TASS: “Toshkent-66“ filmi ishlanadi

11:45 02 Oktyabr 2019 Madaniyat
1309 0

Moskvada “Oʻzbek kinosi kunlari” boshlandi. Bu haqda TASS xabar berdi. Besh kun ichida tomoshabinlarga oʻzbekistonlik rejissyorlar tomonidan ishlab chiqarilgan 10 ta badiiy va uchta hujjatli film namoyish etiladi. Ochilish marosimi seshanba kuni Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasida boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadovning taʼkidlashicha, taqdim etilayotgan filmlar rossiyalik tomoshabinlarga oʻzbek kinosi tarixi va bugungi holati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

“Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligining yuqori darajadagi rivojlanishini qayd etish mamnuniyat bagʻishlaydi, buni koʻp qirrali hamkorlik deb taʼriflash mumkin, hamkorlikning asosini rahbarlarimizning doʻstona va oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlari tashkil etadi“, deydi Asadov.

Botirjon Asadov Rossiya Madaniyat vazirligiga festivalni oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Oʻz navbatida, Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy Oʻzbekiston madaniyatini sevishini va qadrlashini taʼkidladi. Unga koʻra, ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy hamkorlikni kinolarsiz tasavvur etib boʻlmaydi.

“Tadbirning eng asosiy natijasi qoʻshma filmlar ishlab chiqarilishi boʻladi. Sifatli filmlarni birgalikda yaratish kerak“, deydi Medinskiy.

“Toshkent-66“ filmi ishlanadi

Rossiya va Oʻzbekiston vakillari kinematografiya sohasida beshta hamkorlik memorandumini imzoladilar. Xususan, “Mars Media“ kino kompaniyasi rahbari Ruben Dishdishyan va “Oʻzbekkino“ milliy agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov “Toshkent-66“ filmining suratga olish jarayonini Oʻzbekistonda tashkil etish toʻgʻrisida kelishib olishdi. Shuningdek, “Megogo” va “Oʻzbekkino“ Milliy agentligi oʻrtasida “Xoʻja Nasriddin“ filmini ishlab chiqarish toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Rejissyor Yusuf Roziqov TASS agentligiga bergan intervyusida, rejissyor va ssenarist Rauf Kubayev bilan “Toshkent-66“ filmiga ssenariy yozishni boshlamoqchi ekanliklarini aytdi. Kinokartina drama janrida suratga olinadi.

“Biz yoshligimiz, hatto bolaligimizga bagʻishlangan filmni suratga olishni xohlaymiz. Toshkentda dahshatli zilzila boʻlgan paytlar bizning yoshlik paytlarimizga toʻgʻri kelgan. Biz tabiiy ofat haqida emas, balki sodir boʻlgan voqealar va hayotimizda qanday oʻzgarishlar boʻlganini eslash niyatidamiz“ , deydi Roziqov.

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Firdavs Abduxoliqov loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini va “Oʻzbekkino” ikki mamlakatning kinematografik rejalarini amalga oshirishga har tomonlama hissa qoʻshishini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер