Temir yoʻl kesishmasidagi tirbandlik qachon barham topadi?
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Bulungʻur tumani markazidan oʻtuvchi avtomobil yoʻli bilan temir yoʻl kesishmasidagi tirbandliklar koʻp yillardan buyon aholi hamda haydovchilarni qiynab kelayotgan muammolardan biri edi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda poyezdlar qatnovining koʻpayganligi kutish vaqtini yanada uzaytirdi. Bu esa tez tibbiy yordam, yongʻin oʻchirish mashinalari kabi maxsus transport vositalarining manzilga oʻz vaqtida yetib borishiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgandi.
Nihoyat bu kesishmada tonnel qurilishiga kirishildi. Loyihaning umumiy qiymati 80 milliard soʻmdan ortiq boʻlib, bunda temir yoʻl oʻtkazgichining uzunligi 34,4 metr, kengligi 20,48 metr, temir yoʻl osti balandligi 5,5 metrni, tirkama devorlar uzunligi esa 880 metrni tashkil etadi.
Ayni kunlarda mazkur obyektda 40 nafardan ortiq mutaxassislar, 15 ga yaqin transport vositalari jalb etilgan holda bunyodlik ishlari olib borilmoqda.
— Hozirga qadar 70 foizga yaqin ishlar bajarib boʻlindi, — deydi ish yurituvchi Bobur Asrorov. — Qurilishda ishlatilayotgan xomashyo asosan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan. Obyekt bitgach bir sutkada 7 mingta avtomobilni oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻladi.
Ushbu loyiha doirasida uzunligi 1 570 metr avtomobil yoʻli ham qurilmoqda. Uning umumiy kengligi 16,55 metrni tashkil etadi. Yoʻl avtomobil qatnov qismi, xavfsizlik tasmasi, suv qochirish tizimi, velosiped hamda piyodalar yoʻlaklari kabi tarkibiy qismlardan iborat boʻladi. Bunda avtomobillar qatnovi uchun oʻng va chap tomonlarning har biriga 3,75 metrdan yoʻl qilinishi koʻzda tutilgan.
— Keyingi paytda avtomobillar soni koʻpayib ketdi. Qolaversa, ushbu avtomobil yoʻli hamda temir yoʻl kesishmasining ikki tomonda ham ishlab chiqarish korxonalari bor, aholi koʻp, — deydi mehnat faxriysi Nuriddin Xudoyorov. — Natijada bu yerda soatlab kutib qolishiga toʻgʻri kelardi. Mana endi zamonaviy yoʻl oʻtkazgich qurilyapti. Kelgusida bu katta qulaylik yaratadi. Odamlarning vaqti tejaladi, uzogʻi yaqin, ogʻiri yengil boʻladi. Bundan behad mamnunmiz.
Xullas, ushbu obyekt hududda transport harakatida oʻziga xos yechim vazifasini oʻtashi bilan birga, tumanning zamonaviy qiyofasini yaratishga ham asos boʻlmoqda. Tonnel qurilishi joriy yilda yakunlanib, foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring