Tibbiyot klasteri: Sarmoya qanday samara bermoqda?
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Prezidentimizning 2021-yil aprel oyida “Zarmed pratiksha hospital group” klinikasiga tashrifi davomida bergan topshirigʻiga binoan, Buxoro shahrida ilk xususiy nodavlat taʼlim muassasalaridan biri – “Zarmed” universiteti ishga tushirilib, shu nomdagi tibbiyot klasteriga asos solingandi. Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan mazkur klasterning Buxoro va Samarqand shaharlaridagi shoʻba korxonalariga press-tur uyushtirildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari koʻp tarmoqli klinikalar hamda tibbiy taʼlim muassasalari faoliyati bilan tanishtirildi.
Sir emas, sogʻliqni saqlash sohasidagi tub islohotlar aholi va tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Joylarda yuqori texnologiyali tibbiy xizmat koʻrsatish qamrovi kengaymoqda. Xorijdan investitsiyalar va malakali mutaxassislar jalb etilyapti. Tibbiy turizm va xizmatlar eksporti, tajriba almashuv rivojlanmoqda. Buni “Zarmed pratiksha hospital group” qoʻshma korxonasi faoliyati misolida ham koʻrish mumkin. Ushbu korxona Samarqand shahrida Oʻzbekiston va Hindiston hamkorligida tashkil etilgan. Keyinchalik koʻp tarmoqli tibbiyot markazining Buxoro, Qarshi va Shahrisabz shaharlarida ham filiallari ishga tushirildi.
Ularda tibbiyotning kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, endoskopik jarrohlik, ortopediya va travmatologiya, urologiya va ginekologiya, otolaringologiya kabi 15 dan ziyod yoʻnalishida aholiga xizmat koʻrsatilmoqda. 200 dan ortiq malakali shifokor va hamshiralar ishga jalb qilingan. Shuningdek, AQSH, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlarning malakali mutaxassislari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Tibbiy markazlarda bir vaqtning oʻzida ming kishiga xizmat koʻrsatish imkoniyati bor.


– Yaqin oʻtmishda viloyatlarimizda ayrim murakkab turdagi jarrohlik amaliyotlari boʻyicha kadrlar yetishmovchiligi mavjud edi, – deydi “Zarmed” tibbiyot klasteri taʼsischisi, “Doʻstlik” ordeni sohibi Dilshod Shukrullayev. – Klinikamiz oʻz faoliyatini boshlagan kezlarda bemorlarga xalqaro andozalar darajasida xizmat koʻrsatish uchun ortopediya va travmatologiya, yurak va miya qon-tomir kasalliklari boʻyicha jarrohlarni chet eldan jalb qilganmiz. Keyinchalik mahalliy shifokor va hamshiralarning ham xorijda tajriba oshirishini yoʻlga qoʻydik. Bugun zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislarni oʻzimizda tayyorlash imkoniga egamiz.
Press-turda jurnalistlar Buxorodagi “Zarmed” universitetida talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Xususan, zamonaviy oʻquv va laboratoriya xonalarida boʻlib, mashgʻulotlarni kuzatishdi.
– Oliy oʻquv yurtimizda ayni paytda 6 ming nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda, – deydi universitetning xalqaro boʻlim boshligʻi Shohsanam Orzuyeva. – 22 ta yoʻnalishda kadrlar tayyorlanmoqda. Yoshlarimizning zamonaviy bilimlarni egallashlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
– “Zarmed”da oʻqiyotganimdan xursandman, – deydi yana bir suhbatdoshimiz Xurshida Roʻziqulova. – Bolaligimdan shifokor boʻlishni orzu qilardim. Hozir davolash yoʻnalishida tahsil olyapman. Kelgusida el-yurt koriga yaraydigan malakali mutaxassis boʻlib yetishaman, albatta.


Universitetning klinikasida talabalar nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllash imkoniga ega. Klinika bosh vrachi Surayyo Hamroyeva taʼkidlaganidek, Buxoroda birinchi boʻlib, mazkur goʻsha eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlangan. Har kuni 70 – 80 nafar bemorga xizmat koʻrsatilyapti.
Aytmoqchi, 2024-2025-oʻquv yilida “Zarmed” universitetining Samarqand shahridagi kampusi ham ishga tushirildi. Ushbu ikki hududdagi oliygohlar bakalavr, magistratura hamda klinik ordinatura bosqichlarida jami 9500 dan ziyod talabalarga 5 ta yoʻnalish hamda qariyb 30 ta mutaxassislik boʻyicha kunduzgi va sirtqi shakllarda taʼlim berib kelinmoqda.
– Mazkur loyihalarni tadbiq etishda Oʻzsanoatqurilishbankning moliyaviy madadi katta boʻldi, – deydi “Zarmed” universiteti bosh direktorining moliya, marketing va matbuot xizmati masalalari boʻyicha oʻrinbosari Amirxon Dalerov. – Xususan, bank tomonidan Buxoro shahridagi universitet faoliyatini kengaytirish hamda Samarqand kampusini barpo etishga 500 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit ajratildi. Natijada, 485 ta doimiy ish oʻrni yaratildi.
Jurnalistlar yaqin istiqboldagi rejalar bilan ham qiziqishdi. Maʼlum boʻlishicha, “Zarmed” texnikumini ishga tushirish, “Zarmed pratiksha hospital group” klinikasi hamda “Zarmed” universitetlari geografiyasini yanada kengaytirish koʻzda tutilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring