Termizda qurilish kompaniyasi 219 tup daraxtni noqonuniy kesib tashladi

12:39 30 Iyun 2025 Jamiyat
168 0

Illyustrativ foto

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida 219 tup daraxt noqonuniy tarzda kesib tashlangani maʼlum boʻldi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar qildi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Termiz shahridagi archazor maydon yoʻq qilinayotgani haqida tarqalgan edi. Ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi, viloyat Prokuraturasi hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻrganish ishlari olib borilgan.

Aniqlanishicha, mazkur hududda koʻp qavatli turar-joy majmuasi qurilishi dastlab “Gigant Tosh Qurilish” MCHJ, keyinchalik esa ushbu obyektni meros qilib olgan “Developments Rest” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

Qurilish uchun ajratilgan Termiz shahri “Doʻstlik” mahallasidagi yer maydonida 356 tup daraxt mavjud boʻlib, ular 2025-yil mart oyida viloyat ekologiya boshqarmasi mutaxassislari tomonidan rasmiy xatlovdan oʻtkazilgan. Qurilish ishlari boshlanishidan avval jamoatchilik eshituvlari ham tashkil etilgan, mavjud daraxtlarni koʻchirib oʻtkazish rejalashtirilgan edi. Mazkur MCHJ daraxtlarni koʻchirib oʻtqazishga yuborgan soʻroviga viloyat Ekologiya boshqarmasi daraxt koʻchirib oʻtqazish mavsumi emasligi sababli rad javobini bergan.

Biroq, belgilangan tartib va hujjatlarsiz, iyun oyida hududdagi 219 tup daraxt, jumladan eldor qaragʻayi, vergin archasi, sharq biotasi, chinor va boshqa navlar noqonuniy tarzda kesib tashlangani aniqlangan.

Ushbu vaziyatda “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunning 21 (oʻsimlik dunyosi oʻsadigan muhitni muhofaza qilish) va 37-moddalari (daraxt va butlarni kesish), shuningdek prezidentning 2021-yil 30-dekabrdagi PF-46-sonli farmoni talablari buzilgan.

Hozirda holat boʻyicha barcha tegishli hujjatlar viloyat prokuraturasiga huquqiy baho berish uchun taqdim etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер