Til oʻrganib oʻzligimizni yoʻqotmaylik
Har bir xalqning yuragi — uning tili. Ona tili — ona qoʻshigʻidek allalaydi, bobolar soʻzi kabi tarbiyalaydi, millatning ruhi boʻlib yashashni oʻrgatadi. Til yoʻqolsa, nafaqat soʻz, balki tarix ham jim qoladi, xotiralar yoʻqolib goʻyo boʻshliqda bizni qolgandek boʻlamiz. Biz boshqa tillarni oʻrganar ekanmiz, bu yod olish emas, oʻzligimizni boyitish boʻlishi kerak.
Tasavvur qiling: oʻquvchi chet tilida gapiradi, zamonaviy iboralarni biladi, lekin oʻz tilimizdagi “vatan”, “or”, “nomus”, “ona” soʻzlarining ildizini qalbdan his qilmaydi. Qalb ona tilida gapirmas va uni tushunmas ekan milliylik yoʻqoladi. Demak, til oʻrganishdan maqsad oʻzlik daraxtining ildizini kesish emas, aksincha uni sugʻorish boʻlishi kerak.
Bugun ingliz, koreys, turk, arab yoki boshqa tillarni bilish imkoniyatlar eshigini ochish demakdir. Xususan koʻplab yoshlar chet mamlakatlardagi nufuzli oliy oʻquv yurtlarida oʻqish uchun ham bu tillarni oʻrganib, oʻz bilimlarini mamlakatdan tashqarida oshirishmoqda. Ajdodlarimiz ham dunyo ilmiga kirib borish uchun oʻnlab tillarni bilgan, lekin oʻzbekligidan voz kechmagan. Alisher Navoiy fors tilida goʻzal asarlar yozgan, ammo oʻzbek tilini davlat tili darajasiga koʻtargan.
Bugun ingliz tilini bilish oʻqishga yo ishga kirishda yordam bersa, oʻzbek tilini bilish oʻzligimizni asraydi.
Chet elda tahsil olgan yigit-qizlar ona yurtiga xizmat qilsa — bu gʻurur, sharaf. Ammo ular oʻz tilidan, oʻz mentalitetidan uyalsa — bu yoʻqotish.
Til — kiyim emas, almashtirib kiyilmaydi. Til — ruh. Uni unutgan odam oʻz ruhining eshigini yopadi. Shuning uchun chet tilidan bir yangi soʻzni oʻrgansak, oʻz tilimizga bir mehrli jumla bagʻishlaylik. Bir chet soʻzini talaffuz qilganimizda, bir oʻzbekcha iborani hurmat bilan tilga olaylik. Yangi ufqlarni ochish uchun til oʻrganaylik, ammo oʻz ildizimizni qoʻldan qoʻymaylik.
Mushtariy TOSHPOʻLATOVA,
Sirdaryo viloyati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring