TIMUN — 2021: Yoshlar yaxshilik sari

20:41 21 May 2021 Jamiyat
474 0

Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi (UNODC)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi va Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida Markaziy Osiyodagi eng global yoshlar loyihalaridan biri boʻlgan Toshkent Xalqaro BMT Modeli (TIMUN) boʻlib oʻtdi.

Tashqi koʻrinishi qadimiy saroylarni eslatuvchi gʻishtin devorlardan bunyod etilgan muhtasham binodan ichkari tomon kirib borar ekanmiz, bizni qaynoq muhit oʻz bagʻriga oldi. Konferensiya uchun moʻljallangan asosiy va qoʻshimcha zallar 200 nafar chet ellarda tahsil olayotgan talaba va qatnashchilar bilan liq toʻla.

Ushbu konferensiya yoshlarning xalqaro diplomatiya, huquq, global siyosat, jamoat nutqlari, yetakchilik va samarali muzokaralar olib borish koʻnikmalarini shakllantirishda noyob platforma hisoblanadi. TIMUN konferensiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti va talabalar oʻrtasidagi yoshlarning bir qator murakkab masalalar boʻyicha ochiq muloqot oʻtkazish va global muammolarga oʻz yechimini taklif etishga imkon beradigan koʻprik vazifasini oʻtaydi.

Bu yil TIMUN — 2021 konferensiyasi Doha Deklaratsiyasini va Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2021-yil Kioto shahrida boʻlib oʻtgan Jinoyatning oldini olish va jinoiy odil sudlov yigʻilishini ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Konferensiya davomida BMTning yetti asosiy tashkiloti, jumladan, Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy adolat boʻyicha komissiyasi, Bosh Assambleya, YUNESKO, Xavfsizlik Kengashi, Ijtimoiy, gumanitar va madaniy masalalar boʻyicha (Uchinchi qoʻmita) qoʻmitasi, Inqiroz qoʻmitasi hamda Fan va texnologiyalarni rivojlantirish komissiyasi modellashtirildi.

— Konferensiyaning Oʻzbekistonda tashkil etilishini toʻla qoʻllab-quvvatladik, — deydi BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi koordinatori Kun Markver. — Chunki unda koʻtarilgan masalalar barqaror rivojlanish maqsadlariga xizmat qilib, dunyo boʻyicha kun tartibida turibdi. Biz yoshlarga dolzarb mavzularda — ekologik muammolar, korrupsiya, giyohvandlikka qarshi kurash borasida oʻz fikrlarini erkin bildirishlariga imkoniyat yaratishimiz kerak. Mazkur tadbir bu borada muhim platforma boʻla oldi.

Ikki kunlik konferensiya doirasida COVID-19 pandemiyasi vaqtida ochlik, sogʻliqni saqlash va oziq-ovqat xavfsizligi tanqisligi bilan bogʻliq zamonaviy muammolarni hal qilishga qaratilgan iqtisodiy tiklanish, “koʻrinmas yov”ning qochqinlar hayotiga taʼsiri, mojaroli hududlarda bolalarning maktab taʼlimi, rivojlanayotgan mamlakatlarda barqaror energiya manbalarini kengaytirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda jinoyatning oldini olish, odil sudlov va qonun ustuvorligi taʼminlash, koronavirusning dunyo tinchligi va xavfsizligiga taʼsiri, unga qarshi vaksinalarning tarqalishiga doir maʼruzalar qilindi.

Farangiz XOʻJAQULOVA,

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?