hamma uni oʻz udum va anʼanalaridan kelib chiqqan holda turlicha tashkil etadi. Lekin barchasining mohiyatida kishining oʻz baxtli onlarini yaqinlari davrasida nishonlash, shirin diydor, maroqli suhbat istagi mujassam. Ammo biz toʻy bahonasida koʻproq oʻzimizni koʻrsatishga, boyligimizni koʻz-koʻz etishga urinamiz, har jabhada dabdabaga, hashamatga urgʻu beramiz. Aslida chiroyli va fayzli toʻy qilish mehmonlarning soni koʻpligi yoki dasturxonning toʻkinligi bilan oʻlchanmaydi. Aksincha, dabdabali, isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilayotgan toʻylarda fayz koʻrmaysiz. Kamgina xarajat bilan ham juda chiroyli toʻy oʻtkazish mumkin. Bu kishining ichki madaniyatiga bogʻliq masala.
Mavzuni oʻrganish jarayonida Qashqadaryo viloyatining turli hududlarida sunnat toʻyi yoki nikoh toʻyi uchun ketadigan xarajatlar haqida soʻrab-surishtirdik. Maʼlum boʻlishicha, hozirgi toʻy mavsumida oʻrtacha 400 kishilik toʻy uchun Qarshi shahridagi eng arzon toʻyxona 4-5 million soʻm, qimmati 30-35 million soʻm xizmat haqi soʻraladi. Toʻrt yuz kishi uchun 40 ta stolni oʻrtacha darajada toʻldirish 70 million soʻmdan 100 milliongacha boradi. Viloyatdagi “bozori chaqqon” sanʼatkorlarning bitta toʻyni oʻtkazib berish narxi 2 milliondan 15 milliongacha. Boshlovchini 500 mingdan 1,5 million soʻmgacha boʻlgan narx evaziga chaqirish mumkin. Professional foto va video xizmatlarining ham narxi ancha baland – 3 - 8 million soʻm oraligʻida. Shungdan kelib chiqsa, 400 kishilik kamtarona toʻyning faqat toʻyxonadagi qismi uchun 80-90 million soʻm pul sarf etishingizga toʻgʻri keladi. Qancha dabdaba qoʻshilgani sari sarf-xarajat miqdori ham oshib boraveradi. Chekka hududlarda esa toʻyxona narxlari ancha arzon. Hovlida toʻy qiladigan oilalar ham koʻp. Lekin bu yerda ham ortiqcha marosim va dabdababozliklarning koʻpayib ketgani hisobiga sunnat yoki nikoh toʻylari xarajati markazdagidan kam emas.
Endi oʻylab koʻring, bitta toʻyni ixchamlashtirish orqali iqtisod qilib qolish mumkin boʻlgan 60-70 million soʻm bilan farzandlarning tarbiyasi, sifatli taʼlim olishi, oilaning farovonligi uchun asqatadigan qanchadan-qancha ishlar bitiradi.
– Mamlakatimizda toʻylarni ixchamlashtirishga davlat ahamiyatiga molik masala sifatida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Endi ziyolilar faollashishi kerak, – deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi bosh mutaxassisi Latif Qambarov. – Toʻy qilaman deb qarzga botayotgan yoki oilasining farovonligi, farzandlarining yaxshi taʼlim va tarbiya olishi uchun sarflashi mumkin boʻlgan sarmoyani bir kunlik toʻyga toʻkib-sochib, keyin yillar davomida qiynalib yashayotgan oilalar ham yoʻq emas. Yaqinda shu masalada viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining yigʻilishi tashkil etilib, toʻylardagi isrofgarchiliklarning oldini olish, bu boradagi targʻibot ishlarini tizimli tashkil etish, tushuntirish ishlaridan soʻng ham tartibga amal qilmaganlarning ishini muhokamaga qoʻyish, maʼmuriy chora qoʻllashgacha boʻlgan vazifalar belgilab olindi. Hozircha bir qator masʼul tashkilotlar hamkorligida bu borada tizimli targʻibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Toʻylarni ixchamlashtirish, isrofgarchiliklarning oldini olishda mahallalardagi ziyoli, obroʻ-eʼtiborli, oʻziga toʻq oilalarning bu ishga munosabati muhim rol oʻynaydi. Odamlar koʻproq ularga ergashadi. Shu bois ham toʻylarni tartibga solish, dabdababozliklarga chek qoʻyishda obroʻ-eʼtiborli insonlar faollik koʻrsatishi, ixcham va kamxarj toʻy qilishda oʻrnak boʻlishi lozim. Qachonki, har birimiz dabdabali emas, balki ixcham va fayzli toʻylarga havas qila boshlasakkina, bu muammo oʻz-oʻzidan batamom barham topadi.
Jahongir BOYMURODOV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring