Termizda kurash bo‘yicha xalqaro turnirning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

21:12 10 Aprel 2021 Sport
3552 0

Foto: Hasan Paydoyev ("Xalq so'zi")

Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha Al-Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan an'anaviy XV xalqaro turnirning tantanli ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 - yil 4 - noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan bu yil ushbu xalqaro turnir o‘n beshinchi marotaba tashkil etildi.

Chorlov sadolarisi ostida maydonga sport delegasiyalar o‘z bayroqlari bilan kirib kelishdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan o‘n uchinchi xalqaro turnir musobalari ochiq, deb e'lon qilindi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Xalqaro kurash assosiasiyasi prezidenti Haydar Farmon,  Surxondaryo viloyati hokimi T. Bobolov nufuzli musobaqa qatnashchilari va kurash ishqibozlarini qizqin qutlashdi. Ko‘p yillik tarixga ega o‘zbek kurashi  hozirda dunyo sporti sifatida o‘z e'tirofini topgani hamda yer kurrasi bo‘ylab keng ommalashayotgani mamnuniyat bilan ta'kidlandi.


Qayd etildiki, ayni paytda Osiyo, Yevropa, Panamerika, Afrika va Okeaniya kurash konfederatsiyasi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularga 120 dan ortiq davlat a'zo. Mazkur sport turi bo‘yicha jahon va qit'a chempionatlari, xalqaro turnirlar yuqori saviyada tashkil etib kelinayapti. Jahon arenalarida “halol”, “chala”, “yonbosh”, “g‘irrom”, “dakki” kabi sof o‘zbekcha so‘zlar jaranglayotgani biz uchun chinakam faxrdir.

1998 yil 6 sentyabrda ta'sis etilgan Kurash xalqaro assosiasiyasi hozirda sayyoramizning beshta qit'asidagi 129 ta milliy federatsiyani birlashtirgan.

2017 yil Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida “Kurash” milliy sport turi tarixda ilk bor XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritildi. O‘zbek kurashini 2028 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish bo‘yicha amaliy harakatlar olib borilmoqda.

Mamlakatimiz va dunyoda kurashning keng ommalashishida 1993 yildan buyon har ikki yilda o‘tkazilib kelinayotgan al-Hakim at-Termiziy xotira turnirning ham alohida o‘rni bor. O‘tgan yillar davomida ushbu turnir musobaqalari dunyo polvonlarini bir davrada jamlash bilan birga yosh, umidli polvonlar mahoratini oshirish, ularni yangi marralar sari safarbar etishda muhim ahamiyat kasb etdi.


Sport – do‘stlik, birdamlik ramzi. U xalqlarni, dillarni birlashtiradi. Kishilarda ma'anaviy-ahloqiy sifatlarni shakllantiradi. Halollik, raqibga hurmat, do‘stona munosabatni o‘zida mujassamlashtirgan kurashga sayyoramizning turli qit'alarida sportsevarlarning qiziqishi ortayotganining boisi ham shunda.

Xalqaro rasmiy ochilish marosimidan so‘ng, san'at ustalari va yosh havaskor ijrochilari, fol'klor jamoalar ishtirokida namoyish etilgan konsert dasturi xorijlik mehmonlar , shuningdek, Surxondaryo viloyatining olis va yaqin hududlari, respublikamiz viloyatlari, hattoki qo‘shni davlatlardan kelgan kurash ishqibozlariga bayramona ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Aytish joizki, mazkur turnirda erkaklar -60, -66, -73, -81, -90 kilogarmm hamda mutlaq, ayollar esa -48, -57, -63, -70, +70 kilogaramm vazn toifasida o‘zaro bellashadi.

Al-Hakim at-Termiziy xalqaro turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Har bir vazn toifasida g‘oliblarga 3 ming AQSh dollari, ikkinchi o‘rinni egallagan sportchilarga 2 ming AQSh dollari, uchinchi o‘rin sohiblariga esa 1 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofotlari beriladi.

Mutlaq vaznda g‘olib bo‘lgan polvon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10 ming AQSh dollariga sazovor bo‘ladi. Ikkinchi o‘rin sohibi 5 ming, ikkita uchinchi o‘rindan joy olgan polvonlar 3 ming 500 AQSh dollaridan mukofotlanadi.  

Ilhom Rahmatov, Hasan Paydoev (Suratlar) “Xalq so‘z” muxbirlari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер