Tinchlikparvar Oʻzbekiston mintaqa taqdiri va xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda

23:38 04 May 2021 Siyosat
435 0

“Sogʻlom fikr gʻalabasi, diplomatik gʻalaba”. Bundan 55 yil avval Oʻzbekiston poytaxtida boʻlib oʻtgan muzokaralar va ular natijasida imzolangan hujjat — Toshkent deklaratsiyasiga ana shunday baho berilgan edi. Oʻshanda erishilgan kelishuv ikkinchi Hindiston — Pokiston urushiga nuqta qoʻygan va ulkan mintaqada tinchlik oʻrnatilgan edi. Tomonlar jangovar harakatlarni toʻxtatishib, qoʻshinlarini mojarodan avvalgi pozitsiyalariga qaytarishgan, diplomatik munosabatlarni tiklagan edilar.

Darhaqiqat, Toshkentning tinchlik jarayonidagi roli ulkan. U tomonlarning yetakchilariga muzokara maydoni boʻlib xizmat qilgan va muloqot uchun sharoit yaratib bergan. Va bu saʼy-harakatlar muvaffaqiyatga olib kelgan.

Zamonaviy Oʻzbekistonda esa ushbu tajriba Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosati tufayli yangicha mazmun kasb etdi. Mamlakatimiz Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik muhitini ­mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda, butun mintaqa boʻylab mojaroli vaziyatlarni tartibga solishda eng muhim tashabbuskor boʻlmoqda.

Asosli, tizimli va jadal hamkorlik

“Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston ­Prezidenti boʻlib saylanganidan keyin ushbu mamlakat siyosatida chinakam yangi era ­boshlanishini hech kim tasavvur ham qilmagan edi”, deb yozadi Tehron universiteti professori, Yevroosiyo boʻyicha mutaxassis Bahram Amirahmadian Eronning “Shargh” nashridagi maqolasida.

Ekspert soʻz yuritayotgan yangi era odatda inqilobiy larza bilan birga kechadi. Oʻzbekistonda esa inqilobiy tus olgani islohotlar boʻldi. Dunyo sari ochilgan respublika oʻz tashqi siyosatida ustuvorlik kasb etgan jihatlarni belgilab oldi. Birinchi galda bu qoʻshni mamlakatlar bilan munosabat edi.

Islohotlarning besh yillik dasturi boʻlgan Harakatlar strategiyasi shunday puxta oʻylangan, oʻzaro manfaatli va ­konstruktiv tashqi siyosatni roʻyobga ­chiqarish vazifasini qoʻydiki, u davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini yana-da mustahkamlash, Oʻzbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik hamda yaxshi qoʻshnichilik kamarini yaratish, uning xalqaro imijini yaxshilashga yoʻnaltirilgandir.

Yaqinda Rossiya Federatsiyasining hukumat nashri boʻlgan «Rossiyskaya gazeta» zamonaviy Oʻzbekistonning tashqi siyosatiga bagʻishlangan maqola chop etdi. Uning muallifi — tarix fanlari nomzodi, Rossiya FA Sharqshunoslik institutining Markaziy Osiyo, Kavkaz va Ural-Volgaboʻyini oʻrganish markazi ilmiy xodimi Aleksandr Vorobev. U Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi yirik davlatlar — Rossiya, Xitoy, AQSH va Yevroittifoq, ­Yevroosiyoning boshqa davlatlari, masalan, Turkiya hamda Pokiston bilan aloqalari sezilarli darajada jadallashgani, shuning­dek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi ishlarni boshqa davlatlar bilan umumiy muammolarni hal etish boʻyicha hamkorlik qilish maqsadida yana-da faollashtirayotganini qayd etar ekan, keyingi bir necha yilda tashqi siyosatdagi yana bir yoʻnalish boʻyicha yuz berayotgan oʻzgarishlarga eʼtibor qaratdi.

— Toshkentning Markaziy ­Osiyodagi eng yaqin qoʻshnilari bilan hamkorlikka nisbatan yondashuvi oʻzgardi, — deb yozadi ekspert. — Bu munosabatlar yana-da tizimliroq va jadalroq boʻldi. Qirgʻiziston va Tojikiston bilan aloqalarda mavjud boʻlgan tugunlarni yechish, Qozogʻiston va Turkmaniston bilan esa konstruktiv muloqotni yana-da jadallashtirish boʻyicha ­Toshkentning intilishlari koʻrinib turibdi.

Albatta, mamlakatimiz ham, mintaqadagi boshqa davlatlar ham ilgari bir-biriga nisbatan ochiq tajovuzkor siyosat yuritgan emas. Lekin Shavkat Mirziyoyev taklif etgan yondashuvning oʻziga xos ­farqlari bor. Asosiysi, 70 million aholi yashaydigan mintaqada xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha masʼuliyatni boshqalarga yuklamasdan birinchi galda shu davlatlarning oʻzi ishlashi kerak. Afsuski, jahon tarixida shunday voqealar boʻlgan. U yoki bu mintaqadagi tinchlik va farovonlik masalalari uchinchi tomonga berib qoʻyilgan. Natijada joylarda toʻqnashuvlar yuz bergan va xalqaro tashkilotlar to harakatga tushgunicha bu toʻqnashuvlar qon toʻkilish darajasigacha kuchayib ketgan.

Tanlangan yondashuv toʻgʻriligini vaqt isbotladi. Va mintaqada qandaydir yechilmaydigan muammolar mavjudligi haqidagi qarashlar puchga chiqdi. Ayniqsa, mintaqa davlatlari yetakchilarining Maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish haqidagi tashabbus juda oʻtkir va dolzarbligi bilan eʼtiborga molik. Qozogʻistonning Birinchi ­Prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyevning taʼkidlashicha, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, Oʻzbekistonda olib borilayotgan oqilona siyosat esa butun mintaqadagi vaziyatga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Pandemiya ushbu uchrashuvlarni oʻtkazish jadvaliga xalaqit berdi va oʻtgan yili uchinchi muloqot oʻtkazilmay qoldi. Ammo ushbu formatga talab katta, ayniqsa, ­butun Markaziy Osiyo uchun oʻta dolzarb boʻlgan masala — davlatlar chegaralarini delimitatsiya qilish bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun hamkorlikda ish olib borish kun tartibida turgan bir paytda. Qirgʻiziston rahbari Sadir Japarov bu yil Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarining sammitini Qirgʻizistonda oʻtkazish rejasi borligini aytib, unda bizning mamlakatimiz Prezidenti shaxsan ­ishtirok etishiga umid bildirgan.

Tabassumli diplomatiya

Maʼrifat davridagi ingliz-irland parlamenti aʼzosi va publitsist Edmund Byork fikricha, urf-odatlar qonunlardan koʻra ­muhimroq, chunki qonunlar aynan ularga ­bogʻliqdir.

Konservatizm mafkurasi asoschisining ushbu taʼkidini rad etish qiyin. Ayniqsa, mehmondoʻstlik, tinchliksevarlik va hamjihatlik anʼanalari baʼzan klassik diplomatiya qonun-qoidalaridan ham taʼsirchanroq boʻlishi mumkinligi aniq koʻrinib turganda!

Uzoqqa bormaylik, oʻtgan haftada ­Prezidentimiz Turkmanistonga tashrif buyurib, ikki tomonlama uchrashuvdan soʻng oʻsha mamlakat yetakchisining otasi xotirasiga bagʻishlangan iftor dasturxonida ishtirok etdi. Diplomatik va rasmiy protokollar boʻyicha rahbarlar bunday marosimlarda qatnashish, oʻtganlar xotirasiga duo qilish uchun shaxsan borishlari shartmi? Yoʻq. Lekin bunday qadam — qardosh xalqlar oʻrtasidagi yozilmaganu, juda qattiq hurmat qilinadigan anʼanadir. Murakkab vaziyatda bir-birini qoʻllash juda muhim. Bir qancha yigʻma jildlardagi qator memo­randum va kelishuvlardan ham koʻra ­taʼsirchanroq bu vosita orqali koʻp asrlik doʻstlik rishtalari amalda yana mustahkamlanadi. Shavkat Mirziyoyev buyuk mutafakkir Maxtumqulining: «Firogʻiyning ikki koʻzi bor, biri turkman boʻlsa, biri oʻzbegim», degan oʻlmas satrlari ham buni tasdiqlashini aytib oʻtdi.

“Insoniylik” va “doʻstona munosabat” tushunchalari yangi Oʻzbekistonning qoʻshnilar bilan munosabatini yaqqol koʻrsatib turibdi. Tabassumli diplomatiya, tilaklardagi samimiylik bilan oʻzaro manfaatli maqsadlarga erishish yana ham samarali.

Shu oʻrinda Qirgʻiziston Prezidenti ­Sadir Japarovning mart oyidagi Oʻzbekistonga tashrifini ham eslash joiz. ­Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov uchrashuvlari ikki mamlakat munosabatlarini boshqatdan yoʻlga qoʻydi, hamkorlikni mutlaqo yangi sifat bosqichiga koʻtarish uchun zamin hozirladi.

Imzolangan salmoqli investitsiyaviy va savdo shartnomalari paketidan tashqari qoʻshni mamlakatni yana kutilmagan sovgʻalar kutardi. U ham boʻlsa, 20 ta “Tez yordam” mashinasi va yuzlab qirgʻizistonlik yoshlarga Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olish imkonini beruvchi kelishuvlar. Prezidentlar nafaqat iqtisodiyotda, balki madaniyat, sport, sayyohlik sohalarida hamkorlik qilish, badiiy jamoalarning oʻzaro tashriflarini uyushtirish, yaʼni xalqlarni maʼnan yaqinlashtiruvchi yoʻnalishlarni ham muhokama qildilar. Shu oʻrinda Chingiz Aytmatovning quyidagi soʻzlari yodga tushadi: “Aytishadiki, doʻstlar ogʻir kunda, kulfatda sinaladi, menimcha esa ular quvonchli daqiqalarda ham sinaladi”.

Oʻzbekistonning yangi ochiqlik siyosati natijalari, uning Markaziy Osiyo mintaqasidagi geosiyosiy oʻzgarishlarga ijobiy taʼsiri yana bir qoʻshni mamlakat — Tojikistonda ham yaqqol koʻrinadi.

— 2017 — 2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasining hayotga faol tatbiq etilishi Markaziy Osiyodagi davlatlararo munosabatlarning barqarorligi va mustahkamlanishiga erishish, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikning intensifikatsiyalashuvida real natijalarni koʻrsatmoqda, — deydi Rossiya-­tojik slavyan universitetining Geosiyosiy tadqiqotlar markazi direktori, tarix fanlari doktori Guzel Maytdinova.

Ekspert tojik — oʻzbek ikki tomonlama munosabatlari 2016-yildan boshlab faollashganini eʼtirof etadi. Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston oʻzining ichki va tashqi siyosatdagi yangi doktrinasini roʻyobga chiqarishni jadallashtirishi, Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekiston bilan chegaradosh davlatlar oʻrtasidagi anchadan buyon yechilmay kelgan muammolarning hal etilishi boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar Markaziy Osiyodagi keskinlikni yumshatishga olib keldi.

G. Maytdinova Oʻzbekiston yetakchisining Tojikistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasidagi konstruktiv muloqotni geosiyosiy voqelik, strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishini esa tarixiy ahamiyatga molik qadam, deb atadi.

Mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarda mavjud boʻlgan “qora davr” orqada qoldi. Fors-tojik sheʼriyatining buyuk namoyandasi Hofiz Sheroziy: “Olam ustidagi zulmatni tarqatib yuborish uchun yoʻlchi yulduz boʻl”, degan edi. Davlatlar oʻrtasida koʻp yillar hukm surgan kelishmovchiliklarni yengib oʻtish uchun ham tashabbus zarur boʻldi.

Soʻzlar — haqqoniy, harakatlar — qatʼiy

Harakatlar strategiyasining beshinchi yoʻnalishi xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, puxta oʻylangan, oʻzaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat yuritishga bagʻishlangan boʻlib, unda qoʻshni davlatlar bilan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish alohida vazifa sifatida belgilangan.

Kutilmaganda toʻqnashuv keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan eski muammoni hal qilish — chuqur oʻylangan maqsaddir. Chegaraoldi hududlarida, bahsli uchastkalarda paydo boʻladigan biror maishiy masala odatda shunchaki janjal, bir-ikki gʻurra bilan yakun topishi ham mumkin. Lekin bunda igʻvogarlar gij-gijlashsa, juda katta toʻqnashuvga aylanib ketishi ham hech gap emas. Shu bois ham keyingi yillarda Oʻzbekiston tomonidan hududiy va chegaraoldi masalalarini huquqiy jihatdan tartibga solishga alohida eʼtibor berilyapti.

Siyosatshunos, mintaqaviy xavfsizlik masalalari boʻyicha ekspert Chinara Esengul “Bi-Bi-Ci”ning rus tilidagi xizmatida chiqqan tahliliy materialida yozadiki, chegaraga bogʻliq muammolarning ildizi — tarixda: oʻz vaqtida Oʻrta Osiyo respublikalarining chegaralari maʼmuriy boʻlib, sovet hukumati sarhadlarni xalqlarning etnik mansubligini hisobga olmay, balki umumiy resurslarga eʼtibor bergan holda belgilagan. Kelishuvga erishishning murakkabligi shundaki, hududlarning xaritalari boʻyicha ikkita paket mavjud boʻlib, ular turli yillarda chiqqan hujjatlarga asoslanadi. Ijobiy misol sifatida Qirgʻi­ziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi chegarani keltirish mumkin, bunda faqat 15 foiz joy qayta roʻyxatdan oʻtmay qolgan. Ekspert soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda amaldagi Prezident hokimiyatga kelishi bilan bu boradagi muzokaralar tezlashtirildi.

Ammo ayrim kulfatlar roʻy berishi ham bor gap ekan. Oʻtgan haftada qirgʻiz — ­tojik chegarasida qon toʻkildi va bu voqea Oʻzbekistonni befarq qoldirmadi.

Sharq hikmatlaridan birida: “Soʻzlar haqqoniy boʻlsin, harakatlar — qatʼiy”, deyiladi. Ushbu qoida zamonaviy dunyo uchun ham yuz foiz daxldor va toʻgʻri. Kelishmovchilik xuddi qor koʻchkisi choʻqqidan pastga qulab, katta talafotga sabab boʻlishi singari xavfga aylansa, jadal harakatga kirishish muhim.

Chegarada otishma boshlangani haqidagi xabar tarqalgan dastlabki soatlardayoq Oʻzbekiston oʻz Tashqi ishlar vazirligi orqali tomonlarni ziddiyatni zudlik bilan toʻxtatishga chaqirdi. Barcha masala va muammolar faqat muzokaralar hamda ­maslahat yoʻli bilan, Markaziy Osiyoning qardosh xalqlariga xos azaliy doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik asosida hal qilinishi lozim, deyildi murojaatda. Mamlakatimiz yuzaga kelgan vaziyatni tartibga solishda har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyorligini maʼlum qildi.

Oʻzbekiston yetakchisi vaziyatni tez fursatda hal qilish masalasini Tojikiston Prezidenti bilan muhokama qildi. Suhbatda kelib chiqqan ziddiyatni iloji boricha tezroq toʻxtatish va uning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha erishilgan kelishuvlar qoʻllab-quvvatlandi. Shundan soʻng qirgʻizistonlik hamkasb Sadir Japarov bilan ham telefon orqali soʻzlashuv boʻlib oʻtdi.

Chegaradagi holatni Qirgʻiziston va Tojikiston Prezidentlari ham oʻzaro muhokama qilishdi. Bunda oʻt ochishni toʻliq toʻxtatish va harbiylarni doimiy dislokatsiya joylariga olib ketish haqidagi kelishuvlarga rioya qilish, shuningdek, ikki mamlakatning chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari boʻyicha hukumatlararo komissiyasining yigʻilishini oʻtkazish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Oʻzbekiston Prezidentining Qirgʻiziston rahbari bilan navbatdagi soʻzlashuvida mamlakatlarning qardosh xalqlari orasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida barcha mintaqaviy masalalarni ishonchli muloqot asosida hal etishga tayyorlik tasdiqlandi.

Vaziyat tartibga solindi. Va keng jamoatchilik nazdida Shavkat Mirziyoyevning ziddiyatni toʻxtatishdagi bevosita roli hamda tinchlik oʻrnatuvchi diplomatiyasi, kerakli imkoniyatlarni ishga solib, ayni oʻsha payt uchun ishonchli dalillar topganligi aniq namoyon boʻldi.

“Bahs Prezident Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari va shaxsan aralashuvi natijasida hal etildi” — shu kunlarda blogosferadagi sharhlovchilarning postlarida aynan ana shunday soʻzlar bot-bot takrorlandi. Oʻzbekiston rahbari jahon hamjamiyati koʻz oʻngida Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng obroʻli shaxs sifatida, vaziyatni barqarorlashtirishga qodir yetakchi sifatida gavdalandi.

Xalqaro eʼtirofga loyiq faoliyat

Chegaraoldi kelishmovchiliklarni tartibga solish — oʻta muhim ish, tegishli davlatlar xalqlarining hayoti, farovonligi va kelgusi taraqqiyoti unga bevosita bogʻliqdir.

Ushbu masalaning ahamiyatini hisobga olgan holda, Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmed Ali oʻz davlatiga qoʻshni boʻlgan Eritreya bilan yuz bergan toʻqnashuvni tinch yoʻl bilan hal qilishdagi qatʼiy tashabbusi uchun 2019-yil yakuni boʻyicha Nobel mukofotiga loyiq koʻrilgan.

Oslo shahridagi tantanali marosimda Norvegiya Nobel qoʻmitasining raisi Berit Rayss-Andersen gʻolib nomini eʼlon qilar ekan, bosh vazir Abiyning ichki siyosatdagi yutuqlarini ham maqtadi. Yaʼni u mamlakatda favqulodda holatni bekor qilgan, ­minglab siyosiy mahbuslarga amnistiya bergan, ommaviy axborot vositalarida senzuraga chek qoʻyilgan, siyosiy oppozitsiyani legalizatsiya qilgan, xotin-qizlarning ­siyosiy va ijtimoiy hayotdagi rolini koʻtargan.

Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar ham mamlakat ichkarisida va tashqi siyosiy muhitda erishilayotgan yutuqlar bilan ham­ohang davom etib kelmoqda. Mintaqadagi muammolar muvaffaqiyatli hal etilishi natijalari bundan bir necha yil oldin ham xorijda faol muhokama qilib kelinardi. Mamlakatimiz yetakchisining xalqaro faoliyatidagi asosiy bosqichlar, ayniqsa, uning qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlashi kabi mavzularda “Uz Kor media group” kompaniyasi muharriri Cho Chol Chyon oʻzining 50 minglik adad bilan Koreya Respublikasida nashr etilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev”­ kitobida yozgan edi.

— Janob Shavkat Mirziyoyevning koʻp qirrali faoliyati har tomonlama yoritishga arzigulik, — deb yozgandi u. — Oʻylashimcha, aynan ana shunday inson yuksak ­xalqaro eʼtirofga va tinchlikni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi uchun Nobel mukofotini olishga munosibdir.

Shunga oʻxshash takliflar jamoat tashkilotlari tomonidan ham bildirilgan. Tojikistonning “Oʻzbeklar jamiyati” Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlarining nomzodini Nobel mukofotiga tavsiya etish haqida imzolar toʻplagan. “Bizga, agar davlat ­rahbari nomzodini jamoat tashkiloti ilgari sursa, uning taklifi Nobel qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqiladi, deb batafsil tushuntirishgan” — deydi “Oʻzbeklar jamiyati” raisi Muharrama Mirzoaliyeva.

Bu tashabbuslar, albatta, jamoat tashkilotlarining diqqat-eʼtiborini tortishga arziydi. Ayniqsa, keyingi voqealar buni yaqqol isbotladi. Mamlakatimiz oʻz oldiga taraqqiyotni maqsad qilib qoʻygan, mintaqada barqarorlik va hamjihatlik muhitini qaror toptirishga harakat qilmoqda. Bu saʼy-harakatlar Afgʻonistonni ham qamrab oladi, chunki Oʻzbekiston uning ham barqaror rivojlanishini istaydi.

Muhimi, davlatimiz katta mintaqaning taqdiriga, uning xavfsizligi va barqarorligini taʼminlashga daxldorligini faqat soʻzda emas, balki amalda ham isbotlab kelayotir.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?